Mas’ullar befarq bo‘lmasa, yoshlarning vaqti samarali o‘tadi
Urgut tumanida ishga tushishi lozim bo‘lgan 50 ta ob’yektning 11 tasi hali qurilmagan.
Bundan to‘rt yil avval Urgut tumani O‘ramas mahallasida tadbirkor Ismoilxon Rahmatov tomonidan “Yoshlar mehnat guzari” tashkil etilgan edi. Bugungi kunda 10 sotix maydonda bunyod etilgan ikki qavatli ushbu binoda savdo do‘konlari, qandolatchilik va tikuvchilik sexlari hamda o‘quv markazi faoliyat yuritib kelmoqda.
Bu yerda 50 nafardan ziyod yoshlar doimiy va mavsumiy ishlarga jalb qilingan.
Davlat rahbari hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli farmon va qarorlariga asosan 2018 yildan beri tumanda 50 ta ana shunday “Yoshlar mehnat guzari”, “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazi va boshqa shu kabi ob’yektlar qurilib, foydalanishga topshirilishi kerak edi. Ammo...
- Ushbu ob’yektlarni qurish maqsadida tuman hokimining yer ajratish bo‘yicha 50 ta qarori qabul qilingan, - deydi tuman qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Farruh Jamolov. – Yaqinda maxsus tuzilgan ishchi guruh tomonidan holat o‘rganilganda 24 ta inshoot loyiha asosida bunyod etilib, faoliyat boshlagani aniqlandi. 12 ta binoning qurilish ishlari hali yakuniga yetmagan.
Tumanning Mingtepa mahallasida tadbirkor Otabek Xoliqovga ajratilgan 0,5 gektar yer maydonining bir qismida “Yoshlar mehnat guzari” majmuasi bunyod etilgan, biroq bu yerdagi savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalarining aksariyati ishga tushmagan. Faoliyat boshlaganlarining ham samarasi ko‘zga tashlanmaydi.
- Bu majmua qurilib foydalanishga topshirilganda o‘zim ham yoshlar qatorida, ya’ni 29 yoshda edim, - deydi tadbirkor O.Xoliqov. – Qishloq yoshlarini ish bilan ta’minlash maqsadida 7 xonadan iborat bino bunyod etildi, ammo bu yerda yoshlar ishlashni istamayapti. Sababi, majmua mahalla markazidan chetroqda, aholi gavjum bo‘lmagan hududda joylashgan. Agar ishlashni xohlasa, marhamat kelsin, barcha sharoitlarni yaratib beraman. Ijara haqi to‘lamaydi, hatto kommunal to‘lovlarini ham o‘zim to‘lab beraman.
Shuningdek, tadbirkor bu yerda ikki nafar yigitning qorovul vazifasida ishlayotganini aytdi. Ularga majmua tomorqasida dehqonchilik qilib, foydalanishni taklif qilganini, ammo bu yoshlar ham ishlamayotganini ta’kidladi.
Bu majmua samarasiz faoliyat yuritayotgani uchun ajratilgan yerning bir qismiga quruq mevalarni qadoqlash sexini ishga tushirishni rejalashtirdim, - deydi tadbirkor. - Buning uchun bino qurilib, zarur uskunalar keltirildi. Ammo hali ish boshlaganimiz yo‘q. Agar sex faoliyati yo‘lga qo‘yilsa, 30 nafar yoshning bandligi ta’minlanadi. Bugungi kunda quruq mevani eksport qilish bo‘yicha xitoylik tadbirkorlar bilan 1 million dollarlik shartnomalar imzolandi.
Shu paytgacha tumanda ishga tushishi lozim bo‘lgan 50 ta ob’yektning 11 tasi hali qurilmagan.
Aslida yer ajratilgandan keyin tadbirkorlar tomonidan ikki yil muddat ichida binolar qurilib, foydalanishga topshirilishi kerak edi, - deydi Farrux Jamolov. - Ammo mas’ul xodimlarning ishdan ketishi, o‘rniga boshqalar kelishi va boshqa sabablarga ko‘ra e’tibordan chetda qolgan. Shaxsan o‘zim 2022 yilda ishga kelganman va bu masala bo‘yicha 2023 yilda ham shug‘ullanganmiz. Xususan, o‘tgan yili tuman sudiga o‘ndan ziyod da’vo arizalari kiritilgan. Qurilishi chala binolarni buzish va maqsadli foydalanilmayotgan yer maydonlarini qabul qilingan sud qarorlari asosida qaytarib olish choralari ko‘rilyapti.
Agar qurilib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan 50 ta ob’yekt - “Yoshlar mehnat guzari”, “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazi va boshqa shu kabi majmualarning barchasi to‘liq ishga tushadigan bo‘lsa, har biriga kamida 10 nafar yosh jalb qilinib, 500 nafar yigit-qizning bandligi ta’minlangan bo‘ladi. Shuningdek, yuzlab yoshlarning hunar o‘rganishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun qulay imkoniyatdir.
Bu kabi muammolar viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham mavjud. Bunga mas’ul xodimlar befarq bo‘lmay, har bir ob’yekt faoliyati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishiga e’tibor qaratsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov.