O‘qituvchilar “Kundalik.com” muhokamasida: Avval qishloqlarda svet va internet masalasi hal etilish kerak edi
Joriy yil gazetamizning 20 dekabr 150-sonida va zarnews.uz telegram kanalimizda “Kundalik.com” qulaymi yoki sinf jurnali?” sarlavhali maqola e’lon qilingan edi. Obunachilar qoldirgan izohlarga ko‘ra, bu tizim o‘zini oqlamayotganligi aytilgan. Ushbu izohlarni e’tiboringizga havola qilamiz.
“Bolalar bahoga qiziqib o‘qishadi. “Kundalik.com”da har kim ham baholarini ko‘rolmaydi. Tizim tez-tez ishlamay qoladi. Finlandiya ta’limini o‘zlashtiramiz deyishyapti, lekin unga yetish uchun barcha sharoit yetarli bo‘lishi kerak. Farzandlarimiz umuman o‘qishga qiziqmay qo‘ydi. Bola qo‘rqsa hurmat qiladi. Ta’limda kaltaklash mumkinmas, deb rosa bolalar tarbiyasiz bo‘lib ketyapti. Men “Kundalik.com”ni ham, bu tizimini ham qoralayman”.
“Men o‘zim o‘qituvchiman va maktabda “Kundalik.com” admini. Hali beri “Kundalik.com”ni tushunmaydigan o‘qituvchilar topiladi. Ota onalarku endi cheksiz. Haqiqatda bu tizim uchun hali bizga 10 yil bor edi. O‘qituvchining asosiy ishi dars berish emas “Kundalik.com”ni to‘g‘ri yuritish bo‘lib qoldi”.
““Kundalik.com”ga hamma maktablarni o‘tkazishga hali erta davlatimiz va xalqimiz tayyor emas. Hammada ham internetda ishlaydigan telefon yo‘q. Qishloq hududlarida internet past yoki umuman ishlamaydi. O‘qituvchilar dars vaqtida internet past bo‘lganligi sababli asosiy vaqtini “Kundalik.com”ni to‘ldirish bilan ovora. “Kundalik.com”ni foizini ko‘tarish uchun ota-ona o‘rniga ham o‘qituvchilar kiryapti. Kuniga dars vaqti 4-5 soatlab svet o‘chyapti. Shularni hisobga olib, “Kundalik.com” tizimiga internet yaxshi ishlaydigan joylarni bosqichma-bosqich o‘tkazish va maktablarni uzliksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash kerak”.
“Sinf jurnali har tomonlama qulay, o‘qituvchilar boshini telefondan ko‘tarilmay qoldi, sog‘ligiga ham yomon. Buning ustiga hamma ota-onalar ham “Kundalik.com”ni tushunadilar deb o‘ylamayman. Yaxshisi, sinf jurnali va kundalik daftari tutish. Yoshligimizda kundaliklarimizni ota-onalarimiz tekshirib borishardi. Hozirgi bolalarni baholarini hech kim ko‘rmayapti”....
Izoh qoldirganlarning aksariyati o‘qituvchi yoki ota-onalar. Bundan ko‘rinadiki, haqiqatan ham maktablarda yo‘lga qo‘yilgan yangicha baholash tizimi - “Kundalik.com” o‘zini oqlamayapti va buni ko‘pchilik tushungan ham emas. Qolavayersa, platformani yuritish uchun aksariyat hududlarda sharoit yo‘q. Bu borada xalq ta’limi tizimi mutasaddilari nima deydi?