Mamlakatimizning soliq siyosatiga xalqaro mutaxassislar e’tibor qaratdi
Samarqand shahrida Soliq qo‘mitasi hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasining Kavkaz, Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston mintaqalarida salohiyatni oshirish markazi (CCAMTAC) bilan hamkorlikda “Raqamlashtirish davrida soliq qonunchiligiga rioya qilish darajasini oshirish – bugun va kelajak” mavzusida xalqaro seminar bo‘lib o‘tmoqda.
Unda Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya, Qozog‘iston, Mo‘g‘uliston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iz Respublikalari soliq idoralari, yirik auditorlik kompaniyalari mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev davlatimizda olib boralayotgan soliq siyosati, sohadagi yangiliklar haqida ma’lumot berdi.
— Oxirgi besh yilda davlatimiz soliq ma’murchiligida katta islohotlar amalga oshirildi, - deydi Mubin Mirzayev. - Xususan, sohada IT texnologiyalarining qo‘llanilishi ham soliq to‘lovchilarga, ham tizim xodimlariga katta qulayliklarni yaratdi. O‘z navbatida bu soliq ishini yuritishda inson omilini kamaytirib, korrupsiyani cheklash imkonini berdi. Biz bu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishimiz kerak. Shu ma’noda seminarni o‘ziga xos tajriba almashish maydoni deyish mumkin. Unda o‘tgan vaqtdagi faoliyatimizga xorijiy mutaxassislar nigohi bilan qarab, baho berish, balki yo‘l qo‘yayotgan xato va kamchiliklarimizni aniqlash imkoni bor.
Soliq va moliya tashkilotlari hamda CCAMTACga a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik platformasi, deya ta’riflanayotgan tadbir sessiyalarga bo‘lingan holda 30 mayga qadar davom etadi.