“Malaka oshirganlarning 50 foizdan ortig‘i o‘qitish sifatidan norozi” — Prezident davlat xizmatchilarining malakasini oshirish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi

Davlat rahbari ishtirokidagi yig‘ilishda shu paytgacha davlat xizmatchilarining atigi 20 foizi malaka oshirgani, bu – rahbarlar kesimida 1 foizga, o‘rinbosarlar bo‘yicha esa 5 foizga ham yetmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, malaka oshirganlarning 50 foizdan ortig‘i o‘qitish sifatidan norozi. Bu borada tayanch muassasa bo‘lgan Davlat boshqaruvi akademiyasi eng ilg‘or xorijiy tajribalar asosida transformatsiya qilinadi.

Yig‘ilishda Prezident maslahatchisi Suma Chakrabarti videoaloqa orqali bu boradagi takliflarini bayon qildi.

Mutasaddilarga bir oy muddatda:

- xorijiy hamkorlar va nufuzli o‘quv markazlari bilan birga qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish;

- xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, yangi o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va yil yakuniga qadar 5 ming nafar davlat xizmatchisini o‘qitish topshirildi.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda vazirliklar tizimidagi 110 ta malaka oshirish markazi faoliyatini qayta ko‘rib chiqib, o‘qitish dasturlari va metodikalarini yangilash, ularga malakali mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha manzilli dasturni tasdiqlaydi.