Maktablarda kasb-hunar to‘garaklari ochilganmi?

Davlatimiz rahbari 2023 yilning 24 avgustda viloyatimizga tashrifi chog‘ida Oqdaryo tumanidagi 32-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan kasb-hunar to‘garaklarini ko‘zdan kechirib, viloyatdagi har bir tumanda 10 tadan maktabda bu tizimni joriy qilish, qolgan viloyat hokimlariga yil yakunigacha har bir tumanda kamida ikkitadan maktabda ushbu tajribani yo‘lga qo‘yish topshirig‘ini bergan edi.

Prezidentining 2024 yil 2 fevralda “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini xorijiy til va zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ham yuqori sinf o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘qitish uchun maktablarda ustaxonalar tashkil etish belgilangan. Xo‘sh, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida kasb-hunar o‘rgatish ustaxonalari ochildimi, o‘quvchilar kasb-hunarga o‘qitilyaptimi? Bulung‘ur tumani misolida ushbu savollarga javob izladik.

Tumanda 70 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi bo‘lib, Prezident topshirig‘i va mazkur qaror ijrosi bo‘yicha maqtanarli hech qanday ish qilinmagan. Faqat 2024-2025 o‘quv yilining boshida oltita maktab kasb-hunar o‘rgatishga tanlab olingan. Ammo tuman hokimligi tomonidan kasb-hunar ustaxonalari uchun mablag‘ ajratilmagan. Maktab direktorlari tadbirkor topib, kasb-hunar to‘garaklari ochgan. Ushbu maktablarning har birida bo‘lib, bugungi holat bilan tanishdik.

Tumandagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabida erkaklar va ayollar sartaroshxonasi uchun xonalar ajratilib, viloyat mahalliy byudjeti hisobidan sartaroshxona jihozlari olib kelingan. Sentyabrdan buyon olib kelingan mazkur jihozlar hali o‘rnatilmagan va ishga tushirilmagan. Direktor o‘rinbosari Akmal Mamasoliyevning aytishicha, 52 nafar 11-sinf o‘quvchilari maktab yonida joylashgan tikuvchilik va sartaroshlik bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarga biriktirilgan. O‘quvchilar mazkur tadbirkorlardan kasb o‘rganyapti.

Tumandagi 36-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 10-sinflarga dasturchilik va tikuvchilik kasblari o‘rgatilyapti. Maktab o‘tgan yili Open budjet’dan maktab jihozlari sotib olish uchun 1 milliard so‘m yutib olib, ushbu mablag‘ evaziga 32 ta kompyuter, dazmol stol, tikuvchilik asbob-uskunalari va boshqa jihozlar sotib olgan. 10 ta tikuv mashinasi ham maktabniki bo‘lib, o‘quvchi-qizlarga kasb o‘rgatish uchun tikuvchi Muqaddas Usanova ishga olingan. Maktab direktori va jamoaning tashabbusi bilan shuncha ish bajarilgan bo‘lsa-da, tikuvchilikni o‘rgatish uchun tuman hokimligi tomonidan xomashyo yetkazib berilmagan. 

Tumandagi 70-maktab jamoasi 2023 yilning dekabrida Open budjet’dan maktabni jihozlash uchun 1 milliard 300 million so‘m yutib olib, 15 ta kompyuter, 20 ta noutbuk va boshqa buyumlar sotib olgan. Bu muassasada ham sharoitdan kelib chiqib dasturchilik va tikuvchilik to‘garaklari ochilgan. Tikuvchilikni o‘rgatishga taklif etilgan yakka tartibdagi tadbirkor Fotima Saidahmatova o‘zining 5 ta tikuv mashinasini maktabga olib kelgan. Maktabning yana 3 ta tikuv mashinasi bo‘lib, ular yordamida 10-sinf qizlariga tikuvchilik kasbi o‘rgatilyapti. Bu yerda maktabga ham tikuvchilik uchun hech qanday xomashyo berilmagan.

Shuningdek, 2-, 42-, 48-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ham dasturlash va tikuvchilik kasblari bo‘yicha to‘garaklar ochilgan. 2-maktab Open budjet’da ikki marta g‘olib bo‘lib, zamonaviy yozgi stadion, trenajyor buyumlari, 16 ta kompyuter, 6 ta tikuv mashinasi va boshqa jihozlarni sotib olgan. 42-maktab Open budjet’da g‘olib chiqib, 21 ta kompyuter va 10 ta tikuv mashinasi sotib olgan. Ammo Bulung‘ur tumanining sharoitidan kelib chiqib, maktablarda boshqa biror kasb-hunar to‘garagi ochilmagan. To‘g‘rirog‘i, rahbarlarning ushbu topshiriqqa mas’uliyatsizligi sabab shu paytgacha bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar vakolat doirasiga kirmasa-da, maktab direktorlari zimmasiga yuklatilgan.

Dasturlash kasbi bo‘yicha ayrim maktablar IT sohasi bo‘yicha mutaxassislarni 0,5 shtat asosida ishga olgan bo‘lsa, boshqalari informatika fani o‘qituvchisining darslari kamligi sabab bu ishni o‘qituvchiga yuklagan. Tikuvchilik kasbini o‘rgatish bo‘yicha maktablar asosan yakka tartibda faoliyat olib boradigan tikuvchilarni jalb qilgan. Biroq 5 oydan beri ularga tikish uchun xomashyo berilmagan.

Aslida yuqorida keltirilgan qarorga asosan, kasb-hunarga o‘qitishda talab etiladigan zarur xomashyo materiallarini xarid qilish mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan.

Bundan tashqari, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida qarorga asosan o‘quvchilarni ishchi kasblarga va axborot texnologiyalariga oid zamonaviy kasblarga o‘qitish amaliyoti bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilangan. Biz ko‘rgan maktablarda esa kasb-hunar ustaxonalari ochishga joy bor, ammo kasb o‘rgatish uchun biror tadbirkorni jalb qilishga sharoit qilinmagan. Mas’ullar ushbu masalaga sovuqqonlik bilan qaramasdan, kelajagimiz umidlari bo‘lgan yoshlarning kasb-hunar o‘rganishiga zarur shart-sharoit yaratadi, degan umiddamiz.

Xurshida Ernazarova.