Markaziy bank viloyat boshqarmasi firibgarlardan ogohlantirmoqda
Shu kunlarda telegram orqali “Markaziy bank” nomli soxta akkaunt ochgan firibgarlar tomonidan ayrim fuqarolarni aldab kartalaridagi pulini yechib olish holati kuzatilmoqda, deya xabar bermoqda Markaziy bank viloyat boshqarmasi axborot xizmati.
Aytilishicha, soxta akkauntdan fuqarolarga ularning bank kartasidagi pul firibgarlik yo‘li bilan yechilishining oldini olish maqsadida karta tranzaksiyalarini bekor qilishni so‘rashadi va soxta havola hamda SMS-xabarnoma yuborib bir martalik maxfiy kodni aytish kerakligini so‘rashadi. Shuningdek, fuqarolarning nomiga noqonuniy tarzda kredit rasmiylashtirilgan bo‘lishi mumkinligini aytib, unga soxta havola hamda SMS-xabarnoma yuborishadi va maxfiy kodni aytishi kerakligini so‘rab telefon qilishadi. Oqibatda esa fuqarolarning mablag‘larini olib qo‘yishadi. Shu kabi tijoriy xizmatlar ham taklif qilinishi mumkin.
“Shuni ma’lum qilamizki, mazkur xabarlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga hech qanday aloqasi yo‘q. Markaziy bank tijorat faoliyati bilan shug‘ullanmaydi, shu jumladan, jismoniy shaxslarga kredit ajratmaydi yoki moliyaviy yordam ko‘rsatmaydi.
Markaziy bank nomidan har qanday ko‘rinishdagi kredit, moliyaviy yordam yoki boshqa turdagi bank xizmatini taklif etish soxtalik va firibgarlikning asosiy belgisi hisoblanadi.
Fuqarolardan ushbu xabarlarga e’tibor bermaslik va hech qanday havolaga kirmaslik so‘raladi. Faqat rasmiy manbalarga tayanish tavsiya etiladi”, deyiladi rasmiy ogohlantirishda.