Masala, mas’uliyat, ijro
Xalq deputatlari viloyat Kengashining 102-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiya ishini Kengash kotibiyati mudiri S.Usmonov boshqardi.
Dastlab «O‘zbekiston – 2030» harakatlar rejasida belgilangan chora-tadbirlar ijrosi hamda maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi yuzasidan viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sh.Sobirov hisobot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning birinchi yarmida xorijiy investitsiyalar jalb qilingan loyihalar doirasida 535 million dollar miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish sur’ati 207 foizni tashkil etdi. Umumiy qiymati 14,2 million dollar bo‘lgan 3 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi yirik loyihalar ishga tushirildi hamda 85 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Bundan tashqari, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan hududiy investitsiya dasturiga ko‘ra, qiymati 2,4 trillion so‘mlik 452 ta loyiha ishga tushirilib, 3 ming 670 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
Umuman, viloyatda 2024-2026 yillarda xorijiy investitsiyalar ishtirokida umumiy qiymati 2,3 milliard dollar bo‘lgan 98 ta loyihani amalga oshirish bo‘yicha manzilli ro‘yxat shakllantirilgan. Ushbu loyihalar doirasida joriy yilning o‘zida xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi 1,1 milliard dollarga yetkaziladi.
Shundan so‘ng Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasining 2024 yil 6 oydagi faoliyati yuzasidan boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Odil To‘xtayevning hisoboti eshitildi.
– Hisobot davrida MIB viloyat boshqarmasi organlari tomonidan jami 5 trillion 688,1 milliard so‘mlik 666 ming 873 ta ijro hujjati bo‘yicha amalga oshirilgan majburiy ijro tadbirlari natijasida 3 trillion so‘mlik 306 mingdan ortiq ijro hujjatlari yuzasidan yakuniy qarorlar qabul qilindi va ular bo‘yicha 1 trillion 493 milliard so‘m qarzdorliklar undirilishi ta’minlandi, – dedi O.To‘xtayev. – Jumladan, banklar foydasiga kredit qarzdorligi undiruvi bilan bog‘liq ijro tadbirlari davomida 1,1 trillion so‘mlik 12 ming 560 ta hujjat bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilinib, 6581 ta hujjat yuzasidan 626,4 milliard so‘m undirildi. Aliment to‘lovchi qarzdorlardan esa 63,4 milliard so‘mdan ortiq aliment pullari undirib berildi.
Bu toifadagi ijro ishlari bo‘yicha «mahalla yettiligi» va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda olib borilgan profilaktik suhbatlar va chora-tadbirlar natijasida 6017 ta oila yarashtirildi.
Bundan tashqari, joriy yilning o‘tgan 6 oyida elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti korxonalari foydasiga 42,1 milliard so‘mlik 3915 ta ijro hujjatlari bo‘yicha majburiy ijro harakatlari olib borildi va 16,6 milliard so‘m qarzdorliklar amalda undirildi.
Ishga tiklash bilan bog‘liq 74 ta ijro hujjatlari bo‘yicha olib borilgan ijro harakatlari davomida 65 ta hujjat tamomlandi, 46 nafar xodim ishga tiklandi.
O.To‘xtayev ijro harakatlarini olib borishda yuzaga kelayotgan muammolarga ham e’tibor qaratib, ularni hal etishda deputatlardan ko‘mak so‘radi.
Viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Sattorovning 2024 yil birinchi yarim yillikda norma ijodkorligi hamda huquqni qo‘llash amaliyoti holati yuzasidan axborotida keltirilishicha, adliya boshqarmasi va tuman (shahar) adliya bo‘limlariga hisobot davrida mahalliy davlat hokimiyati organlarining 78 ta normativ-huquqiy tusdagi qarorlari loyihalari taqdim etilgan. Ularning 69 tasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, qaror loyihasiga xulosa berilgan, 9 ta qaror loyihasi belgilangan talablarga rioya qilinmay taqdim qilinganligi sababli qaytarilgan.
Hisobot davrida o‘tkazilgan 507 ta o‘rganishlarda 84 ming 184 ta qonun buzilishi holatlari aniqlangan va ularni bartaraf qilish yuzasidan tegishli korxona va tashkilotlar, idoralarga 887 ta taqdimnoma, ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan 736 ta, jinoiy javobgarlikka tortish yuzasidan 7 ta taklif va 76 ta ogohnoma kiritildi. Natijada 182 nafar shaxs intizomiy, 731 nafar shaxs esa ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Inson huquqlarini himoya qilish shu’basi tomonidan 26 ta davlat tashkiloti va mahalliy davlat hokimiyati organlarida o‘rganish o‘tkazilganda 1037 ta qonun buzilish holatlari aniqlandi.