Maishiy chiqindidan yiliga 240 million kVt elektr energiyasi ishlab chiqariladi

Samarqandda qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish zavodi qurilishi boshlangan edi.
Ushbu loyihaga Xitoyning "Shanghai SUS Environment" kompaniyasi tomonidan investitsiya kiritilgan.
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyevning "Shanghai SUS Environment" kompaniyasi direktori Ju Syaopin boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuvida loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Dastlab Ju Syaopin hozirga qadar kompaniya tomonidan dunyo bo‘yicha 84 ta chiqindilarni energiyaga aylantirish loyihasiga investitsiya kiritilganini, ularda yillik 10 million tonna maishiy chiqindilar qayta ishlanayotganini bildirdi.
Samarqandda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida 15 gektar maydonda kuniga 1500 tonna chiqindini termik qayta ishlash va yiliga 240 million kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod qurilmoqda.
Uchrashuvda xitoylik investorlar ushbu zavodga elektr energiyasi va ichimlik suvi tarmog‘i tortilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘radi.
Shundan so‘ng Adiz Boboyev tegishli mas’ullar bilan birgalikda Samarqand shahrining Navro‘z mahallasi hududidagi chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish zavodi qurilish maydoniga bordi.
Shu yerning o‘zida ushbu zavodga elektr energiyasi va ichimlik suvi tarmoqlarini tortish masalasi tezkor hal qilindi.
Viloyat rahbari loyihaning hudud uchun ahamiyatini hisobga olgan holda uni amalga oshirish sur’atlarini jadallashtirish zarurligini alohida ta’kidladi.