Mashrab Boboyev tavalludining 80 yilligi keng nishonlanadi
Vazirlar Mahkamasi farmoyishiga ko‘ra, Samarqandda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir va dramaturg Mashrab Boboyev tavalludining 80 yilligi keng nishonlanadi.
Mashrab Boboyev 1941 yilda Payariq tumanida tug‘ilgan. Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutida o‘qigan. Respublika xalq ijodiyoti uyida uslubchi, Samarqand viloyat xalq ijodiyoti uyining direktori, “Yosh gvardiya” (hozirgi “Yangi asr avlodi”) va G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotlarda muharrir bo‘lib ishlagan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida, Madaniyat ishlari vazirligida, O‘zbekiston Milliy axborot agentligida mas’ul vazifalarda faoliyat ko‘rsatgan.
Adibning «Onamga xat», «Bahor kayfiyati», «Gurung», «Kechki trolleybus», «Bag‘ishlov», «Olisdagi chiroq», «So‘z», «Men bilgan sir», «Qani mening yulduzim?», «Nomsiz yulduzlar» (1991) kabi o‘nlab kitoblari chop etilgan.
Mashrab Boboyev dramaturg sifatida «O‘ttiz yoshlilar», «Yer tomiri», «Toshkentdan kelgan mehmon», «Tunis prezidenti», «Bizning hovli», «O‘z uyingdasan», «Qani mening yulduzim?» kabi sahna asarlari yozgan. Bundan tashqari, uning asarlari asosida ko‘plab videofilmlar suratga olingan. Ular orasida, ayniqsa, “Ko‘ngil ko‘chalari” ko‘p qismli videofilmi ancha mashhur.
Mashrab Boboyevga 1995 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni berilgan. 2003 yil 23 iyulda Toshkent shahrida vafot etgan.
Samarqand viloyati hokimligi tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasida iyul oyida Payariq tumanidagi yoshlar bog‘ida adib tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi, foto va kitoblar ko‘rgazmasi, Samarqand davlat universitetida esa ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazish belgilangan.
Mashrab Boboyev tug‘ilib o‘sgan Payariq tumani Maniobod mahallasidagi 91-umumiy o‘rta ta’lim maktabida xotira burchagi tashkil etiladi, tumandagi markaziy ko‘chalardan biriga uning nomi beriladi.
Yubiley tadbirlarini yil davomida o‘tkazish ko‘zda tutilgan.