Kattaqo‘rg‘onda O‘zbekistondagi eng katta harbiy poligon foydalanishga topshirildi
O‘zbekiston Respublikasidagi eng katta poligon – Markaziy harbiy okrugga qarashli “Kattaqo‘rg‘on” dala-o‘quv maydoni foydalanishga topshirildi.
Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabariga ko‘ra, ushbu dala-o‘quv maydonining ochilish marosimida Mudofaa vaziri, general-mayor Bahodir Qurbonov, Qurolli Kuchlar bosh shtabi boshlig‘i, general-mayor Pavel Ergashev, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik Oybek Saidov, “O‘zbekiston Qahramoni”, “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi Hasan Normurodov, faxriylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, tumandagi maktab o‘quvchilari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Dala-o‘quv maydoni chinakam ma’noda askar akademiyasidir. Chunki poligonda harbiy xizmatchi nazariy bilimlarini amaliy sinovdan o‘tkazadi. Shu bois Vatan himoyachilarining ham ma’nan, ham ruhan, ham jismonan tayyorgarligining oshishida, jangovar shayligining rivoj topishida poligonlarning o‘rni muhim.
Tantanali marosimda so‘z olgan Mudofaa vaziri dala-o‘quv maydoni qurilishida jonbozlik ko‘rsatgan harbiy xizmatchilarga samimiy minnatdorchilik bildirdi. Bu kabi poigonlar yurtimiz himoyasi uchun bel bog‘lagan asl o‘g‘lonlar uchun malaka va tajriba orttirish maydoni bo‘lishini ta’kidladi.
Shundan so‘ng poligon qurilishida o‘zining vatanparvarligini, yurtsevarligini ko‘rsatgan bir guruh harbiy xizmatchilar Mudofaa vazirligining qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, dala-o‘quv maydoni infratuzilmasini bunyod etgan qurilish tashkilotlari vakillariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir ishtirokchilari zamonaviy dunyo talablariga mos keladigan o‘quv sinflari, tibbiyot punkti, yotoqxonalar, oshxona, sport zali, madaniyat markazi hamda jangovar texnikalar va avtomobillar turar-joylari, oshxonalarni ko‘zdan kechirishdi.
O‘zbekistondagi eng katta poligon chindan ham dunyo standartlariga to‘la-to‘kis javob beradi. Unda bir vaqtning o‘zida barcha turdagi jangovar texnikalarni qo‘llagan holda o‘quv-mashg‘ulotarni olib borish imkoniyati yaratilgan.
Harbiy xizmatchilar amaliy o‘quv mashg‘ulotlaridan namunalar namoyish etishdi.