Markaziy harbiy okrugi harbiylarining farzandlariga imtiyozli tavsiyanomalar berildi
Markaziy harbiy okrugining Madaniyat va ma’rifat markazida Jizzax, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on hamda Navoiy garnizonlaridagi harbiy xizmatchilarning farzandlariga kvota asosida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun beriladigan tavsiyanomalar tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidov, faxriylar, harbiy hizmatchilar hamda ularning oila a’zolari ishtirok etdi.
Ta’kidlash lozimki, 2018 yil 14 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori talablariga muvofiq 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab Qurolli kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar xodimlarining farzandlari uchun OTM bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun besh foizli kvota ajratilgan.
Shuningdek, burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan xodimlarning farzandlariga esa oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga tanlovsiz qabul qilinish to‘g‘risida tavsiyanomalar berilishi belgilangan.
Joriy yilda okrug miqyosida jami 70 ga yaqin harbiy xizmatchining farzandi ushbu tavsiyanomaga ega bo‘ldi.