Samarqandda 1700 nafardan ortiq o‘qituvchi elektron jurnal bilan ishlash bo‘yicha malaka oshiradi

Samarqand shahridagi maktablarda kundalik tizimi joriy etilmoqda. 1700 dan ortiq o‘qituvchilar seminarlar doirasida elektron jurnal bilan ishlashga o‘rgatiladi.

Samarqand shahridagi 55-maktabda kuniga oltita seminar bo‘lib o‘tmoqda.

- O‘qituvchilar bilan mashg‘ulotlar tarkibi tizimning imkoniyatlariga yo‘naltirilgan, aksariyat vaqt amaliy vazifalarni bajarishga ajratilgan. Bunday o‘quv jarayonlarining asosiy vazifasi o‘qituvchilarga qanday qilib Kundalik yordamida hujjatlarni qisqartirish, ish jarayonini soddalashtirish mumkinligini ko‘rsatishdir, - deydi kundalik metodisti Gulnora Ismoilova.

Sinfxonada o‘qituvchi login parolni oladi va tizimda to‘liq ishlaydi. Ish jarayonida qiyinchiliklarga duch kelgan o‘qituvchilar 17:00 dan 19:00 gacha qo‘shimcha maslahat olish uchun kundalik metodistlariga murojaat qilishlari mumkin.

- Aksariyat o‘qituvchilar uchun belgilangan ish oqimiga texnologiyani kiritish katta qiyinchilik tug‘diradi, - deydi Samarqand shahridagi 55-umumiy o‘rta ta’lim maktabining informatika fani o‘qituvchisi Gulshan Qobilova. - Kundalikning o‘qituvchilarga qanday ko‘mak berishi to‘g‘risida batafsilroq bilib, hayron qoldim. Chunki elektron jurnal bilan ishlay olmasligimdan xavotirlangan edim. Ammo tizimning funksional imkoniyatlarini ko‘rib chiqib, kundalikdagi hamma narsa o‘qituvchining ishini yengillashtiradigan tarzda joylashtirilganligini angladim. Seminar davomida ishning asosiy tamoyillarini puxta o‘zlashtirdim va tezda elektron jurnalni o‘zim to‘ldirdim.

Davlat ta’lim muassasalari bilan bir qatorda “Redbridge International School” hamda “Istiqbolli ta’lim” kabi xususiy maktablarning pedagogik tarkibi va rahbariyati raqamli ta’lim platformasi bilan ishlashni o‘rganmoqda.

Kundalik kompaniyasi metodistlari, shuningdek, boshlang‘ich sinf ota-onalar qo‘mitasi raislari uchun yig‘ilishlar o‘tkazildi. Ota-onalarga elektron kundalikning imkoniyatlari va funsiyalari ma’qul keldi. Ko‘pchilik yillik 9200 so‘m evaziga ko‘plab qo‘shimcha afzalliklar ta’minlanishini ta’kidladi. Jumladan, ta’lim berishni ishonchli nazorat qilish, o‘qish va maktabdagi barcha masalalarni masofadan turib hal qilish imkoniyati yaratildi.