Poligonda masofadan boshqariladigan artilleriya quroli sinovdan o‘tkazildi
Markaziy harbiy okrug hududidagi “Kattaqo‘rg‘on” dala o‘quv maydonida takomillashtirilgan jangovar texnika va qurollar ustida sinovlar olib borilmoqda.
Izlanishlar natijasida “BTR-80” texnikasiga 120 millimetrli “Nona” o‘ziyurar artilleriya texnikasi va quroli yangitdan modernizatsiya qilindi. Zanjirli artilleriya texnikasi shinali zirhli texnikaga almashtirildi. Natijada tezlik soatiga 25 kilometrdan 80 kilometrga oshdi. Harakatlanish davomida nishonlarni yakson qilishi ko‘rsatkichi sezilarli darajada yuqorilagani kuzatildi. Poligonda Mudofaa vazirligi va harbiy okrug artilleriyachilari texnika va qurolni jangovar imkoniyatlari o‘rganishdi.
Shuningdek, poligonda “Bo‘ron” deya nom berilgan “GM-21 MK” rusumli “KamAZ” va “Ural” texnikasiga o‘rnatilgan 122 millimetrli “DM-21” markali o‘ziyurar artilleriya to‘p-raketasini masofadan boshqarish va otish ishlari ham harbiylar sinovidan o‘tkazildi.
Markaziy harbiy okrug axborot xizmati.