Mangu ovoz

O‘tkir RAHMAT

Doston

Behudud cheksizlik qarshisida jim,
Ma’vosiga qaytdi —
quyosh olovyuz.
Osmonni to‘ldirdi
yarqirab sim-sim,
Behisob lahchaday milliyonlab yulduz.

Sirli samovatning so‘nggi qayerda,
Sado bermas zamin va yoxud falak?
Faqat,
sitoralar har oqshom ko‘kdan,
Boqiy hayotidan beradi darak.

Nidosini tinglay oldingizmi hech,
Aks-sado berar tog‘lar,
cho‘qqilar.
Yulduzlar tilidan ming yillar har kech,
“Manguga” degan bir ovoz to‘kilar.


O, nelarni ko‘rdi bu ko‘hna olam,
Necha bor aylandi axir dahri dun.
Gohi shodon bo‘ldi,
Goh tutdi motam,
Faqat, inson degan oliy zot uchun.

Inson xatosini anglar deb,
ko‘p bor,
Goh gulga,
goh qonga burkangan ham u.
Ming yilki bir so‘zga sodiq,
vafodor,
Ming yilki bir so‘z deb o‘rtangan ham u.

Hech qachon demadi axir alvido,
Qalbiga ko‘rk bo‘lib undi buyuklik.
Ko‘hna shevasida yangratar dunyo:
Bir ovoz:
“Tiriklik”, faqat “Tiriklik”.

Turfa go‘zalliklar yaratib faqat,
Zulmkorlar bilan har bir daqiqa,
Ko‘z ochgandan beri inson,
Tabiat —
Umri o‘tar urush-muhorabada.

Bir jangki,
ochilgan g‘ayri qo‘llarga,
Bir jangki,
so‘nggida bori g‘arib shon.
Bir jangki,
bir zumda bog‘lar so‘ladi,
Bir jangki,
jonzotlar jon beradi, jon.

Yoqilar,
xo‘rlanar,
xo‘rsinar,
tinar...
Oliy shodligidan qayg‘usi daroz.
Joni qiynalsa ham tig‘lar ostida,
Tabiat “Yashna” deb beradi ovoz.

Chechaklar ovozi — baxtdan nishona,
Chaqmoqlar ovozi — matonatdandir.
Yomg‘irlar ovozi — shiddatga doya,
Nurlarning ovozi — haroratdandir.

Bulbullar chug‘urlar — ovozi sohir,
Shudringlar shivirlar — eng go‘zal ovoz.
O, dillarga oshiq yuragim axir,
Ko‘ksimda pitirlar — muhabbatga xos.

Tuproqdan bir ovoz keladi: “Yuksal”,
Yaproqdan bir ovoz keladi: “Ungin”.
Ulug‘ kelajakka yo‘l ol
har mahal,
Buyuk ajdodlarga munosib bo‘lgin.

Har yoqdan bir ovoz keladi bugun:
“Ochiqdir, unutma,
saodatga yo‘l.
Faqat,
istagimiz,
tilagimiz shu —
Shonli ovozlarga voris ovoz bo‘l”.

Bunda jam bo‘lmishdir jamiki ovoz,
Suvrati,
siyrati,
pokligi bilan,
Olib borajakdir eng to‘g‘ri yo‘lga,
Adolatga xayrixohligi bilan.

Ibratli saboqlar so‘ylaydi o‘tmish...
Bilmoq istaysanmi ovozing kuchin?
Tinglagin, bobolar jon fido etmish,
“Hurlik” deb atalgan shu ovoz uchun.

Hech qachon o‘zini etmagan ko‘z-ko‘z,
Ne demoqda?
Oriyat-chun joni — ming,
Shiroq ovozini tinglagin,
ey do‘st,
Ovozin eshitgin Spitamenning.

Millatning ovozi albatta bir kun
Yana ham ko‘targay xalq qaddini tik.
Guvohlik beradi asrlar osha
Xos Hojib ovozi — “Qutadg‘u bilig”.

Bir ovoz tingladim,
shunday baland ruh,
Bir ovoz tingladim,
tinmadi diydam.
Shonini ko‘targaydir “Lug‘otit turk”,
Mo‘’tabar ovozdir, oh, Qoshg‘ariydan.

Jalol qilichidan chaqnagan chaqin —
Mo‘g‘ullar qalbiga qo‘rquv solgan sher.
Turibdi jasorat mash’alin yoqib,
“Men o‘sha, men o‘sha, Jaloliddin”, deb.

“Vatansiz insonning qaddi ham yermish,
Merosim,
farzandlar unutmasin to...”
Ovozin qo‘lidan qo‘ymay jon bermish,
Ana, qo‘lida tug‘ Najmiddin Kubro.

Mashriq va Mag‘ribni titratgan nola —
Temurning “adolat” kalomidir u.
Hech kimning ko‘zida titramas jola,
Amirning bu poydor ovozi mangu.

Ulug‘bek falakni ayladi yaqin,
Ko‘z tikib yulduzlar olami aro,
Koinot ilmini o‘rgangan sayin —
Zulmat lashkarini mahv etdi ziyo.

Yashillandi ochun,
nurlandi olam,
Buxoriy so‘zidan ingan yog‘dudan.
Chekindi qalblardan bor neki alam,
Odamzod asraldi balo, qutg‘udan.


Naqshband daf etmoq uchun baloni,
Eng avval
pokladi chirkin dillarni.
Xush ovozi yengdi hoyu havoni,
Nurafshon ayladi zulmat yo‘llarni.

Ilm ovozidan yorishdi olam,
Dunyoga o‘rgatdi Sino davoni.
Noravo dardlarga topildi malham,
“Tib qonuni” berdi barcha shifoni.

Navoiy Hirotdan boqadi hamon.
Asrlar suronin birma-bir bosib,
“Ey inson, ey ko‘ngil, ey yurak uyg‘on...” —
“Hamsa”ning ovozi kelar munosib...

Bobur na’ra tortdi misoli arslon,
Bul ovoz “hind sori” yo‘l oldi mubham.
Ro‘zi-shab o‘rtandi
sog‘inchlarda jon,
Bir qo‘lida qilich,
birida qalam.

Ma’rifat quyoshi, ziyoqush bo‘lib,
Haqsizlikdan tishlab qolmayin labin,
Ovozlar birlashib — qattiq musht bo‘lib,
Shaylanar goh Cho‘lpon,
Qodiriy kabi.


G‘afur G‘ulom, Oybek, Abdulla Orif,
Erkin Vohidov-u Muhammad Yusuf...
She’r istagan dilning tortsa xumori,
Bu ovozlar yo‘lin bo‘larmi to‘sib?

Abduvali Qutbiddin tebranar asta,
Olamni to‘ldirar majnuniy ovoz.
Borliq uyg‘onganday bo‘lar bir pasda,
Shavkat Rahmon qalbin aylaganda roz…

Bu zaminda o‘tdi qancha ulug‘ zot?
Kitoblarin etib bir uchirma qush,
Bizning ko‘ngillarga endi umrbod,
Ovoz yo‘llashadi bir-biridan xush.

O, bu nidolardan,
bu na’ralardan,
Balki,
kelgandami fursatning so‘nggi...
Ruh o‘z ovozni topa olgaydir,
O‘z ovozin topa olgaydir ko‘ngil.

Demakki,
haq ovoz dildagi bayot,
Uning bilan uyg‘un hattoki taqdir.
Dunyoda ovozni baxtdir tanimoq,
Dunyoda ovozga aylanmoq baxtdir.

Aslida kim ovoz?
Bilib qo‘ygin-da,
Buning avvalida turmish,
bilgin, har
Munosib ovozni tuqqan volida,
Munosib ovozni o‘stirgan padar.

Toki kamol topsin shon-sharaf har on,
Iftixordan bo‘lsin har bir ko‘ngil but.
Xonadonlar ichra har sahar, har tong,
Baxtiyor ovozga to‘lsin ona yurt.

Qo‘llaridan tuting,
suyangiz har vaqt,
Yuksaltirmoq uchun parvozlarini.
Qanot bo‘lg‘usidir
har bitta farzand —
Ko‘hna zamin ishonch ovozlaridir.

...Ovozdan ulg‘aysin Vatan erlari
Bobolardek bo‘ylab yuksakka qadar.
Duoga qo‘l ochib tursin pirlari —
Bebaxtlik bu yurtdan ketsin darbadar.

Axir bu ajdodlar o‘tlig‘ ovozi...
Aqllar ulg‘aydi,
dillar yechildi.
Shundan bo‘y ko‘rsatmish inson parvozi,
Shu ovoz tufayli yo‘llar ochildi.

Oftob boshimizni silasin mudom,
Bog‘lar yuziga gard inmasin,
desang.
Bu yurtda baxtiyor bo‘lsin har odam,
Bolalar kulgusi tinmasin,
desang.
Desangki,
arisin dardmandning dardi,
Bo‘lsin har bir ko‘ngil shodlikdan obod.
Desangki,
yuksalsin insonning qadri,
Go‘zallik atriga burkalsin hayot.

Go‘dak yo‘rgagidan xush bo‘y taralsin,
Desang,
ona iqbol ko‘rsin ko‘zida.
Har dilda saodat shamsi yaralsin,
Desang,
ezgu nurlar oqsin so‘zida.

Istasang,
bobolar bo‘lsin xotirjam,
Momolarning shodon ertak aytmog‘in.
Istasang,
bu yurtda har ne bo‘lib jam,
Qadimiy shon-shuhrat yana qaytmog‘in...

Shundadir, bilib qo‘y, istiqbolga yo‘l,
Baxtiyor kunlarga astoydil shaylan.
Aziz qadrdonim, sen haq ovoz bo‘l,
Aziz birodarim, ovozga aylan.

Dunyoku dengizday qalqib turibdi,
Bir yonda sokinlik, bir yonda girdob.
Yonimizda balki izg‘ib yuribdi,
Yo‘ldan adashtirar qay ovoz bu tob.

Shu zamon yor bo‘lmish eng ezgu niyat,
To‘g‘ri yo‘l ko‘rsatar ruhiyat va qalb.
O, bitta ovozga evrilar millat,
O, yakdil ovozga aylangusi xalq.

Viqorli vodiylar zamzamasida,
Kechadan, bugundan, ertadan mamnun,
Qo‘shilib mangulik tantanasiga,
Hayqirib oqadi
Jayhun ham Sayhun.

Va birdan o‘t chaqnab qorachig‘ida,
Shiddati misoli tin bilmas saman,
O‘sib ikki daryo oralag‘ida
Ko‘kka yetajakdir bir ovoz:
“Vatan!”

Ovozki hurlikka yetaklar bugun,
Ovozki chulg‘aydi sharafu shonga.
Ovozki kelajak, o‘zliging uchun,
Ovozki, baxshida O‘zbekistonga.

 2021 yil 16 oktyabr