Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar jinoyat sudlariga o‘tkaziladi: sudlarda tayyorgarlik qay tarzda?

Mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali ta’minlash hamda sudyalar hamjamiyati rolini oshirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida odil sudlov jarayonida inson huquqlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi.

Prezidentimizning “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi joriy yilning 24 iyulidagi Farmoni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari jarayonida tarixiy bosqichni boshlab berdi.

Ushbu Farmonning mazmun-mohiyatini nafaqat sud-huquq sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan kasb egalari, balki har bir mamlakatimiz fuqarosi to‘la anglab yetishi shu sohada olib borilayotgan islohotlar jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi.

Farmonga ko‘ra, sud tizimida 2021 yil 1 yanvardan boshlab ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini ma’muriy sudlardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazilishi belgilangan.

Sudlarda ishlarni adolatli va tez fursatda hal qilish uchun sudyalar o‘z faoliyati davomida amaldagi qonun hujjatlarini adolatli tarzda va bir xilda qo‘llay olishlari uchun o‘z professional mahoratlarini doimiy ravishda oshirib borishlari lozim

Shu maqsadda, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi hamda viloyat ma’muriy sudi tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat va tuman (shahar) sudlarining ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish bo‘yicha malakasini oshirish yuzasidan reja ishlab chiqildi.

2020 yil 13 avgust kuni ushbu reja asosida ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritish yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat va tuman (shahar) sudlari sudyalari ishtirokida dastlabki o‘quv-seminar mashg‘uloti o‘tkazildi.

Faol savol-javoblar ruhida olib borilgan mazkur tadbirda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rilishi bilan bog‘liq sud amaliyotidagi masalalar, ishlarni yuritishning umumiy jihatlari va protsessual tartibi, qonunchilikni to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishi orqali yagona sud amaliyotini shakllantirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi.