Samarqand garnizonidagi harbiy shaharcha aholisi uchun oziq-ovqat yarmarkasi tashkil etildi
Markaziy harbiy okrugga qarashli Samarqand garnizonidagi 16-harbiy shaharchada aholi istagidan kelib chiqib, oziq-ovqat yarmarkasi o‘tkazildi.
Ayni vaqtda Samarqand shahridagi bozorlar va maishiy savdo do‘konlari ishlayotgan bo‘lsa-da, biroq karantin tadbirlari sababli avtomobil harakati cheklangani harbiy shaharcha aholisi uchun biroz qiyinchilik tug‘dirmoqda.
Shu bois Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi hamda polkovnik Dilmurod Yuldashev rahbarlik qilayotgan harbiy qism ofitserlari tashabbusi bilan 20 foiz chegirma bilan oziq-ovqat, mevalar hamda sut mahsulotlari keltirildi.
– Karantin sabab uydan chiqmay o‘tirgan edik. Bozor ham uzoqda, xarid qilingan mahsulotlarni ko‘tarib kelishga to‘g‘ri keladi. Bugun uyimizni yonida yarmarka tashkil etildi. Tez fursatda ro‘zg‘orning kamini to‘ldirib oldik. Yana bolalarim bilan uyda foydali mashg‘ulot bilan band bo‘laman, – deydi serjant Mansur Mirzayevning turmush o‘rtog‘i Yulduzxon Begmatova.