Maqsad - ishsizlikka barham berish, jinoyatchilikning oldini olish

Samarqandda yoshlar jinoyatchiligining oldini olish, ishsizligiga barham berish bo‘yicha “Mahalla yettiligi” a’zolari va ta’lim muassasalarining hamkorlik qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha amaliy seminar o‘z ishini boshladi.
Mazkur respublika seminarning ochilishida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi raisi Qahramon Quronboyev, Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy koordinatori Mahl Sabine va boshqa mas’ullar ishtirok etib, mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va ularning samarasi haiida gapirib, seminar ishiga muvaffaqiyat tiladi.
- Prezidentimiz tomonidan respublika, viloyat, shahar va tuman hamda mahalla darajasidagi rahbar va mas’ul xodimlarni yoshlar siyosati bo‘yicha ishlashning yangicha yondashuvini belgilab berganligi hamda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar holatini shaxsan o‘zlari nazorat qilib, so‘rab turganliklari bejizga emas, - dedi viloyat rahbari A.Boboyev. - Birgina ushbu yilning o‘zida ikki marotaba yoshlar bilan uchrashib, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, muammolarini tinglab, ushbu muammolarni hal etish bo‘yicha yangidan tizim yaratib berganligi ham ushbu seminarimizning qanchalik muhim ahamiyatga ega eganligini bildiradi.
Uch kun davom etadigan seminarda yoshlar bandligini ta’minlashda “Mahalla yettiligi”ning o‘rni, oliy ta’lim muassasalaridagi yoshlar bilan ishlash va bitiruvchi yoshlarni ish bilan ta’minlash, yoshlar yetakchilarining ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish tizimi va bolalar tashkiloti faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yoshlar jinoyatchiligining oldini olishda profilaktika inspektorlari va yoshlar yetakchilari hamkorligi, yosh oilalar o‘rtasida ajrimlarning oldini olish, mahallalarda yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Shuningdek, mahallalarda faoliyat yuritayotgan yosh tadbirkorlar, IT, startap loyiha va dasturlar asosida ishlayotgan yoshlar faoliyati o‘rganiladi.
To‘lqin Siddiqov,
Fazliddin Ro‘ziboyev.