Mana, nima uchun chekka tumanlarga sport to‘garaklari kerak!?
Ishtixonga ish bilan borib, yopiq suzish havzasi binosiga ko‘zimiz tushdi. “Qish kunida baribir ishlamayotgan bo‘lsa kerak, odamlar uyini isitolmay yotibdi-ku” deya hazil-chin qilib, ishonqiramay kirib ko‘rdik.
Yo‘q, issiq va ishlayotgan ekan. Havzada shug‘ullanayotganlar orasida boks bo‘yicha jahon chempioni Nigina O‘ktamovaga ko‘zimiz tushdi. Asosiy yo‘nalishi boks bo‘lsa-da suzish u uchun eng muhim mashg‘ulot ekanini aytdi.
Bu havzada hatto, 81 yoshli otaxon ham kelib, suzish mashg‘ulotlarida qatnashar ekan. Aytishicha, ikki oydan buyon shu yerga qatnarkan. “Shamollash nimaligini bilmayman, kundan-kun yosharib, o‘zimni baquvvat his qilyapman”, deydi otaxon.
P/S: Ayni vaqtda viloyatimizda 11 ta suzish havzalari bor. Afsuski, isitish va boshqa muammolar sabab ularning bir nechtasi ishlamaydi. Nafaqat chempionlar yetishib chiqishi, balki barchaning salomatligi uchun bunday havzalar, albatta, kerak.