Markaziy Osiyoda barqaror mintaqaviy rivojlanish masalalari muhokama etildi

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialida “Markaziy Osiyoda barqaror mintaqaviy rivojlanish” mavzusida II Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Xalqaro konferensiyada Shvetsiya, Italiya, Portugaliya, Braziliya kabi 10 dan ortiq davlatlardan mutaxassislar ishtirok etdi.

Konferensiya davomida Shvetsiyaning Qirollik texnologiya instituti doktori, professor Hans Vestlund, Italiyaning Milan politexnika universiteti professori Andrea Caragliu, Portugaliyaning Mintaqaviy rivojlanish assotsiatsiyasi direktori Tomas Dentinho, Braziliyaning San Paulo universiteti professori Eduardo Haddad, AQShning Toledo universiteti professori Neil Red  va boshqa nufuzli mehmonlar tomonidan iqtisodiy geografiya, mintaqaviy rivojlanish, siyosiy iqtisodiyot, raqamli iqtisodiyot, barqaror rivojlanish, yashil iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda seminar-treninglar va ma’ruzalar tashkil etildi.

Tadbirda o‘rmonlarni kesishning iqtisodiy zararli tomonlari, geografik yaqinlik va texnologik o‘xshashlik, qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishda tabiiy resurslarni iqtisodiy va ekologik baholash kabi muhim masalalar muhokama etildi hamda tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.