Manzil koloniyada tibbiy ko‘rik o‘tkazildi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan Past Darg‘om tumanida joylashgan 37-jazoni ijro etish manzil koloniyasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi.
Mintaqaviy vakil hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining tibbiyotchilar guruhi muassasada jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati bilan qiziqdi,. Ular chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Ko‘rikda manzil koloniya va shartnoma ob’yektlaridagi 226 nafar mahkum va mahkumalar o‘nga yaqin mutaxassislar tomonidan tekshirildi, laboratoriya tahlillari amalga oshirildi hamda salomatligining holatiga qarab tibbiy maslahat va tavsiyalar berildi.
– Tashrif davomida koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarning yashash sharoiti, oshxona, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash tartibi, gigiyenik vositalar bilan ta’minlanishi kabi ijtimoiy-maishiy holatlar ham monitoring qilindi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Otabek Toshniyozov. – Shuningdek, Urgut tumani Jartepa qishlog‘ida joylashgan shartnoma ob’yektlariga, ya’ni mahkumalar ishlayotgan ishlab chiqarish sexlari, kasb-hunar maskanlaridagi sharoit bilan tanishdik, ularga ish haqi to‘lanishi va issiq ovqat bilan ta’minlanishi holati o‘rganildi. Bundan tashqari, muassasada qabul uyushtirib, mahkum va mahkumalar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazdik, ularning murojaatlarini tingladik.
Monitoringda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan kaloniya ma’muriyatiga tegishli tavsiyalar berildi.