MDH davlatlari veterinariya farmakologlari va toksikologlarining VII xalqaro qurultoyi bo‘lib o‘tmoqda

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida “Farmakologiya va toksikologiya fanining zamonaviy rivojlanish tendensiyalari, istiqboldagi vazifalar va antibiotik rezistentlik muammolarining yechimlari” mavzusida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi veterinariya farmakologlari va toksikologlarining VII xalqaro qurultoyi bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbirni ochib bergan Butunrossiya patologiya, farmakologiya va terapiya veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy rahbari, RFA akademigi Sergey Shabunin farmakologiya va toksikologiya fanining zamonaviy rivojlanish tendensiyalari, istiqboldagi vazifalar va antibiotik rezistentlik muammolarining yechimlari mavzusida ko‘rilayotgan masalalar va ularning yechimlari xususida so‘z yuritdi.

- Bugungi qurultoyda olti davlatdan o‘ttizga yaqin soha mutaxassislari qatnashmoqda, - dedi universitet rektori, professor Xudoynazar Yunusov. – Qurultoyda ko‘tarilayotgan asosiy mavzu chorvachilikni rivojlantirish bo‘lsa-da, biz asosiy e’tiborni antibiotiklarga chidamlilikka qaratamiz.  

- Men O‘zbekistonga birinchi marta kelishim, - dedi Turkiyaning Istambul universiteti professori Ali Aydin. – Men Istambul universitetining vakili sifatida antibiotiklarga chidamlilik bo‘yicha ma’ruza o‘qish uchun keldim. Ushbu konferensiya juda dolzarb muammoga bag‘ishlangan. Aynan antibiotiklarga chidamlilik va antibiotiklarni qo‘llash bo‘yicha Turkiyada va Yevropada o‘tkazilayotgan tajribalar bilan o‘rtoqlashdim. Kelajakda mana shu sohada O‘zbekiston bilan universitetlar o‘rtasida xalqaro loyihalar va xalqaro hamkorlik o‘rnatish niyatimiz bor.

Tadbirda “Farmakologiya va toksikologiya fanining zamonaviy rivojlanish tendensiyalari, istiqboldagi vazifalar va antibiotik rezistentlik muammolarining yechimlari”, “Mahsuldor hayvonlarning ochiq bo‘shliqlari patogenlarida antibiotiklarga chidamlilik genlarning muammolari va tarqalishi”, “Parazitlarga qarshi chora-tadbirlar tizimida dorivor o‘simliklar” kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi.

Qurultoyda Butunrossiya patologiya, farmakologiya va terapiya veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy rahbari Sergey Shabunin, Qozoq Milliy agrar tadqiqotlar universiteti professori Abdiraxman Ombayev, Tojikiston texnika universiteti professori Anvariddin Muhiddinovlarga Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti faxriy professori ilmiy unvoni berildi.