Mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti ilk bor 100 milliard dollardan oshdi
Nukus shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlandi.
Shavkat Mirziyoyev butun mamlakatimizda bo‘layotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni Qoraqalpog‘iston misolida yaqqol ko‘rish mumkinligi ta’kidladi.
Bugungi tahlikali va murakkab zamonga qaramasdan, iqtisodiyotimiz barqaror o‘sib borayotgani, dunyodagi nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar yetakchilari buni e’tirof etayotgani qayd etildi.
Yaqinda Xalqaro valyuta jamg‘armasi mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti ilk bor 100 milliard dollardan oshganini tasdiqladi.
Shunday yuksak marraga erishishda ilg‘or texnologiyalar asosida zamonaviy korxonalar ochayotgan, yuz minglab yangi ish o‘rinlarini yaratayotgan va dunyo bozorlariga jadal kirib borayotgan azmu shijoatli tadbirkorlarning hissasi beqiyos ekani e’tirof etildi.
Prezident rivojlangan davlatlarda o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan, katta-katta natijalari bilan yurtimiz nomini chet elliklarga tanitayotgan ko‘plab vatandoshlarimiz borligini qayd etdi. Bugungi uchrashuvda 40 dan ziyod ana shunday vatanparvar, ishbilarmon biznes vakillari ishtirok etmoqda.
Yaqinda ilg‘or biznes vakillaridan 37 nafari orden va medallar bilan, 104 nafari “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Davlatimiz rahbari ularni chin dildan tabriklab, fidokorona mehnati uchun o‘z nomidan, butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildirdi.
- Sizlar yangilik yaratishdan, tashabbus ko‘rsatishdan charchamanglar. Sizlarni qo‘llab-quvvatlashga, yanada qulay sharoitlar yaratib berishga men doim tayyorman!, - dedi Prezident.