Maqola mazmuni sarlavhada aks etishi kerak

Gazetalarning ko‘rinishi, boshqacha aytganda, dizayni bir-biriga o‘xshamagani kabi materiallarni tayyorlash uslubi ham biri boshqasini takrorlamaydi. Samarqandda chop etilayotgan shahar va tumanlar nashrlarini bir-bir varaqlab, sarlavhalar misolida o‘ziga xos bo‘lgan jihatlarini topishga harakat qildik.

“Samarqand” gazetasining sarlavha tanlash uslubi kishi e’tiborini tortadi. Xususan, 17 sentyabrda chiqqan sonida 7 ta materialga so‘roq gap sarlavha qilib tanlangan: “Nega davlat tilida ish yuritmayapsiz?”, “NNT faoliyatida qanday muammolar bor?”, “Temir yo‘l atrofining innovatsion landshaft dizayni nima?”, “Bola bog‘chaga bormagan kunlar uchun to‘lov bormi?”, “Aholini ro‘yxatga olish tadbiriga qachon tayyor bo‘lamiz?”, “Xodimlarga nima uchun kompensatsiya to‘lanmagan?”, “Mavsumga tayyormizmi?”.

“Past Darg‘om haqiqati” gazetasida anchadan buyon sarlavhalar lotin alifbosiga asoslangan yozuvimizda berilmoqda. Ayniqsa, “Maktabda dars soati “talash” bo‘lmaydi”, “Saylanmagan “senator” singari xalq  tiliga yaqin va oddiy sarlavhalar gazetaning o‘qishliligini oshirishga xizmat qilgan.

E’tiborni tez tortadigan, xalqchil va oddiy sarlavhalarni “Jomboy tongi”, “Ishtixon ovozi”, “Paxtachi” gazetalarida (keyingi sonlarida) ham uchrashini ijobiy holat, deyish mumkin.

“Bozorning egasi “chekchi”mi?”, “Odamar nega “sud”dan qo‘rqishadi?”, “Ikkinchi” bo‘lish qiyin” singari lo‘nda sarlavhalardan foydalanish “Ishtixon ovozi” gazetasining yutuqlaridan sanaladi.

Gazetachilikda yana bir jihat bor. Gazeta o‘z hududidan kelib chiqib maqola e’lon qilishi ma’lum ma’noda unga bo‘lgan e’tiborni oshiradi, desak yanglishmaymiz. Masalan, Kattaqo‘rg‘on hayoti, iqtisodi va boshqa jihatlari haqida ma’lumotlarni o‘sha hududning nashrlaridan izlash, topish to‘g‘riroq bo‘ladi. Bunga hududlardagi bosma nashrlar e’tibor berishlari maqsadga muvofiq. Masalan, “Paxtachida ta’lim olgan general” (“Paxtachi” gazetasi), “Ruslan Sharipov ijodini Jomboydan boshlagan edi” (“Jomboy tongi” gazetasi) singari maqolalarni o‘quvchi qiziqish bilan oxirigacha o‘qib chiqishiga shubha yo‘q.

Publitsistika uslubining yana bir xususiyati shundaki, unda qisqalik asosiy o‘rinni egallaydi. Lo‘nda, tushunarli, ixcham yozish asosiy talablardan biriga aylanmoqda. “Qo‘shchinor” gazetasining 16 sentyabr sonidagi “Halollik vaksinasi” sarlavhali maqola ana shu uslubga misol bo‘la oladi. “Ma’naviyat saboqlari” ruknida berilgan ushbu maqola eskicha, keling “an’anaviy” deyiladigan uslubda berilganda, balki o‘z o‘quvchisini topmagan bo‘lardi. Lekin ma’naviyat, qadriyatlar haqida umumiy tushuncha va so‘zlarni qo‘llashdan qochib, o‘ziga xos uslubga yondashilgani maqolaning o‘qishliligini oshirgan.

“Jomboy tongi” gazetasida “Mahalla raislari nega ishdan ketdi?”, “Bolaligimdagi saboq va bugungi ekologiya”, “Bilib bosilgan tikon” sarlavhali maqolalar shunday uslubda yozilgani uchun ham gazetxonlarga manzur bo‘lyapti, deyish mumkin. Qolaversa, nashrning telegram va feysbukdagi sahifalarida berilayotgan ana shunday materiallar nafaqat tuman, balki viloyat va respublikaning boshqa hududlaridagi mushtariylarga ham ma’qul kelmoqda.

Afsuski, sarlavha tanlashda uzundan-uzoq jumlalarni qo‘llash holatlari ham yo‘q emas. Sarlavhani bir nafasda yoki bir ko‘z yugurtirishda o‘qishga ulgurmasa, o‘quvchining hafsalasi pir bo‘ladi, gazetani shunchaki varaqlab qo‘ya qoladi. “Tumanda o‘tgan olti oyda qancha aholi ish bilan band bo‘lgan?” (“Qo‘shchinor” gazetasi), “Vaqtdan yutgan dehqon tarvuz va kungaboqardan qancha daromad olmoqchi?” (“Jomboy tongi” gazetasi), “Sizga fuqarolar murojaati va muxbirlarning munosabati “bir tiyin”mi?” (“Payariq hayoti” gazetasi) kabi maqolalar shular jumlasiga kiradi.

Shuningdek, “E’tiborsizlik – suitsidga sabab bo‘lmoqda”, “Sadoqat timsoli” (“Paxtachi” gazetasi), “Yosh avlod tarbiyasi yo‘lida” (“Kattaqo‘rg‘on haqiqati”) kabi sarlavhalar ham kishining e’tiborini tortishi qiyin.

Bundan tashqari, bitta sahifada, umuman, bitta sonda sarlavha sifatida bir so‘zning takror qo‘llanilishi ham noto‘g‘ri. Bunga “Payariq hayoti” gazetasining 9 sentyabrdagi sonini misol qilish mumkin ekan (“Defoliatsiyada muammo”, “Muammo muammoligicha qolmasin”).

Sarlavha tanlashda til imkoniyatlaridan keng foydalanish ham mahorat talab etadi. Vaqt o‘tgani sayin maqola yozish va uning sarlavhasini tanlashga bo‘lgan talab ham o‘zgarib boraveradi. Bunda gazetxon ehtiyoji va talabi muhim o‘rin tutadi. Davriy nashrlarda faoliyat ko‘rsatayotgan hamkasblarimiz buni o‘z vaqtida ilg‘ab, e’tiborga olishsa, foydadan xoli bo‘lmaydi, albatta.

Mannob Ibodullayev,

Samarqand viloyati axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i.