Megapolislar daraxtlar tufayli yiliga 150 million dollar tejaydi

Atrofimizdagi daraxtlar insoniyatning to‘laqonli yashashi uchun hayotiy ahamiyatga ega. Yashil olam shahar havosini 2-8 darajaga salqinlashtiradi. Bitta daraxt yiliga 15 ming litrgacha suvni tuproqda saqlaydi. Daraxtlarning atrof-muhitga berayotgan foydasi tufayli megapolislar har yili 150 million dollarga yaqin mablag‘ tejaydi.
Lekin daraxt barglarini yoqish ekologiyaga katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Statistik raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, bir tonna xazon yoqilganda, atmosfera havosiga 30 kilogramm uglerod oksidi ajralib chiqadi. Bundan tashqari, inson salomatligi va atrof-muhitga zarar yetkazuvchi boshqa moddalar, ya’ni oltingugurt angidridi, qurum, azot oksidi va murakkab tarkibli organik birikmalar – dioksinlar ham tashlanadi. Xazondan chiqayotgan tutun atmosfera tarkibidagi kislorod miqdorini kamaytiradi. Ayniqsa, chala yongan xazon o‘zidan zaharli gaz chiqaradi. Undan ajralayotgan tutun atmosferada to‘planib, havoga karbonat angidrid gazi chiqaradi.
Mutaxassislarning fikricha, zararli moddalarga to‘yingan havodan nafas olgan kishining nafas yo‘llari, ko‘zi hamda markaziy asab tizimi shikastlanadi. Shu bilan birga, organizmda o‘pka saratoni, bronxial astma kabi xavfli kasalliklar kelib chiqish xavfi ortadi. Xazonni yoqishdan kelib chiqadigan zararli tutun, ayniqsa, bolalar, yurak qon-tomir, nafas olish yo‘llari xastaliklariga chalingan hamda allergiyasi bor insonlarga ko‘proq salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shuni unutmaslik kerakki, koronavirus pandemiyasi sharoitida atmosferaning turli moddalar bilan ifloslanishi, ushbu kasallik bilan kasallanganlar, tuzalib chiqqanlar uchun esa nihoyatda zararlidir.
Xayrulla ATAMURODOV,
Samarqand shahar Ekologik partiya raisi.