"Menga mayda qadamlar san’atini o‘rgat"

Mashhur fransuz yozuvchisi, shoir va professional uchuvchi Antuan de Sent-Ekzyuperining “Iltijo”si uning hayotidagi eng qiyin davrlarida yozilgan.

U bizga juda muhim narsalarni eslatadi, insonning qalbi va ongiga chuqur ta’sir ko‘rsatadi. Siz ham o‘qib, o‘zingizga keragini oling. 

“Xudoyim, sendan mo‘’jizalar va saroblarni emas, balki har bir kunning qadr-qimmatini so‘rayman. Menga mayda qadamlar san’atini o‘rgat. 

Kundalik hayotning rang-barangligida hayajonga soladigan kashfiyot va tajribalar bilan chegaralanmay qolmaslik uchun meni kuzatuvchan va topqir qil. Menga hayotim vaqtini xatosiz sarflashni o‘rgat, muhim va unchalik ahamiyati bo‘lmagan narsalarni ajrata oladigan nozik bir qobiliyat in’om et. 

Hayotda parvoz qilmaslik yoki toyib ketmasligim uchun tiyilish va me’yor kuchini so‘rayman, shunda kunimni oqilona rejalashtirib, cho‘qqi va masofalarni ko‘ra olardim va ba’zida san’atdan zavq olishga vaqt topgan bo‘lardim. 

Menga na o‘tmish, na kelajak orzulari ko‘makdosh bo‘lmasligini tushunishga yordam ber. Aynan bugun va aynan shu yerda bo‘lishimga va aynan shu daqiqa muhimligini idrok etishimga yordam ber. 

Meni hayotdagi hamma narsa silliq bo‘lishi kerak, degan sodda e’tiqoddan ehtiyot qil. Menga qiyinchiliklar, muvaffaqiyatsizliklar, yiqilish va mag‘lubiyatga uchrashishlar hayotning tabiiy bir qismi ekanligi to‘g‘risida aniq shuur ber, shuning natijasida biz kamolga yetamiz. 

Ko‘pincha yurak aql bilan bahslashib turishini menga eslatib tur. 

Zarur bo‘lgan paytda menga haqiqatni aytishga jur’at etadigan, biroq uni mehr ila yetkazadigan odamni yubor. 

Hech narsa qilmasdan turib ham ko‘plab muammolarni hal qilish mumkinligini bilaman, shuning uchun menga sabr-toqatni o‘rgat. 

Do‘stga qanchalik muhtojligimizni bilasan. Taqdirning ushbu ajoyib va nozik in’omiga munosib bo‘lishimga ijozat ber. 

Menga kerakli paytda, kerakli vaqtda, kerakli joyda sukunat yoki suhbatda kimgadir zarur iliqlikni berishim uchun boy tasavvur ato et. 

Meni butunlay “pastda” bo‘lgan kishilarga murojaat qilishni biladigan odamga aylantir. 

Hayotda biror narsani o‘tkazib yuborish qo‘rquvi bilan yashashdan asra. 

Menga o‘zim xohlagan narsani emas, balki zarur narsalarni ber. Menga mayda qadamlar san’atini o‘rgat”. 

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.