Fin ta’lim tizimi nimasi bilan ibratli?
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika institutida “O‘zbekiston-Finlandiya ta’limi va barkamol avlod tarbiyasi muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Unda xorijiy va mahalliy oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.
Konferensiyada viloyat hokimining o‘rinbosari Husan To‘xtayev so‘zga chiqib, konferensiya ishiga omad tiladi.
- 2001 yilda o‘n besh yoshli fin o‘quvchilari o‘qish, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini baholash uchun mo‘ljallangan “Xalqaro o‘quvchilarni baholash dasturi” (PISA)da eng yuqori ball olgani butun dunyoni hayratda qoldirdi, - dedi institut professori Baxtiyor Haydarov. - PISA testi natijalari sabab Finlandiya maktablarining ta’lim tizimi eng yaxshi deb tan olingach, dunyoning barcha qit’alaridagi pedagoglar fin hamkasblarining siri nimada ekanligini bilish uchun ularning tajribalarini o‘rganishga kirishdi.
Xelsinkidagi maktabda ikki yil ishlagan amerikalik o‘qituvchi Timoti Uoker fin maktablaridagi muvaffaqiyatlarning zamirida juda oddiy tamoyil – o‘quv jarayonlarida quvonch mavjudligini ta’kidlaydi. Qisqa o‘quv kuni, yengil uy vazifalari va kam standartlashtirilgan testlar bu faqat samarali ta’lim tizimining tashqi jihatlari ekanini yozadi.
Darhaqiqat, barkamol avlod tarbiyasida fin ta’lim tizimining o‘rganishimiz va amaliyotda qo‘llashimiz kerak bo‘lgan ijobiy tomonlari ko‘p. Bu borada institut finlandiyalik pedagoglar bilan birga Finlandiya oliy ta’lim tajribasi asosida bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini tayyorlash borasida hamkorlikda ishlar olib bormoqda.
Xalqaro konferensiyada shu kabi masalalar borasida fikrlar o‘rtaga tashlandi, kamchiliklarga yechim axtarildi.
Xurshida ERNAZAROVA.