Mening birinchi o‘qituvchim

Toyloq tumanidagi 20-umumiy o‘rta ta’lim maktabining boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi Mahbuba Rahmatovani tumandagi Payshanbasiyob mahallasi hududida yashovchi fuqarolarning ko‘pchiligi ana shunday e’zozlashadi.

O‘ttiz bir yildan buyon ushbu ta’lim dargohida maktabga ilk qadam qo‘ygan bolajonlarga xat-savod o‘rgatib, ularning o‘qish-izlanishga bo‘lgan qiziqishini oshirish yo‘lida fidokorona mehnat qilib kelayotgan Mahbuba Rahmatova bugun ham o‘zgacha shijoat bilan ta’lim-tarbiya ishlari bilan band.

E’tiborli tomoni shundaki, ustozdan ilk saboq olgan sobiq o‘quvchilar farzandlarini ham albatta, o‘z ustozlari qo‘lida ta’lim-tarbiya olishini istashadi. Shu bois M.Rahmatova ta’lim berayotgan 2-“V” sinfi o‘quvchilarining 18 nafari sobiq o‘quvchilarining farzandlari ekan.

– O‘quvchilik paytimda o‘qituvchilikka qiziqqan edim, – deydi xalq ta’limi a’lochisi M.Rahmatova. – O‘sha qiziqish, orzu-havas hali ham qalbimda o‘chgani yo‘q. Yillar o‘tgani sari kasbimga bo‘lgan mehrim oshib boryapti. O‘quvchilar bilan imkon qadar ko‘proq ishlashga, ularga har bir daqiqadan unumli foydalanib, ko‘proq bilim berishga harakat qilaman.

Barchaga birdek ayon, inson doimo yon-atrofidagilarga nisbatan raqobat hissini tuyib yashaydi. Ayni o‘sha jarayonni o‘quvchilar o‘rtasida ilm o‘rganishga yo‘naltirish ularning o‘zlashtirish darajasini oshirish imkonini beradi. Shuning uchun faoliyatimda o‘quvchilarni o‘zaro musobaqalashtirib, dars berishga harakat qilaman.

20-umumiy o‘rta ta’lim maktabida Mahbuba Rahmatovadan ta’lim olib, maktabni a’lo baholarga bitirgan sobiq o‘quvchilarning uch nafari bugun o‘z ustozlari bilan bir jamoada mehnat qilmoqda.

A.ISROILOV.