Mebelchilik faoliyatini boshlash, kengaytirish istagida yurgan yosh tadbirkorlarga 7 yilga 5 milliard so‘mgacha 18 foizli kredit ajratiladi

O‘tgan yili mebelsozlik yo‘nalishida 920 ta yangi korxona ish boshladi. Sohada 6 trillion 700 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.

- Buni karrasiga oshirish uchun qator masalalarni hal qilish zarur, - dedi Prezident. - Masalan, mebel mahsulotlarining 25-30 foizi xonadonlarda tayyorlanyapti. Uydagi ishlab chiqarishdan sanoat bosqichiga o‘tishga intilayotgan mebelsozlar ko‘p.

Shu bois, yakka tartibdagi tadbirkorlarga 5 nafargacha ishchi olib, mebel ishlab chiqarishga ruxsat beriladi. Ushbu faoliyatni boshlash, kengayish istagida yurgan yosh tadbirkorlarga 7 yilga 5 milliard so‘mgacha 18 foizli kredit ajratiladi.

Oltinko‘l va Xonqadagi “Mebelchilik markazi”da 100 dan ziyod korxona zamonaviy uskunalar o‘rnatib, mebel ishlab chiqarmoqda. Oldin uyidagi tor joyda mebel yasagan tadbirkorlar hozir yaxlit kompleksga joylashib, klaster tizimida ishlayapti.

Sharof Rashidov, Yangi Namangan, Past Darg‘om, O‘rtachirchiq, Quva, Buvayda, Yunusobod va Uchtepada ham Xonqa tajribasi asosida mebelchilik markazlarini ishga tushirish topshirildi.