Majburiy ijro byurosi: 19 nafar xodimga nisbatan noqonuniy xatti-harakati uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Joriy yilning 17 sentyabr kuni Zarnews.uz saytida (Davletovuz) “Xalqni aybdor qilish oson. Lekin fuqaroning huquqini buzgan MIB xodimi haqida nega aytilmayapti?” sarlavhasi bilan e’lon qilingan maqolaga izoh.
Sentyabr oyida Bosh prokuratura tomonidan Byuro xodimlariga nisbatan qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq 3 marta xabar berildi. Ammo Byuro xodimining fuqarolar huquqini buzgani haqida axborot berilmagani rost.
Muqaddam ham ijtimoiy tarmoqlarda Maburiy ijro byurosi faoliyatidan aholi norozi bo‘layotgani uchun uni tugatish, Bosh prokuratura tasarrufidan chiqarib, boshqa vazirlik yoki idora tarkibiga qo‘shish haqida fikrlar oldinga surilgandi.
Aytish joiz, aynan davlatimiz rahbari tomonidan ta’minotchi korxonalarning kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni undirishda yetarli chora ko‘rmayotgani, iste’molchilarning shartnoma majburiyatlariga rioya etishi lozim darajada ta’minlanmayotgani, iste’mol qilingan energiya resurslari uchun to‘lovlar muntazam ravishda amalga oshirilmayotgani, shuningdek, Adliya vazirligi huzuridagi sobiq Sud departamenti faoliyatidagi jiddiy kamchiliklar tanqid qilindi. Ushbu sohada to‘lov intizomini mustahkamlash, javobgarlikni kuchaytirish, ijro ishi yuritishning samaradorligini tubdan oshirish maqsadida Bosh prokuratura huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil qilindi.
Majburiy ijro byurosi - O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi maxsus vakolatga ega huquqni muhofaza qilish organi hisoblanib quyidagi:
- sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash, ijro hujjatlari bo‘yicha undirilgan mablag‘larning haqqoniy hisobini yuritish va turli sansalorlik va suiiste’molchilik holatlarining oldini olish;
- energiya resurslari, suv ta’minoti sohasida hamda qattiq maishiy chiqindilar uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini, iste’molchilarning qarzdorligi kamaytirilishini ta’minlash, tarmoqlarga noqonuniy ulanish, talon-toroj holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olish kabi vazifalarni amalga oshiradi.
Bugun Byuro organlarining yuklatilgan ushbu vazifalarga mas’uliyat bilan yondashishi sud va boshqa organlar qarorlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlashda, energiya resurslari bo‘yicha qarzdorliklarni undirishda samarali natija bermoqda.
Shu bois Prezidentimizning farmoni asosida qo‘shimcha vazifa sifatida suv ta’minotidagi to‘lovlarni amalga oshirish va noqonuniy holatlarni bartaraf etish, maishiy chiqindi sohasida to‘lovlarni o‘z vaqtida, to‘liq undirish kabi qo‘shimcha vazifalar ham Byuroga yuklatildi.
Byuro organlari tashkil etilganidan buyon hozirga qadar energiya resurslari, suv iste’moli va qattiq maishiy chiqindilar bo‘yicha iste’molchilardan 62,6 trillion so‘m undirildi. Bu ko‘rsatkich Byuro tashkil etilmasdan oldingi ko‘rsatkichga nisbatan 250 foizga ko‘p degani.
Sud qarorlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash borasida 36 trillion so‘mga yaqin undiruv amalga oshirildi. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Byuro davrida undiruv samarasi 51 foizga o‘sgan. Demak, undirish dinamikasi yildan-yilga o‘sib bormoqda va ish hajmi ham shunga yarasha bo‘lyapti.
Huquqbuzarliklarni fosh etish bo‘yicha energiya resurslari va suv ta’minotidan noqonuniy foydalanish holatlari bo‘yicha 1 trillion 135 milliard so‘mlik zarar yetkazganlik aniqlanib, 880 dan ziyod iste’molchilarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
To‘lov intizomi ko‘p jihatdan iste’molchilarning to‘lov madaniyatiga bevosita bog‘liq. Biroq xizmat vazifalarini bajarish davrida Byuro xodimlariga qarshilik ko‘rsatish holatlari ham uchramoqda. Birgina, 2019 yilning o‘tgan davrida Byuro xodimlariga nisbatan 90 ta qarshilik holatlari aniqlanib, aybdorlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rildi. Buning oqibatida Byuro xodimlarining 4 nafari o‘z vazifasini bajarish vaqtida vafot etdi, 150 nafardan ortiq xodimlarga turli darajada tan jarohati yetkazildi.
Byuro organlari xizmat vazifasini suiiste’mol qilgan yoki “Byuro xodimi”, degan nomga dog‘ tushirayotgan har bir xodimga murosasiz munosabatda bo‘lmoqda. O‘tgan davrda Byuroning 19 nafar xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Byuroning har bir xodimi ishiga munosib baho bergan holda nojo‘ya xatti-harakat sodir etgan xodimlarga nisbatan qat’iy chora ko‘rilmoqda.