Maktablarda elektron kundalik uchun pullik obuna 30 noyabrdan boshlanadi
Xalq ta’limi vazirligi elektron Kundalik platformasi bilan ishlash uchun ajratilgan sinov muddati tugaganini ma’lum qildi. Endi elektron kundalik platformasining boshqa funksiyalaridan foydalanish uchun obuna bo‘lish lozim bo‘ladi.
Elektron Kundalik platformasiga obuna narxi qog‘oz kundalikning o‘rtacha narxiga teng — 9 200 so‘m. Uch va undan ortiq farzandi bor oilalar uchun 10 foizlik chegirma mavjud.
Ushbu miqdorni to‘lab, ota-ona va o‘quvchining istagan boshqa yaqin qarindoshlari bir kalendar yili davomida bolaning maktab hayotini kuzatish imkoniga ega bo‘ladi.
Elektron to‘lovning ikki yo‘li mavjud: plastik karta hamda CLICK to‘lov tizimi orqali. Elektron kundalik uchun to‘lovni amalga oshirish yo‘riqnomasi bilan bu yerda tanishish mumkin.
Kundalik obunasi uchun to‘lovni 30 noyabrdan e’tiboran amalga oshirish lozim.
Vazirlikning ta’kidlashicha, 23 noyabrdan sinov muddatining oxirgi 7 kuni boshlanadi. Ota-onalarga o‘zlarining profillaridan kirish va barcha farzandlarining kundaliklarini ko‘ra olishlarini tekshirishlari tavsiya etiladi.
Bunda elektron kundalik yordamida ota-onalar ishdan chalg‘imagan holda, masofadan turib, farzandlarining barcha baholaridan, maktab hayotidan xabardor bo‘lishi, sinf rahbari va boshqa o‘qituvchilar bilan doimiy aloqada bo‘lib, bolada o‘quv jarayoni bilan bog‘liq qiyinchiliklarni o‘z vaqtida yengishga yordam berishi mumkin bo‘ladi.
Avvalroq, 2020/2021 o‘quv yili boshlanishidan oldin Xalq ta’limi vazirligi Kundalik tizimiga ulangan maktab o‘quvchilarining ota-onalariga qog‘oz kundalik sotib olmasliklari, uning o‘rniga elektron muqobiliga obuna bo‘lish lozimligini ma’lum qilgan edi.