Mashina, uy, to‘y (hikoya)

Ota o‘zini yomon his qilsa-da, xotiniga bildirmadi. Bilsa, u hovliqma hamma farzandini boshiga yig‘adi. Negadir, bolalari o‘zidan emas, onasidan ko‘proq hayiqishi xayoliga keldi. Yo‘q, ilgari ham bu haqda fikr yuritgan, lekin izohini topolmay, boshini og‘ritmaslik uchun o‘zini boshqa narsa bilan ovutgan. Hozir shu haqda o‘yladi. O‘ylashdan o‘zini tiyolmasligini,  ayni chog‘da boshqa narsa bilan o‘zini chalg‘ita olmasligini aniq his etdi. Cho‘ntagidan dorisini olib, og‘ziga soldi. So‘lagiga qo‘shib yutmoqchi bo‘lgandi, tomog‘iga tiqildi. Taxir ta’mdan ko‘ngli behuzur bo‘lib, oshxonaga o‘tdi. Xotini tayyorlab qo‘yadigan, qaynatilgan suvdan ichdi. Bilagidagi tomirga barmog‘ini bosdi. Yurak urushi tezlashgan. Biroz o‘tirsa, o‘tib ketishini o‘ylab, oshxonadagi o‘rindiqqa cho‘kdi.

Nahotki, to‘yni qoldirib bo‘lmasa? Okean ortidan kelishning iloji yo‘q ekan, o‘sha yoqda to‘yni o‘tkazishsin. Axir marosim bir oy oldin kelishilgan, tadbirga yaqin reja buzilishiga sabab qanday muhim ish bo‘lishi mumkin? Kuyov to‘yga kelolmasmish. Demak, to‘y qoldiriladi. Yo‘q, belgilanganmi, o‘tishi shart ekan. Mayli, to‘y to‘rida kelin yolg‘iz o‘tirsin. Lekin chimildiqqa kuyov kirmasa, bu qanday nikoh bo‘ldi?

Esida, oldingi yilmidi yoki undan oldin, bir nikoh to‘yiga borgandi. Kelin-kuyovsiz to‘y. Qiziq bo‘larkan. Katta davra, o‘rtakash yoshlarni tabriklaydi, mehmonlarga so‘z beradi. Lekin turmush qurayotganlar uchun o‘rnatilgan sahnadagi bir juft o‘rindiq bo‘sh. Kazo-kazo mehmonlar, el tanigan san’akorlar, antiqa va tansiq yeguliklar zichligidan tangadek joy qolmagan dasturxon - bari-bari risoladagidan yuz chandon ziyod. Faqat bu katta yig‘inning mazmun-mohiyatini namoyon etadigan asos yo‘q.

Endi esa o‘sha asos bor ekan. Ko‘pchilikka ma’qul tushgani – uzoq yurtdan keladiganlar yo‘l tashvishidan qutulganidan xursand – ular uchun usha yerda ziyofat tashkil etilarkan. Ikki joyda o‘tkaziladigan bir to‘y. U to‘yda kuyov ishtirok etadi, bunisida kelin. Oradagi masofa o‘n ming kilometr. O‘rnatilgan ulkan monitorlar orqali to‘yning borishini har ikki tomon  kuzatib borishar ekan.

Nimalar bo‘lyapti? Bariga chet el sababmi? Nega chet el bo‘larkan, o‘zimiz sababchimiz. Yaqinda choyxonada, o‘zi tengi, mehnat nafaqasiga chiqqan keksa mahalladoshlariga bu fikrini isbotlamoqchi bo‘ldi. Chunki o‘zi ham umrining yigirma yildan ziyodini xorijda o‘tkazdi. Endi esa o‘sha damlar o‘tkazgan vaqtini havoga sovurilgan umrga yo‘yadi. Yosh emasmi, mashina minishni orzu qildi. Hisoblab ko‘rsa, o‘qituvchilik kasbi bilan orzusiga yetishi uchun o‘n yil yemay-ichmay pul jamg‘arishi kerak. Lekin xorijda bu pulni bir yilda topsa bo‘lishini eshitdi. Halovati yo‘qoldi. Quruq cho‘ntak bilan uzoq yurtlarga borib bo‘larmidi. Astoydil istasa, iloji topilarkan - foizga qarz ko‘tardi. Oh, boshida qanchalar azob chekdi. Hech kimga aytmagan bo‘lsa-da, bu achchiq ko‘rguliklar xotirasida muhrlanib qolgan, eslab hamon o‘ziga rahmi keladi. Uch yil deganda yurtiga qaytdi. Mashina oldi. Uyni ta’mirlamoqchi bo‘ldi. Agar yana ikki-uch yil chetda ishlasa, imoratni qaytadan qurish mumkinligini o‘yladi va yana xorijga yo‘l oldi. Bu gal uyiga qaytish besh yil deganda amalga oshdi. Xotiniga yuborgan pullarini otasiga jo‘natganda, bino bundan ham dang‘illama bo‘lardi, deya yaqinlaridan  kimdir pisanda qildi. Ularni ko‘rolmaslikda ayblab, oldi-ortiga qaramay pul sarflagan xotiniga yon bosdi. Farzanlaridan kattasining bo‘yi yetgan, ikki-uch yildan so‘ng bu muhtasham hovlida munosib to‘y bo‘lishi oldiniga ko‘ngildan o‘tgan bo‘lsa, keyin tilga ko‘chdi.

Munosib to‘yga katta mablag‘ sarflanishi ma’lum edi. Yana xorijga ketdi. Ikki yil o‘tib onasi vafot etgani haqida xabar keldi. Lekin  ta’ziyaga kelolmadi, katta pul to‘lanayotgan ishni tashlab ketishga ko‘zi qiymadi. Keyin otasi tinmay  telefonda bog‘lanib,  yo uyga qaytishini, yoki xotinini yoniga chaqirib olishini talab qildi. Yoniga kelgan xotini o‘zgarganini darrov sezdi. Shunday bo‘lsa-da, buni otasining injiqliklariga yo‘yib, xayoliga kelgan gumonlarni haydadi. Hech vaqt o‘tmay, yana otasidan xabar keldi – o‘g‘lini uylantirmasa bo‘lmasmish. Kollejda o‘qiydigan tirmizakning noma’qulchilik qilganini qanday tushunish mumkin. Lekin ayni vaqtda qancha istashmasin, bosh bo‘lib o‘tkazishni orzu qilgan to‘yga borish er-xotinga nasib qilmadi – ish beruvchi bilan tuzilgan shartnoma oyoqqa  tushov bo‘lgandi. Ishtirok etmagan bo‘lishsa-da, to‘yni videodan ko‘rishdi. Xotinining opasi to‘yni ular aytgandan ham ziyod o‘tkazibdi.

Agar singlisi otasining betob ekani,  bolalariga qarashga yaramay qolganini aytib, qistalang qilmaganda, ikki yillardan so‘ng uyiga qaytmoqchi edi. Darhaqiqat, otasiga qarab rahmi keldi. O‘g‘il bo‘lib unga xizmat qilmaganini o‘yladi, ezildi. Bir vaqtlar zabardast bo‘lgan odamning bir burda bo‘lib qolganiga ishongisi kelmasdi. O‘qishga kiritish uchun to‘lagan puliga achinsa-da, institutda ta’lim olayotgan qizini xotinining yoniga jo‘natdi. Shifokorlarning uqtirishicha to‘shakka mixlangan otasi hali-beri jon beradiganga o‘xshamaskan – yuragi baquvvat deyishdi. Maktabning biri boshlag‘ich, ikkinchisi bitiruv sinfda o‘qiydigan ikki farzandi va joyidan qo‘zg‘almaydigan bemor otasiga qarash o‘ziga qoldi. Lekin qiynalmadi – xorijga borganda ilk qilgan ishi bir cholga qarash bo‘lgandi – bu yangilik emas. Faqat u yerda bu xizmati uchun katta maosh to‘lashgan.

Otasining parvarishiga shunchalar jon kuydirdiki, mahalladagilarning e’tiboriga tushdi, hurmatini qozondi. Umri bir yilga ham bormaydigan bemor ota yana olti yil yashadi. Ta’ziya kuni murdasho‘y aytgan gap ancha vaqt odamlarning og‘zidan tushmadi – hammomdan yuvinib chiqqan odam birdan o‘lib qolganda ham badani marhum cholning murdasidek toza bo‘lmas ekan. Bu orada xotini ikkinchi qizini ham yoniga chaqirgan, katta qizi esa xorijlikka turmushga chiqqan bo‘lib, bemorni tashlab ketishni istamagani uchun u farzandining to‘yiga borolmadi. Agar kenjatoyini demasa kun bo‘yi yolg‘izlik uni qiynab tashlagandi. O‘g‘li kelasi yili maktabni bitiradi. Unga xotini ko‘z tikkan – xorijda o‘qitmoqchi. Uning  esa hech qayerga borgisi yo‘q. Nima uchun boradi? Mashina bor, dang‘illama imorat. Faqat oila yo‘q. Aksincha bo‘lishi qanchalar yaxshi edi. Nima keragi bor edi shu mashinaning, bu qasrning – hech kim minmasa, oila istiqomat qilmasa.

Ko‘pchilik havas qilgan muhtashamlikning bahosi qanchaga tushganini hech kim bilmaydi, tasavvur etolmaydi. O‘g‘li xorijga ketib tamoman yakkalanib qolganda oilaning parokanda bo‘lganini aniq his etdi. Lekin eng ajablanarlisi undagi bu holatni hech kim payqamasdi. Yoki bilishsa ham, yashirishganmi, uni ayashganmi? Agar shunday bo‘lsa, sezardi. Alam qilgani, ko‘pchilik yosh oilalarning u bir vaqtlar  yo‘l qo‘ygan xatolikni qaytarayotgani, uning oldini olish bo‘yicha hech kim hech qanday chora ko‘rmayotgani edi. Maqsad esa o‘zgarmagan – mashina, uy, to‘y.

Gohida mahalla-ko‘yning o‘z yaqinlariga bo‘lgan loqaydligiga chidolmay ko‘chaga chiqib baqirgisi kelardi: “Hoy birodarlar! Aqlingizni yig‘ingiz. Mashina nufuz emas, harakatlanishni yengillashtiradigan vosita. Topgan puldan bahaybat imoratlar qurishga emas, bolalarni o‘qimishli qilish uchun foydalaning. Yillab yig‘ilgan mablag‘ni bir kunda sarflab, dabdabali to‘y o‘tkazishdan foyda yo‘q, bu aqlsizlikdan boshqa narsa emas”, deb ularni mulohazaga chorlamoqchi bo‘lardi.

Odamlarning boshpana qurishda, to‘y-maraka o‘tkazishda kim o‘zarga tushib ketganiga, bundan ham yomoni, samarasiz pul sovurishning yangi-yangi, antiqa usullarini o‘ylab topishayotganiga tushunmasdi. Keraksiz sarflangan pullar o‘zga yurtlarda og‘ir mehnat bilan topilishi hech kimni ajablantirmagani unga azob berardi. Yanada qiynagani, o‘zi noto‘g‘ri deb bilgan narsalarining amalga oshishiga qarshi hech qanday chora topmagani, topa olmayotgani edi. Hatto, birinchi nevarasini unashtirishganda to‘yni okean ortida o‘tkazish maslahatini berdi. Agar biroz yashab, keyin o‘g‘lidan ajrashib ketgan kelini bunga rozi bo‘lganini aytmasa, hamma qarindoshlar qarshi chiqishdi. Xotinining jazavaga tushgani-chi. Buvi bo‘lib biror marta qo‘lida ko‘tarmagan, qachonlardir o‘g‘li badnom qilib ketgan kelinining yolg‘iz boshi bilan voyaga yetkazilgan qiz – nevarasi bugun orzularining amalga oshiruvchisi ekanini aytgan xotiniga u qilayotgan ish manmanlikdan boshqa narsa emas ekanligini qancha tushuntirmasin, biror natija chiqmadi.

Hali turmush qurayotgan yigiti bilan yuz ko‘rishmagan, uning qanday odam ekanligini bilmagan nevarasining ham xorijga ketayotganidan xursandligi uning battar ensasini qotirardi. Nahotki o‘zimizning og‘ir mehnatimiz bilan yoshlarimizni yengil-yelpi hayot  kechirishga o‘rgatgan bo‘lsak. Axir aksi bo‘lishi kerak edi-ku?

Bir haftadan so‘ng to‘y. Ortiqcha dabdabalarga qarshi bo‘lmasin,  baribir, shu kunning kelishini bir oydan buyon orziqib kutayotgandi. So‘nggi kunlarda to‘rt farzandining bir joyga yig‘ilishi xayolidan ketmay qoldi. Qancha  tasavvur etmoqchi bo‘lsa ham, ularning hozirgi ko‘rinishini ko‘z oldiga keltirolmadi. Go‘yo barchasi hali ham go‘dakdek,  ko‘pincha  ularning bog‘cha va maktabda o‘qib yurgan vaqtlardagi qiyofasi, ular ham to‘liq emas,  elas-elas nigohida gavdalanardi. Aslida farzandlarini bir ko‘rishda tanimay qolish xavotirini ko‘ngliga solgan xotini bo‘ldi. Bundan ikki yillar oldin xorijdan qaytgan xotinini aeroportga kutib olishga chiqqanida qo‘lidagi jomadonlarni unga tutqazayotgan semiz ayolni ilkas tanimadi. Nahotki o‘n yilda odam shuncha o‘zgarsa. Uyga qaytishda mashinaning orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan xotiniga bir-ikki razm soldi. Sochlar oqargan, bo‘ynida chuqur botgan ikki qator ajin, so‘lg‘in chehra. Buni yo‘l charchog‘iga yo‘ydi. Lekin uyga kelib ham bu chehra o‘zgarmaganini, unda qandaydir bir norozilik sharpasi qotib qolganini ko‘rdi. Keyin  farzandlar onani majburlab uyga jo‘natishgani ayon bo‘ldi – buni xotinining bolalaridan o‘kinganida, u endi ularga kerak bo‘lmay qolganini bot-bot takrorlaydigan bo‘lib qolganida sezdi. Bu orada o‘g‘lining uzoq yillar oldin tashlab ketgan  qizi yodiga tushib, uni xorijlik hamkorining o‘g‘liga uzatmoqchi ekani mazmun-mohiyatsiz o‘tayotgan kunlarining asosiy masalasiga aylandiki, bu yangilik xotinini quvontirib yuborgan bo‘lsa, o‘shandayoq, hayajondan ko‘ra qandaydir xavotir uning ko‘ngliga o‘rnashib oldi. O‘shadan buyon hayiqish bilan yashaydi. Endi esa bezovtaligi o‘z sababini bir-bir namoyon etmoqda. To‘yning ikki yoqda o‘tkazilishi bu hali boshlanishi. Yana qanday tashvishlar kutayotgan ekan ularni? Eng yomoni farzandlarini ko‘ra olmagani bo‘ldi. To‘y bahona ular bilan uchrashmoqchi edi. Esiz.

To‘yga bo‘lmasa-da, ta’ziya bahona farzandlar oila parchalanishining  sabablaridan biri bo‘lgan muhtasham hovlida yig‘ilishdi. Otasining noxosdan vafot etgani ularning rejalarini o‘zgartirib yuborgan, kelmaslikka harchand urinishmasin, onadan bo‘lgan hayiqish, balki so‘nggi marta ularni bir joyda yiqqandi. Nima bo‘lganda ham bu so‘nggi hayiqish. Hali oldinda... besh kundan keyin to‘y belgilangan.

Xurshid NURULLAYeV.