"Masala zudlik bilan joyida o‘rganiladi": Noqonuniy qurilish bilan bog‘liq vaziyatga Samarqand shahar hokimligi munosabat bildirdi

Kecha, 5 sentyabr kuni Samarqand shahridagi Ulug‘bek mahallasidan tahririyatga kelgan murojaat asosida "Noqonuniy qurilish bizning mahallaga ham yetib keldi" sarlavhali xabar e’lon qilingan edi. Unda murojaat egalari hududda yashovchilardan biri qurilish ishlarini qilayotib "xalqning haqi" bo‘lgan ko‘chaga chiqib ketganini ma’lum qilgan.

Samarqand shahar hokimligi holat yuzasidan munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, holatni zudlik bilan o‘rganish belgilangan.

"Ushbu maqoladagi holat yuzasidan shuni ma’lum qilamizki, xabardagi murojaat tezda nazoratga olinib, mas’ullar tomonidan o‘rganilishi belgilab olindi.

O‘rganish ishlari davomida noqonuniy ishga qo‘l urganlik holatlari aniqlansa belgilangan tartibda qonuniy choralar ko‘rilishi ta’minlanadi.

Holat bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi", deyiladi hokimlik xabarida.