Mast holatda ikkinchi marta qo‘lga tushgan haydovchi 15 sutkaga qamaldi
Urgut shahrida istiqomat qiluvchi J.X. avtomashinasini mast holda boshqarganligi uchun 15 sutkaga qamaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, J.X. ilgari ham 2020 yil 8 yanvar kuni “Damas” rusumli avtomashinasini mast holda boshqarganligi uchun Urgut tumani ma’muriy sudining qarori bilan 1 yilu 6 oy muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari miqdorida jarim jazosi qo‘llanilgan.
Sud tomonidan qo‘llanilgan ushbu jazodan o‘ziga tegishli xulosa chiqarib olmagan haydovchi J.X. joriy yilning 15 fevral kuni spirtli ichimlik iste’mol qilgan va shu kuni soat 15:30 larda “Damas” rusumli avtomashinasini ko‘chaga boshqarib chiqqan. Samarqand tumani hududida viloyat IIB YHXB xodimlari tomonidan to‘xtatilganida, uning mast holatda transport vositasini boshqarayotganligi aniqlangan.
Kecha, 22 aprel kuni sud jarayonida (karantin sabab ish endi ko‘rilgan) huquqbuzar J.X. o‘z aybiga iqrorlik bildirib, zarurat uchun avtomashinasini mast holatda boshqarib ko‘chaga “otlanganligi”ni tan oldi.
Urgut tumani ma’muriy sudi raisi Akmal Alimovning ma’lum qilishicha, J.X. O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 131-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.