Maktablarda to‘rtta fanni birlashtirgan holda bitta yangi fan o‘tiladi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Tarbiya” fanini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy qilish choralari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Odobnoma”, “Vatan tuyg‘usi”, “Milliy g‘oya va ma’naviyat asoslari” va “Dunyo dinlari tarixi” fanlarini birlashtirgan holda yagona “Tarbiya” fani 1-9 sinflarda 2020-2021 o‘quv yilidan, 10-11-sinflarida 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi:
- ikki oy muddatda “Tarbiya” fani bo‘yicha umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartini va o‘quv dasturlarini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
- 2020-2021 o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 1-9 sinflari uchun, 2021-2022 o‘quv yilida 10-11-sinflarga mo‘ljallangan “Tarbiya” fani darsliklari, multimedia ilovalari va o‘quv-metodik majmualarga buyurtmalarni shakllantiradi;
- 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab “Tarbiya” fani joriy etilishi munosabati bilan foydalanish muddati tugamagan darsliklar uchun amalga oshirilgan xarajatlarning qoplanishini inobatga olgan holda darslik to‘plamlarining ijara to‘lovi miqdorlarini qayta ko‘rib chiqadi.