Mart oyidagi yog‘ingarchilik mevali daraxtlarga qancha zarar keltirdi?

Shu yilning mart oyida O‘zbekistonga sovuq va nam havo oqimining kirib kelishi oqibatida harorat keskin pasaydi hamda yog‘ingarchilik ko‘p kuzatildi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari tomonidan noqulay ob-havo sharoitining ta’siriga oid dastlabki o‘rganish natijalari ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, sovuq havo va yog‘ingarchiliklar ayrim hududlarda mevali bog‘larning kurtak novdalariga qisman salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Mamlakatdagi uzumzorlar, ertaki ekilgan kartoshka va sabzavot ekinlariga sovuq ta’sir etmagani aniqlangan.

Viloyatlar kesimida olingan ma’lumotlar tahlili quyidagicha:
- o‘rikning ertapishar navlari Andijon viloyatida 19 foiz, Namanganda 10 foiz va Farg‘onada 18 foiz, gilosning ertapishar navlari Namanganda 2,4 foiz, bodomning ertapishar navlari Andijonda 17 foiz, Namanganda 19 foiz va Farg‘onada 23 foiz;

- Janubiy hududlarda, xususan, Qashqadaryo viloyatida gilosning ertapishar navlari 9 foiz, shaftolining ertapishar navlari 9 foiz, olxo‘rining ertapishar navlari 15 foiz, bodomning ertapishar navlari 18 foiz;

- o‘rikning ertapishar navlari Buxoro viloyatida 6,7 foiz, Jizzaxda 17 foiz, Navoiyda 19 foiz, Samarqandda 10 foiz, Sirdaryoda 17 foiz, Toshkentda 10 foiz, gilosning ertapishar navlari Navoiyda 6,5 foiz va Toshkentda 2,4 foiz, shaftolining ertapishar navlari Navoiyda 8 foiz va Samarqandda 5 foiz, olxo‘rining ertapishar navlari Sirdaryoda 3 foiz hosilli maydonga nisbatan zararlangan.

- Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Republikasida ushbu mevali daraxtlar zararlanmagan.