Samarqanddagi xalqaro konferensiya: Qatar bilan chorvachilik va meva-sabzavotchilik sohalarida hamkorlikka kelishildi

Samarqandda o‘tayotgan oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya doirasida turli uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Qatar munitsipalitet va atrof-muhit vaziri Abdulla bin Abdulaziz bin Turki as-Subayya bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida tomonlar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama etildi.

Qatar tomoni chorvachilikni rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi hamkorlikka tayyor ekanligini bildirdi. Bu taklifni mamnuniyat bilan qabul qilgan O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri, o‘z navbatida, meva-sabzavotchilik yo‘nalishida ham ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklifni o‘rtaga tashladi. Bu taklif Qatar rasmiysi tomonidan qabul qilinib, tegishli chora-tadbirlar ko‘rilishiga kelishib olindi.

Uchrashuv so‘ngida Abdulla bin Abdulaziz vazir Aziz Voitov va O‘zbekiston agrar sohasi vakillarini oktyabr oyida Qatarda o‘tkaziladigan “Qatar Expo” xalqaro ko‘rgazmasida qatnashishga taklif etdi, deya xabar bermoqda  vazirlik axborot xizmati.