Majburiy ijro byurosi: nima o‘zgardi, qanday yangiliklar bor?
Mazkur tuzilma doimo jamoatchilik e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Kommunal sohadagi muammolarga yechim topish maqsadida tashkil etilgan tizim faoliyatida keyingi vaqtda bir qator o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bular nimalardan iborat va tizimda yana qanday yangiliklar kutilmoqda?
Vazifa va vakolatlar qisqardi
Prezidentimizning joriy yil 18 iyundagi "Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining bir qator vazifa va vakolatlari tegishli vazirlik va tashkilotlarga olib berildi.
Joriy yil 1 avgustdan elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molini nazorat qilish va hisobga olishning zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimi, shuningdek, muqobil energiya manbalari joriy etilishini tashkil etish va ushbu jarayonlar ustidan monitoring o‘tkazishga doir vazifa va vakolatlar Energetika vazirligiga o‘tkazildi.
Elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini ta’minlash, iste’molchilarning qarzdorligini kamaytirish, shuningdek, elektr energiyasi, tabiiy gaz sotuvi va iste’molini hisobga olish "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ va "Hududgazta’minot" AJning hududiy tashkilotlariga berildi.
Shuningdek, elektr va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, talon-toroj holatlarini aniqlash, bartaraf etish, oldini olishga doir vakolatlar yuqoridagi ikki tashkilot hamda tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘tkazildi.
Shuningdek, energiya resurslari uchun hisob-kitob qilinishini ta’minlash tizimini kompleks tahlil qilish, tizimli muammolarni aniqlash, takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish bilan endilikda energetika vazirligi shug‘ullanadi.
Vazifalar nimalardan iborat?
O‘zgartishlardan so‘ng byuro endilikda sud va boshqa organ hujjatlarining ijrosini ta’minlash vazifa-funksiyalarini bajaryapti. Ya’ni, amalda odil sudlovni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
- Faoliyatni tartibga solish va samaradorligini oshirishda davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 24 noyabrda imzolangan «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon muhim ahamiyatga ega, - deydi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi axborot xizmati rahbari Do‘stbek Sulaymonov. - Farmonga asosan joriy yil 1 dekabrdan jinoyat natijasida davlatga yetkazilgan zarar, davlat bojlari, jinoiy va ma’muriy jarimalar, davlat foydasiga boshqa turdagi undiruvlar hamda davlat daromadiga o‘tkaziladigan olib qo‘yilgan mol-mulkni sotishga oid ijro hujjatlari bo‘yicha sotilgan mol-mulklarning mablag‘lari alohida g‘aznachilik hisob-raqami bilan proporsional tartibda teng ravishda «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishi belgilandi.
Bundan tashqari, tuman va shaharlarda hududiy kengashlar tashkil etildi. Kengashlar joylardagi majburiy ijro harakatlarida yuzaga kelayotgan muammolarning sabab va shart-sharoitlarini o‘rganib, bartaraf etish choralarini ko‘radi.
Yana bir yangilik shuki, 2021 yil 1 yanvardan boshlab byuroning hududiy boshqarmalari, tuman va shahar bo‘limlari boshliqlari o‘z faoliyati to‘g‘risida tegishli xalq deputatlari Kengashlariga har yarim yilda hisobot taqdim etib boradi.
Vazifa kasbiy ko‘nikmaga mos bo‘ladi
- MIB davlat ijrochilarining ish hajmi yuqoriligi bois ijro ishlari bir tekisda olib borilmasligi ko‘pchilikka ayon, - deydi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Alisher Zokirov. – Davlatimiz rahbarining farmonidan kelib chiqib byuro organlari ish yurituvidagi ijro hujjatlarining toifalangan va taalluqliligi ham belgilandi.
Xususan, byuroning markaziy apparati mas’ul xodimlari - bazaviy hisoblash miqdorining 100 000 baravari va undan ortiq summani undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari, xalqaro toifadagi ishlar hamda alohida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ijro hujjatlari bo‘yicha ish olib boradi.
Hududiy boshqarmalar - bazaviy hisoblash miqdorining 50 000 baravaridan 100 000 baravarigacha, tuman-shahar bo‘limlari esa, o‘z navbatida, 50 000 baravargacha bo‘lgan miqdordagi ishlar bilan shug‘ullanadi.
Bu esa endilikda ijro ishlarining aniq va belgilangan me’yorlarga ko‘ra, yosh mutaxassislar va tajribali xodimlarga kasbiy ko‘nikmasiga asosan ish olib borishiga zamin yaratadi.
Nimalar o‘zgaradi?
2021 yil 1 martdan boshlab aliment pullarini hisoblash va to‘lash ustidan avtomatlashtirilgan nazorat tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Yangi tizim joriy etilishi natijasida aliment to‘lovi undiruvchilarga o‘z vaqtida, tezkor ravishda yetkazilishi ta’minlanadi. Mazkur tizimni ishga tushirish orqali MIB xodimlari va fuqarolarning aliment to‘lovlarini to‘lash va undirishdagi ortiqcha ovoragarchiliklariga barham beriladi.
Negaki, bazada barcha tashkilotlar bilan integratsiya yo‘lga qo‘yilib, har bir aliment to‘lovchi o‘z majburiyatlarini qay darajada bajarayotgani, daromadi, qarzi qanchaligini dastur ijrochiga ma’lum qilib turadi.
Undiruvchilar nomiga ochilgan bank plastik kartochkalari aliment to‘lovlari haqida shaffof va ortiqcha ovoragarchiliksiz, qulay va masofadan turib bilish imkonini beradi.
Bundan tashqari, byuroda xatlangan mol-mulklar savdo tashkilotlarida saqlanadi va savdo yarmarkalariga olib chiqib sotilishi ham yo‘lga qo‘yilgan. Tovarlar ma’lum bir vaqt o‘z egasini topmasa, u belgilangan tartibda arzonlashtiriladi.
Yangicha tizimda tovar moddiy boyliklarning sotilishida aholiga yana ham qulaylik tug‘dirish uchun kelasi yil mart oyidan boshlab, xatlangan mol-mulklar shaffof va ochiq hamda qulay narxlarda sotilishining elektron tizimini joriy qilgan savdo tashkilotlarida sotilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Kengash ko‘maklashadi
Qayd etish lozimki, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini oshirish bo‘yicha hududiy kengashlarga bir qator vazifalar belgilangan.
Xususan, Kengashlar yordamga muhtoj va og‘ir ahvolga tushib qolgan qarzdorlarning manzilli ro‘yxatlarini tuzib, ular bilan yakka tartibda ishlash, jumladan ularga amaliy yordam ko‘rsatish va bandligini ta’minlashda ko‘maklashadi.
Shuningdek, ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulklarni sotish uchun tuman va shaharlardagi aholi gavjum bozorlar hamda savdo markazlarida yarmarkalar tashkil etadi.
Bundan tashqari, qarzdor - byudjet tashkilotlaridan pul mablag‘lari undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari bo‘yicha ularning mablag‘lari yetarli bo‘lmagan hollarda, qarzdorlikni mahalliy byudjet daromadlarining oshirib bajarilgan qismi hisobidan qoplash to‘g‘risida takliflar kiritish ham kengashlar vazifasi hisoblanadi.
Yo.MARQAYeV.