Maktablarda to‘rtta fan o‘rniga yagona fan joriy qilinadi
Mamlakatimizdagi xalq ta’limi muassasalarida “Milliy g‘oya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuyg‘usi” kabi fanlarni birlashtirgan holda 2020/2021 o‘quv yilidan yagona “Tarbiya” fani bosqichma-bosqich joriy qilinadi. Bu haqda Yosh huquqshunoslar kengashining «Yuridik axborot» kanalida ma’lum qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2019 yil 23 avgust kuni ta’lim tizimiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bayonida aytilishicha, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda bu bo‘yicha amaliy choralar ko‘radi.
Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bir oy muddatda maktabda tarbiyaviy ishlarni tashkil etadigan yangi professional pedagoglar avlodini tayyorlash bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritadi.