Maktablar bugun tayyor, qishga-chi?

Maktablarda bu yil pandemiya sabab yangi o‘quv yilini boshlash biroz ortga surildi. Avvaliga maktablarni an’anaviy tarzda boshlash uchun ota-onalar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘ngra joylardagi xalq deputatlari Kengashlari ruxsati bilan maktablar ochiladigan bo‘ldi. Maktablarning yangi o‘quv yiliga va kuz-qish mavsumiga tayyorgarligini o‘rganish maqsadida Samarqand tumanidagi ayrim maktablarda bo‘ldik.

Bugungi kunda tumanda 54 maktab bo‘lib, 19 tasida an’anaviy darslar boshlandi. Maktablarda hozircha 1-4-sinf o‘quvchilari o‘qitilyapti. Yuqori sinf o‘quvchilari bosqichma-bosqich an’anaviy darslarga qamrab olinadi.

- Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga darslar soat 8:00 da boshlanib, 11:30 da tugaydi, - deydi 33-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Mamlakat Ravshanova. – Sinf xonalar bir kunda 4 marta dizenfeksiya qilinadi. Tuman xalq ta’limi bo‘limi pirometr, antiseptik vositalar, kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun tibbiy niqoblar berdi.

Haqiqatan ham maktabda barcha shart-sharoitlar mavjud. Maktab homiylar yordamida ta’mirdan chiqqan. Boshlang‘ich, o‘rta va yuqori sinf o‘quvchilari alohida eshiklardan kirib chiqadi. Kirish joyida va har bir sinfda pirometr, antiseptik vositalari bor.

Bundan tashqari, o‘quvchilarning masofa saqlashi uchun har bir sinf o‘quvchilari ikkiga bo‘lib o‘qitilyapti. Boshlang‘ich sinflarda 611 nafar o‘quvchi bo‘lib, ularning 91 nafari onlayn tarzda, qolgani ota-onalar istagiga ko‘ra, an’anaviy darslarda qatnashyapti.

Tumandagi 37-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 780 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 846 nafar o‘quvchiga ega. Maktabda o‘zbek va tojik tilida saboq beriladi. Ushbu maktabda o‘quvchilarning masofa saqlashi uchun kirish yo‘lagidan 2 metrlik chiziqlar tortilgan, qo‘l yuvish uchun sharoit yaratilgan.

- Maktabda birinchi yordam ko‘rsatish uchun alohida izolyasiya xonasi tayyorladik, - deydi maktab direktori Musen Boltayev. – Agar o‘quvchining harorati yuqori bo‘lsa, ushbu xonada tibbiyot hamshirasi unga birinchi yordam ko‘rsatadi. So‘ngra bolaning ota-onasi va tez yordamni chaqiradi.

Hozircha maktabda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘qimoqda. Ular ham ikki sinfga bo‘linib, har bir partada 1 nafardan bola o‘tirib tahsil olmoqda.

An’anaviy darslarga ruxsat berilmagan maktablarni ham ko‘zdan kechirdik.

- Mahallamizda 6 nafar Covid-19 kasalligi bilan davolanayotgan bemor bor ekan, - deydi tumandagi 18-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Ashurboy Shomahmedov. – Shuning uchun maktabni 22 sentyabrdan ochishga ruxsat berishdi.

O‘rta Ohalik mahallasida joylashgan ushbu maktab tog‘ yon bag‘rida joylashgan bo‘lsa ham internet sifati yaxshi. O‘quvchilar istasa onlayn o‘qishi mumkin. Ta’lim dargohi homiylar yordami bilan ta’mirdan chiqarilgan, barcha shart-sharoit mavjud. Ochiq va yopiq stadioni bor.

289 o‘quvchiga ega 32-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘tgan yili kapital ta’mirlangan. Ta’lim olish uchun shart-sharoitlar yetarli. Biroq, sport zal ham, sport maydoni ham yo‘q.

- Nasib bo‘lsa, ertadan maktabimiz ochiladi, hozircha 1-8-sinf o‘quvchilari an’anaviy darslarga keladi, - deydi maktab direktori Alisher Rustamov. – Darslar boshlang‘ich sinflar uchun soat 8:00 da, o‘rta sinflarda soat 8:30 da, yuqori sinflarda soat 9:00 da boshlanadi.

Ko‘mir berilmagan maktablar bor

Tuman maktablari o‘quv yiliga tayyor, ammo kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi sust. Masalan, 33-maktabga 10 tonna ko‘mir berilgan, aslida maktabni isitish uchun 95 tonna ko‘mir kerak. 37-maktabga 7 tonna ko‘mir berilgan, maktab direktorining aytishicha qishdan chiqish uchun 35 tonna ko‘mir kerak. 18 va 32-maktabga hali ko‘mir berilmagan, biriga 20 tonna, ikkinchisiga 17 tonna ko‘mir kerak.

Umuman, tuman xalq ta’limi bo‘limi 34 ta maktab uchun 810 tonna ko‘mir va 615 tonna briket olishi rejalashtirilgan. Qolgan maktablar tabiiy gaz bilan isitiladi. Bugungi kunga qadar rejadagi ko‘mirning atigi 138 tonnasi maktablarga tarqatilgan, xolos. Pandemiya maktabdagi darslarni kechiktirgani rost, ammo qish mavsumi uchun g‘amlanadigan yonilg‘i kechikmasligi lozim.

Xurshida ERNAZAROVA.