Mardikorlikka qarshi qo‘zg‘olon nimadan kelib chiqqandi?

(Davomi. Boshlanishi:)
Mamasharif Xusainov 1882 yilda tug‘ilgan.
1916 yilda Jizzax uyezdida, 1959 yilda Jizzax rayon Moskva kolxozida yashagan.
Otam kambag‘al dehqon bo‘lib, Jizzaxda Abdulla boy degannikida chorikorlik qilgan.
Otam 1910 yilda o‘lgan. Men nonvoylik qilib, so‘ngra qurilish ishlarida mardikor ishchi bo‘lib, onam va ukalarimni boqar edim.
1916 yil qo‘zg‘oloni boshlanishi oldidan men Jizzaxda Nuriddinxon madrasasi qurilishida ishlar edim. Ramazon oyi edi. Xalq orasida “Nikolay hukumati xalqdan askar olar emish” degan gap tarqaldi. Payshanba kuni kechqurun men va mardikorlardan Nabi so‘fi ikkimiz ustalarga “biz erta juma kuni dam olmaymiz, ish ko‘rsatinglar ishlaymiz” dedik, ular ish ko‘rsatdilar.
Ertasi kuni Nabi so‘fi ikkalamiz ustalar ko‘rsatgan ishini ishlamoqda edik. Odamlar nomozgohga qarab o‘ta boshladi. Sherigim nomozgohga taraddud qilib turgan edi. Uyezd hokimi Rukin, pristav, Mirzahamdam tilmoch orqasida politsiyachilar bilan ular ham nomozgohga qarab o‘tishdi. Nomozdan so‘ng odamlar to‘planib qoldilar. Uyezd hokimi ayvonning zinasida turib ruschalab gapirdi.
Mirzahamdam hokimning gapini tarjima qildi. U so‘zida “Imperator a’zam janoblari xalqdan odam olishni buyurgan. Imperator janoblarining buyruqlari shariat qonunidan ham yuqori, albatta bajarilishi shart” degan gaplarni aytdi.
Gapining oxirida bir ro‘yxatni olib o‘qidi. Ro‘yxatda Akramxon to‘ra, Muxtorxon to‘ra, Ismoil bobo, Nuriddinxo‘ja, Abdusamat maxsum va boshqalar bor edi. “Agar imperator a’zam janoblarining buyruqlariga qarshi xalq tomonidan biror xodisa chiqsa, shu odamlar javobgar” deb juda qat’iy aytib, odamlarni tarqatdi.
Odamlar to‘da-to‘da bo‘lib, maslahatlashib qayta boshladi. “Bu ro‘yxatdagi odamlar o‘z bolalarini yubormaydilar, bo‘lmasa xalq uchun bularning nima javobgarligi bor?!” deb, har to‘pda ham shu gap bo‘lib, shu ro‘yxatdagi odamlarni xalq yomon ko‘rib qoldi.
Xullas, odamlar norozi bo‘lib, “bular qo‘liga o‘z bolalarimizni berib yubormasmiz” deb qaytishdi.
Ramozon kunlari, kechki bozorda odam ko‘p to‘planar edi. U yerda ham shivir-shivir shu gaplar edi. Biz 10-15 kishi bozorga qarab borar edik. Uyezd hokimi, tilmoch Mirzahamdam va pristav kechki payt izvosh bilan mingboshixonaga o‘tisha berdi. Mingboshixonada shahar boylari, ellikboshi va boshqalar maxfiy majlis qildilar. Mingboshixonaning tevaragi serdaraxt edi. Men kishilar orasida kichkina va xipcha bo‘lganligim uchun bekinib borib daraxt orqasida o‘tirdim va shapni tingladim.
Uyezd hokimi nomozgohda so‘zlagan gaplarini yana qaytardi. Odamlarni yig‘ib berish ellikboshilarga yuklandi. Toshkentlik mahallasidan Shokir Bazzoz o‘rnidan turib, ikki qo‘lini ko‘kragiga qilib, uyezd hokimiga qarab “taqsir arzim bor” dedi.
- Ayt arzingni, – dedi hokim.
- Har kim o‘z o‘g‘lining o‘rniga boshqa kishini yollab yuborsa bo‘ladimi? – dedi Shokir Bazzoz.
-O‘n sakkizdan oltmish yoshgacha Turkistonda hech kim qolmaydi, kimni yollab yuborasan? – dedi Rukin. Uyezd hokimi so‘zining davomida “ayrim odamlarga mumkin bo‘ladi” dedi.
Shundan so‘ng men orqaga qaytdim. Odamlarga eshitganlarimni aytdim, ular ham xafa bo‘lib, “ular maxfiy maslahat qilibti-da, biz bilamiz boylar hech vaqt bolalarini yubormaydilar” deyishdi. Shu kecha bo‘lgan gap butun shaharga tarqaldi.
Oradan bir kun o‘tganidan keyin men qalandarxonaga bordim. Urdush bangini samovarida ko‘p odamlar to‘plangan edi. Shu yig‘ilishda odamlar Nazirxo‘ja (Jizzax qo‘zg‘oloni yetakchilaridan biri) Toshkentdan kelibdi, u Mirzayor starshinga “Toshkentda odam olish yo‘q, hamma gap senlardan chiqqan ekan, senlar bilan gaplashamiz” deb so‘kibdi deyishdi. Shunda Usta Jalol “ertaga ishga ketib qolmanglar, ishning oqibatini bilib turib, o‘shanga qarab ish qilinglar” dedi.
Ertasi kuni ertalab qovun bozorga borsam, bozorda 30-40 odam yig‘ilgan. Mirzayor starshin samovorda oyog‘ini osiltirib, o‘ynatib o‘tiribdi. Oldida bir ayol arz qilib gapirdi: “Nima uchun mening bitta-yu bitta o‘g‘limni yozdingiz? To‘rttaliklar, beshtaliklar borku” dedi. Mirzayor unga baqirib “tekshirib yurish sening ishing emas, biz yuqoridan buyruq qanday bo‘lsa, o‘shanday qilamiz ishinggga ketaver” deb do‘q urdi.
Buni ko‘rib to‘plangan odamlar soni borgan sari ortib bordi. Damin kulolchi (qo‘zg‘olon yetakchilaridan biri) mojoroning ustiga kelib qoldi. U kampirning yoniga kirib Mirzayorga “Haqiqatdan to‘g‘ri, buning bir o‘g‘lini yozgan bo‘lsang bizning hovlida uch kishini yozgansan” dedi.
Mirzayor unga “sening nima ishing bor” deb edi, Damin kulol qo‘lini paxsa qilib “men gapirmay kim gapiradi? Bir uydan uch kishini yozsang gapirmayinmi” dedi.
“Biz ko‘rsatilgan qoidaga ko‘ra yozamiz, sen bekorga gapirma” dedi. Shunda odamlar “so‘ragan gunohkormi, garirgan aybdormi?” deb baqirdilar.
Damin kulol “bir uyda uchta bo‘lsa ham yozsang uy ishlari, xotin, bolalar kimga qoladi?” deb so‘radi. Mirzayor “xotin, bola-chaqang bizga qoladi” dedi.
Shunda Damin kulol xalqqa qarab “Ey xaloyiq! Bularni biz hukumatning boshlig‘i desak, bular xotin bola-chaqamizni ham boshlig‘i ekanlar” deb murojaat qildi. Odamlar chuvullashib qoldi. Damin kulol Mirzayordan ro‘yxatni talab qildi. Odamlar Damin akani yoqladi. Mirzayor “daftar mingboshixonada, yur bo‘lmasa mingboshixonaga” dedi. Yo‘lda ketayotib Mirzayor xalqni qattiq haqorat qildi. Shunda Oqqo‘rg‘onlik mahalladan Abdunazar uni bir urib qulatdi.
Odamlar “muttaham, o‘g‘ri, poraxo‘r” deb Mirzayorni o‘ldirib, mingboshixonaga hujum qildilar. Qurbonboy, O‘rinboy mingboshixonaning oynalarini sindirib, daftarlarni ko‘tarib chiqdi va yirtib, yoqib yubordi. Mirzayorning do‘konida Xolmat Rajabboy degan sotuvchi edi. U do‘konni tashlab qochdi. Nazirxo‘ja otga minib keldi, shunda 3 mingga yaqin odam kaltak, bolta, qilich, ba’zilar miltiq bilan qurollanib, gorod, ya’ni texnikum tomonga jo‘nadi.
Yo‘lda uyezd hokimi Rukin, pristav, Mirzahamdam tilmoch, Komil yigit va Mulla Xidir yo‘liqib qoldi. Hokim izvoshdan tushib xalqqa qarab “to‘xtanglar, nima gap?” deb yaqinlashgan edi, xalq orasidan birov “nima uchun bizdan odam olinadi?”, yana bir odam “odam bermaymiz, nima bo‘lsak shu bo‘lamiz, Mirzayorni o‘ldirdik” dedi.
Hokim “mayli Mirzayor o‘lgani bilan hech narsa bo‘lmaydi, men sizlarga tilxat beraman, sizlardan odam olinmaydi” dedi. Odamlar unga qarata “sen bizni aldaysan” deb har tarafdan shovqin soldi. Odamlar hokimni o‘rtaga oldilar. Unga har tomondan so‘zlab shoshirib yubordilar. Pristav Zataklov yonidagi naganini olib osmonga qaratib bir marta otdi. Shunda Ergash Mukkido‘z xalqqa qarab “ana bularga ishonib bo‘ladimi” dedi.
Inoyat Fayziyev “ur bularni, enanga er qilasanmi ayab” dedi. Mamat bichaquloq, Ashurmat akalar hokimni kaltak bilan urib ag‘anatdilar. Hamma urishga kirishib, hokimni, u bilan birga kelgan amaldorlarni urib o‘ldirdilar. Mulla Xidir olomondan qochib qutulib qoldi. Eshitishimizcha, uni Muxtorxon to‘raning bolalari olomondan asrab qochirib yuborganlar.
Shu vaqtda shovqin-suron kuchayib, ko‘chaga odam sig‘may qoldi. Olomon g‘azabga to‘lgan edi. Odamlar “qo‘yma ur, o‘ldir, Tuproqqo‘rg‘onga borish kerak, Bir kun o‘lmoq, bir kun tug‘ilmoq” der edilar.
Xalq toshloqqa kirib qo‘zg‘oldi. Toshloqqa yaqinlashay deganda hokim noibi podpolkovnik Afanasev, Sholoxinlar boshchiligida Qorako‘l degan joyda bir to‘da askarlar chiqib qoldi. Noib qo‘lini ko‘tarib, xalqqa to‘xtashga ishora qildi. Oldingi qatordagilar to‘xtasa ham orqadagilar kelaverdi.
Shu paytda odamlarning bir qanchasi noib va soldatlarning orqasidan o‘rab olish va o‘ldirish maqsadida devorlardan oshib o‘ta boshladilar. Noib sezib qolib, soldatlarga otishni buyurdi. Soldatlar otdilar. Normat qassob otdan uchdi, uning ortidan G‘oyib ham yiqildi. Soldatlar yana bir qancha kishini otib tashladilar. Otishmada Usta Jalolga o‘q tegdi. Inoyat Fayziyevning chakkasiga o‘q tegdi va yarador bo‘ldi. Soldatlar odamlarni o‘zlariga yaqinlashtirmadilar. Qurolsiz xalq orqaga qaytishga majbur bo‘ldi.
Xalq ko‘chaning ikki tomoniga bo‘linib ketdi. Ularning bir qismi Bireshak va Qiziltut tomonlarga, ikkinchi qismi Uchtepa stansiya tomonga ketdi. Ular borib temiryo‘lni buzgan va telegraf simlarini uzgan.
Qo‘zg‘olonda Sharilloq, Hayrobod, Sayxon, Qa’ni, Yoyilma qishloqlari aholisi qatnashdi. Ravot, Ko‘rpa, Uvon qishloqlari aholisi Lomakin stansiyasiga hujum qilgan, deb eshitganman. Soldatlar hamma joyni talab, yondirib, odamlarni otib shaharni xonavayron qilib yuborgan edilar. Shaharda omon-omon bo‘lgandan keyin, oq yalov qilib keldik.
Ruslar qo‘zg‘olondan keyin bizni shahardan tashqariga chiqarib yuborib, shaharga soldatlarni joylashtirgan edilar. Biz shunda Qiliy qishlog‘iga ketgan edik. Biz shaharga kelganda 2-3 kun o‘tib bola-chaqadan tortib qarilargacha hammani Eski shahar madrasasi oldiga haydab chiqardilar. Atrofni soldatlar o‘rab olgan edi. Odamlarni 10 kishidan qilib ajratdilar.
Xaloyiq orasida bizlarni otar emishlar degan shov-shuv boshlandi. Shu payt kimdir ot choptirib kelib rus soldatlari komandiriga bir paket berdi. U paketni ochib undagi qog‘ozni o‘qib xalqqa eshittirdi.
Bizni toza haqorat qildilar. Jizzax xalqini o‘g‘ri, muttaham deb so‘kdi. So‘ngra imperator a’zam janoblari Jizzax aholisini o‘ldirib tashlash kerak bo‘lsa ham, chetga surgun qilish bilan hukmni almashtirdilar deb eshittirdi. So‘ngra haloyiq ikki tomonga tarqaldi.
Mamasharif Xusainov
1959 yil 8 aprel.
(Davomi bor)