Men “vegetarian” bo‘lmoqchiman…

Sa-al ertaroq sevinibsan-da, Eshakvoy… Ko‘z tegdi. "Taraqqiyot menga baxt olib keldi. Velosiped, mototsikl, mashina, ayniqsa “Damas”lar yukimni yengillatdi, shuning evaziga ozod bo‘ldim. Endi ohu kabi qir-adirlarda javlon uraman”, deding hoynahoy. Ammo seni sevintirgan bu “progress” “eshaklar” hayotida yangi davrni boshlab berdi.

Odamzod atalmish maxluqotning “nafsi o‘pqon” deyishadi.

Bir yarim  yillar burun televizorda Samarqand shahri Xishrav qo‘rg‘onidagi jarliklar eshaklar qabristoniga aylantirganligi haqidagi lavha efirga ketdi. Nima emish, eshakning terisidan Xitoyda noyob yoshartiradigan dori olar emish. Uning terisi qimmatbaho emish. Bu mish-mishni eshitgan nafsning qullari qanday jim tursin?! Shartta “modadan qolgan uy hayvoni” deya eshakning terisini shilib, pullay ketdi.

Toshkentlik ayrim “uddaburonlar” “Terisini-ku sotamiz, go‘shti ham nobud bo‘lmasin”, dedi shekilli bir yo‘la “Sharshara” kolbasalariga eshak go‘shtini qo‘shib qo‘ya qoldi. Kimsan, “Halol” brendiga o‘ta amal qiladigan Farg‘onada oshxonalarga eshak go‘shtini tarqatgan “ustasi farang” lar esa “kolbasa sexiga topshirsak, Toshkentdagi kabi sezib qolishadi” deb o‘yladi-yov chamamda, xo‘randalarni eshak go‘shti bilan siylashdi.

 Shundan buyon halovatim yo‘qolgan. Go‘sht do‘koniga borsam, “Bu nimaning go‘shti?” deb so‘rayman. Qassob yigit ham hazilkash emasmi “Sizga qanaqa go‘sht kerak? Bizda hammasidan bor” deb javob beradi. 

Yuqoridagi vokealar haqidagi xabarlar matbuotda tarqagandan bo‘yon yeganim ichimga tushmaydi. Eng sevimli taomlarimni ishtaha bilan yeya olmayman. Axir barcha milliy taomlarimizni go‘shtsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi-da.

Yaqinda bir davrada eshak go‘shti mavzusida munozara bo‘ldi. Yoshi katta kishilardan biri hammani bu boradagi fikrlarini eshitib bo‘lgach:

- Dunyoda eshaklar juda ko‘p. Ammo birortasini o‘z ajali bilan o‘lganini ko‘rmaganman. Demak, u avvaldan yeyilib kelingan, dedi sovuqqonlik bilan.

Ana u gapdan keyin meni ahvolimni ko‘ring… Shubhalar ketidan, shubhalar… Nahotki, men ham qachonlardir, eshak go‘shtidan tatib ko‘rgan bo‘lsam?.. Agar shunday bo‘lsa, gunohi o‘sha qassobu “iste’molga yaroqli” tamg‘asini urgan mutaxassisga ursin.

Qadimda eshaklar xizmatidan deyarli hamma foydalangan. Ulov, yuk tashish vositasi sifatida, yerga ishlov berishda insonning eng yaqin yordamchisi bo‘lgan. Nega bular haqida gapiryapman? Sababi, hozirgilarning ko‘pchiligi bu haqida bilmaydi. Bugungi kunda eshaklarni ahyon-ahyonda uchratasiz. Ular kamayib bormoqda. Shuni inobatga olib men bir qarorga keldim.

Men “vegetarian” bo‘lmoqchiman. Bilasizmi, nima uchun? Mushuklarni saqlab qolish uchun! Nega deysizmi? Chunki yer yuzida qo‘y-qo‘zi, echki-uloq, yilqi va tuya-bo‘taloq qolib, bugun qurbaqa, ilon, toshbaqa, dengiz qurtlari, it va eshak go‘shtini iste’mol qilayotgan odamzod, ertaga mushuklarni yemaydi, deb kim kafolat beradi?!

- Mushukning go‘shti falon kasallikka davo ekan, - degan ahmoqona gap tarqab qolgudek bo‘lsa, qarabsizki, yer yuzida bu beozor jonzot anqoning urug‘iga aylanadi. Mushuklar yo‘qolib ketsa, sichqonlar ko‘payib ketadi. Men esa sichqonlardan qo‘rqaman!

Zirapcha tilidan Baxtigul Qarshiyeva yozib oldi.