O‘zbekiston armiyasidagi eng katta va zamonaviy ko‘rinishga ega poligonlar 10 taligi tuzildi. “Kattaqo‘rg‘on” poligoni birinchi o‘rinda (foto)

Markaziy harbiy okrug jangovar tayyorgarlik boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston armiyasidagi eng katta va zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lgan dala o‘quv maydonlari reytingni tuzildi. Bu haqda harbiy jurnalist, kapitan G‘ayrat Madrahimov ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, hududi va zamon talablariga mosligi, aviatsiya hamda artilleriya qurollaridan o‘t ochish imkoniyatidan kelib chiqib, Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi “Kattaqo‘rg‘on” poligoni birinchilikda ekanligini e’tirof etish lozim.

Kattaqo‘rg‘on poligoni

Keyingi o‘rinda Jizzax viloyatidagi “Forish” tog‘ poligonidir. Bu yerda o‘tgan yilni o‘zida AQSh, Fransiya, Buyuk Britaniya Hindiston, Rossiya, Turkiya Pokiston hamda Xitoy qurolli kuchlari vakillari bilan 16 marotaba harbiy hamkorlik doirasida taktik va maxsus o‘quvlar, treninglar o‘tkazildi. 2019 yilda esa ilk bor O‘zbekiston mezbonlik qilgan “Armi-2019” halqaro armiya o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.

"Forish" poligonini tungi ko‘rinishi (2-o‘rin)

3-o‘rinda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli “Buxoro” umumqo‘shin dala o‘quv maydoni turadi. Ushbu poligon kuchishlatar bo‘linmalar bilan hamkorlikda o‘quv mashqlar o‘tkazilishi uchun juda qulay hisoblanadi. Bu yerda har yili an’anaviy tarzda mutaxassisliklar bo‘yicha musobaqalar tashkil etiladi.

"Buxoro" poligonida AK-74 avtomatidan o‘q otish mashqi (3-o‘rin)
"Buxoro" dala o‘quv maydoni: "Qo‘shinlar razvedkasi a’lochilari" xalqaro ko‘rik-tanlovga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni (3-o‘rin)

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugining yagona “Nukus” poligoni 4-o‘rinni egalladi.

"Nukus" poligoni (4-o‘rin)

5-o‘rinda esa Sharqiy harbiy orkugdagi “Sho‘rsuv” va “G‘urumsaroy” dala o‘quv maydoni qulay joylashuvi hamda parashyutdan sakrash mashqlarining ko‘p o‘tkazilishi bilan ajralib turadi. “G‘urumsaroy” poligonida 2019 yilda dunyo standardlariga to‘la-to‘kis javob beradigan, 20,7 milliard so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirildi.

"Sho‘rsuv" dala o‘quv maydoni (5-o‘rin)

Qashqadaryo viloyatida joylashgan “Muborak” va “Nuriston” dala o‘quv maydonlari 6- va 7-o‘rinlarni band etdi. ’’Termiz’’ poligoni esa 8-o‘ringa munosib deb topildi.

"Muborak" poligonidagi harbiy texnikalar kallonasi (6-o‘rin)
"Nuriston" dala o‘quv maydoni (7-o‘rin)
"Termiz" dala o‘quv maydoni (8-o‘rin)

Toshkent harbiy okrugidagi "Chirchiq" poligoni harbiy paradlar o‘tkazilishi bilan alohida ajralib turadi. Shu bilan birga, 3 ta oliy harbiy bilim yurti kursantlari, Mudofaa vazirligi markaziy apparati, Chirchiq garnizoni harbiy xizmatchilari hamda Kuch tuzilmalarning bo‘linmalarini harbiy amaliy tayyorgarlik bilan shug‘ullanishi uchun xizmat qilmoqda.

"Chirchiq" poligonidagi harbiy parad (9-o‘rin)

Qurolli Kuchlar bo‘yicha eng ixcham hamda harbiy amaliy mashg‘ulotlar olib borishda o‘quv joylarini keng qamrovligi jihatidan Samarqand garnizonidagi “Sazag‘an” poligoni ushbu reyting o‘ntaligidan joy oladi. Mazkur  dala o‘quv maydonini rasman ochilish marosimi joriy yilning 14 mart kuniga rejalashtirilgan.