Mening bobom – qahramon!

 Yetti yil davomida Finlyandiya, Ikkinchi jahon, Yaponiya urushlarida qatnashgan, Moskva, Stalingrad, Sevastopol, Odessa, Qrim, Don, Volga, Belorussiya, Varshava kabi shaharlar ozodligi yo‘lidagi janglarda ishtirok etgan, to Berlin ostonasigacha borgan, ko‘rsatgan qahramonligi uchala darajadagi “Shuhrat” ordeni, “Qizil yulduz” ordeni, uchta “Jasurligi uchun” medali, Ikkinchi jahon urushi g‘alabasining 20, 40, 50, 60 yillik yubileyi medallari, “Germaniya ozodligi uchun”, “Varshava ozodligi uchun”, “Belorussiya fronti” va “Jasorat” medali bilan taqdirlangan, tiklanish yillarida alohida namuna ko‘rsatgan bobom Isroil Mirzayev haqli ravishda bizning faxrimiz edi.

Bobomni butun el hurmat bilan “Geroy buva” deyishardi. To umrining oxirigacha shunday e’tirof, izzat-ikrom uni tark etmadi. Bobom tabiatan samimiy, elparvar va dasturxoni ochiq inson edi. Har doim xonadonidan so‘rab keluvchilar, hangoma talablar, mehmonlar safi uzilmasdi. Dilkash insonligi bois uning ichakuzdi hangomalari, urush xotiralari davraga fayz bag‘ishlardi. Chunki katta hayot yo‘lini bosib o‘tgan bu insonning gurungi ham boshqacha edi. Hozir ham Geroy bobomning gurunglarini, barcha olijanob fazilatlarini el-elat faxr bilan ko‘p eslaydi. Bobom 2009 yil 27 yanvarda 91 yoshida vafot etdi. Agarda, bobom ayni paytda hayot bo‘lganida 100 yoshdan oshgan bo‘lardi. Afsuski, bu insondan biz avlodlarga jasoratli hayot yo‘li, ezgu ishlar va shirin xotiralar qoldi, xolos...

Jangchining tug‘ilishi

Bobom tavallud topgan Boshquduq qishlog‘i - Nurobod tumanining eng yirik aholi maskanlaridan biri. Ayni paytda bu qishloqda 668 ta xonadon, 3280 nafar aholi istiqomat qilib kelmoqda. Qishloqning o‘ziga xos tarixi bor, albatta. Tashkil topishi bir necha yuz yillarga borib taqaladi. Eskilarning aytishicha, bu joylar bir paytlar keng dashtlik bo‘lgan ekan. Keyinchalik yashash uchun har tomonlama mos bo‘lgani uchun ko‘chmanchi aholi asta-sekin o‘troqlashib qolgan. O‘zlari uchun boshpana – qora uy tiklab, imoratlar qurishgan. Chorvachilik va dehqonchilikni kasb etgan. Keyinchalik aholi o‘sishi hisobiga Elbegi, Qovchin, Qozito‘p, Pastovul, Yangi tegirmon, Yangi qishloq kabi mahallalar paydo bo‘lgan. Bu qishloqdan o‘z davrining haqiqiy o‘qimishli insonlari yetishib chiqqan. Parda oxun, Muqim qozi, Jo‘ra do‘m, mulla Rustam, mulla Husan, Omonturdi Qodirov, Ismoil Hasanov singari el darg‘alari shular jumlasidandir.

Qishloqning ilgarigi qiyofasi, odamlar turmush tarzi kechagidek yodimda. Bir-biridan uzoq, goh u qir, goh bu qirda joylashgan pastqam chim uylar, loysuvoq imoratlar, tuproq ko‘chalar, odamlarning oddiy hayot tarzi go‘zal va jozibali edi. Atrof ayni bahorda yanada yashnab ketardi. Qizg‘aldoqlar dashtu dalalarni, hattoki, uy usti, borliqni alvon rangga to‘ldirib yuborardi. Odamlarning kayfiyati, ertangi kuni, albatta yilning kelishiga bog‘liq edi. Ko‘klam seryog‘in kelsa, berdi Xudo! Odamlarning cho‘michi moy ustida bo‘lardi. Arpa-bug‘doy, no‘xat, kunjut, zig‘ir, masxardan tonnalab xirmon ko‘tarardi. Bu daromad bilan el ham o‘zini, ham bozorni boqardi. Yil qurg‘onchil kelsa uning tamoman aksi edi...

O‘sha davrdagi qishloq odamlari tamoman boshqacha, bir-biriga mehrli, mehribon edi. Mehmon kelsa, hech kim chetda turmasdi. Qo‘noqning hurmatini joyiga quyardi. Ayniqsa, kurashli-ko‘pkarili to‘ylarda qo‘noq olib, mehmonni bor mehri bilan siylardi.

Qishloq tarixi haqida keksalardan ko‘p so‘raganman. Ularning ta’kidlashicha, Nurobodning ko‘p qishloqlari nomi bevosita quduq nomi bilan bog‘liq. Jumladan, Boshquduq, Jarquduq, Og‘zi katta, O‘ttizquloch va hokazo. Qishlog‘imizda har bir xonadonda bosh-boshiga quduq bo‘lgani uchun Boshquduq, deb nom olgan deyishadi. Bu ishoralarda, shak-shubhasiz, haqiqat bor, albatta.

Qishloqda biz bilgan yagona Usmon Yusupov nomli 6-maktab bor. Bu dargohda o‘tgan davr mobaynida minglab qishloq farzandlari ta’lim olishgan. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, qishloq atrofi lalmikor dashtu dalalardan iborat edi. Keyinchalik 80-yillarda yerlar o‘zlashtirilib, qir-adirlar tekislanib, kanal qazildi. Qishloqqa ilk obi-hayot keldi. Xo‘jalik tashkil etildi. Butun umr chorvachilikni kasb etgan el bu o‘zgarishardan mirishkor dehqonga aylandi. Bog‘-rog‘lar, paxtazor maydonlari barpo etildi.

...1918 yil qishi juda qattiq keldi. Uzluksiz yog‘ayotgan qor tinay demasdi. Bo‘ston opaning ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushdi. Chunki bo‘lajak onaning oy-kuni yaqin, og‘iroyoq, yangi mehmon kutardi. U paytlar shifoxona, do‘xtir, texnika qayerda edi, deysiz? Hamma kelinchak uyida “qo‘zilardi” (hamma chorvador bo‘lgani bois tug‘ruqni odamlarimiz “qo‘zilatish”ga mengzashgan). Qishloqda doyalik va do‘xtir vazifasini bajaruvchi, irim-sirimlarga ustamon momolar bo‘lardi. Barcha chaqaloqlar ular ko‘magida dunyoga kelardi...

24 dekabr... Tong endigina g‘ara-shira otib kelayapti. Bo‘ston opani to‘lg‘oq tutdi. Aksiga olib qorbo‘ron zabtiga olgan. Ko‘z ochirgani qo‘ymaydi. Nachora, Mirza aka bir amallab doyalik bobida dovruq qozongan Bo‘vsara momoni topib keldi. Qo‘li yengil emasmi, uy tezda chaqaloq ingasiga to‘ldi. Bu oiladagi ilk farzand yig‘isi edi. Mirza akaning yelkasidan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi. Sulola davomchisi – yangi mehmon dunyoga kelganidan ich-ichidan quvondi. Yana deng, o‘g‘il! Chaqaloqqa Isroil, deb ism qo‘yishdi.

Qahramonimizning bolalik, yoshlik chog‘lari qishloqda o‘tdi. Kun sayin buy yetib, ro‘zg‘or dastyoriga aylandi. Dashtda mol boqdi, mashoq terdi. Odamlar hayot tarzini aytmasa ham bo‘lardi. Ocharchilik odamlarning sillasini quritgandi. Aholi bir amallab kun kechirar, turmushi nihoyatda abgor, ayanchli edi.

Bobom har gal gurungda u yillar suronini eslab:

- Bolam, bugungi dorilamon kunlarning, tinchlik, degan ulug‘ ne’mat va nonning qadriga yetish kerak. Qornimiz nonga to‘ymagan. Zog‘ora, atala, kunjara yeb katta bo‘lganmiz. Kunjara non o‘rnini bosmas ekan. Undan qancha odamlar shishib o‘ldi. Chunki boshqa iloj ham yo‘q edi. Ha, ocharchilik ko‘p odamlarning tinka-madorini quritdi. Begunohlar umriga zomin bo‘ldi. O‘zimiz g‘alla yetishtirib, o‘zimizga bir pud ham don tegmasdi. Afsuski, qabih davr siyosati shunaqa edi.

Yillar o‘tdi... Isroil maktabga oyog‘ida tosh kalish, ohorsiz yamoq kiyim, latta sumkada maktabga bordi. Xat-savodini chiqardi. O‘qishni teng-tushlariga nisbatan yaxshi o‘zlashtirdi. Asta-sekin bilagi kuchga to‘lib, norg‘ul yigit bo‘ldi. To‘y-tomoshalarda kurash tushdi. Keyinchalik maktabni tugatib, xo‘jalikka traktorchi bo‘lib ishga kirdi.

O‘g‘li ulg‘aygan sayin Mirza aka va Bo‘ston opaning tashvish-xavotiri kundan-kunga oshib borardi. Negaki, bitta-yu bitta farzandini armiya kutardi. Onaizor o‘g‘lini olis-olislarga jo‘natishni aslo xohlamasdi. Nachora. Ko‘ngilga solgani bo‘ladi. Bir kuni tuman mudofaa ishlari bo‘limidan unga chaqiruv qog‘ozi keldi. Bundan ota-ona ilojsiz qoldi. Bu o‘g‘li bor xonadonlarga kelgan to‘y. Oxir-oqibat yigirma bir yoshni qarshilagan Isroil harbiylikka ketadigan bo‘ldi. Ota askar bo‘lish - bu shon-sharaf, er yigitga xos, deb dalda berdi. Onasi yomon ko‘zlardan asrasin, deb bo‘yniga tumor ildi, rizqing butun bo‘lsin, deb non tishlatdi. Ota-onasi va hamqishloqlari uni 1939 yil bahor faslida oy borib, omon kel, deya harbiy xizmatga kuzatdi.

Finlyandiya urushi

...Eshelon bir hafta yo‘l bosgach, nihoyat bepoyon Rossiyaning qalin bir o‘rmonida to‘xtadi. Isroil dunyoning naqadar kengligini endi bildi. Atrofda hali qish zahri kezardi. Issiq o‘lkalardan kelganlar bunday 40 gradusdan oshiq qahratonga, tuflasang tupuging yerga muz bo‘lib tushishiga ilk duchor bo‘lishi edi. Nachora, bariga chidashga, armiyaning barcha tartib-taomillariga so‘zsiz rioya etishga va zobitlar buyrug‘ini bajarishga majbur edi. Shunday qilib, oddiy askar Isroil Mirzayev Sankt-Peterburg shahri yaqinida o‘sha mashhur 275-motoo‘qchi polkida pulemyotchi sifatida harbiy xizmatni boshladi. Taktik mashg‘ulotlarda askarlarga jang san’ati sir-sinoati, qurollardan foydalanish va otish kabi dastlabki ko‘nikmalar puxta o‘rgatildi. Armiyada rus, qozoq, qirg‘iz, tojik va boshqa millat vakillaridan yaqin do‘stlar orttirdi. Isroilga baribir yurt, ota-ona sog‘inchi tinchlik bermasdi. Har gal bo‘ynidagi tumorini ushlaganda mehribon onasi nafasini tuyardi.

1939 yilning sokin noyabr oyi kunlarining birida butun polk uzra noxush xabar tarqaldi. Sobiq ittifoq Finlyandiyaga qarshi urush boshlabdi. Shunday qilib, askarlarni oldinda hayot-mamot janglari kutardi. Isroil ham Vatan shon-sharafi, ozodligi uchun muqaddas jangga otlandi. Qo‘liga qurol olib, ko‘p mudhish kunlarni boshdan o‘tkazdi. Jumladan, bir kun tunda butun qism ogohlantiruvchi buyruqdan oyoqqa turdi. Tong otguncha ular joylashgan eshelon noma’lum tomonga shitob bilan jo‘nab ketdi. Umrida qo‘liga qurol ushlamagan, urush nimalagini bilmagan dasht bolasini Finlyandiya urushi tomon borardi. Kechga tomon eshelon Viborg shahri yaqinida to‘xtadi. Qism askarlari yana qalin o‘rmonlarning birida qo‘nim topdi. Tezda qism tanlangan joydan o‘zlariga plash-palatkalardan qarorgoh hozirlashdi. Yaqin-olislardan kelayotgan gumburlash sasi qalblarni zirqiratardi. Kechki tomon askarlarga bo‘linma oldiga qo‘yilgan taktik reja batafsil tushuntirildi.

- Hademay jangga kiramiz. Dushmanga qaqshatqich zarba berishimiz va albatta, g‘alabani ta’minlashimiz kerak. Jangda matonat ko‘rsatish - bu mardlik, yutqazish esa sharmandalikdir. Xoinlik qilgan zinhor kechirilmaydi. Buni aslo unutmaslik lozim. Ishonamanki, bu borada sizlarda chinakam vatanparvarlik, sadoqat va jasorat namunalari mujassam. Biz qachon jangga kirishimiz hozircha noma’lum. Tepadan buyruqni kutamiz. Shunday ekan, o‘zlaringizni qo‘lga oling, aziz quroldoshlar! Unutmang, sizlarni oldinda yaqinlaringiz kutyapti, - deya ko‘rsatmasini yakunladi kapitan Smirnov. Ha, o‘t-olovli janglarda o‘z burchini mardonavor ado etish ulkan shon-sharaf namunasi edi.

Ikkinchi kun poyloqchilik navbati Isroil va qozoq quroldoshi Tulegenning chekiga tushdi. Belgilangan qorovullik posti qismdan ancha-muncha narida, o‘rmonni shundoq kesib o‘tgan ilonizi yo‘li yoqasida edi. Zobitlar tomonidan barcha tartib-talablar batafsil tushuntirildi. Muhimi, poyloqchilar o‘ta sergak va hushyor bo‘lishi shart edi. Komandirlar aytganidek, dushman shundoq yonimizda. Oddiy ehtiyotsizlik, ogoh bo‘lmaslik ko‘p falokatlarni keltirishi mumkin. Afsuski, o‘rmondagi aralash-quralash ovozlar har qanday sharpani tez ilg‘ash imkonini bermasdi. Zim-ziyo tun. Qayerdadir daraxtlar shitirlaydi, nimadir uvlaydi. Qishning sovug‘i esa etni jo‘njiktiradi. Bir payt Tulegen asta shivirlab: “Eshityapsanmi, kimdir biz tomonga kelyapti”, deb qoldi. Isroil butun diqqatini jamlab atrofga quloq tutdi. U ham g‘ira-shira ovozlarni eshitdi. Ular borgan sari yaqinlashib kelardi. Vujudlarni titroq bosdi. Nihoyat sharpalar yaqin keldi. Ikki kishi ekan. Bemalol qaysidir tilda bir maromda gaplashib kelayapti. Ular dushmanmi, mahalliy aholi vakillarimi, noaniq edi. Kim bo‘lsa ham ortida dumi yo‘qligiga amin bo‘lishdi. Ularni hech qanday sharpasiz shundoq o‘tkazib yuborsa bo‘lardi. Ammo boshqacha yo‘l tanlashdi. Isroil Tulegenga ularni asir olish kerakligiga ishora qildi. Quroldoshi bu imoni tasdiqladi. Endigina o‘n-o‘n besh qadam olislagan sharpalar kutilmagan hujumdan ojiz qolishdi. Ortdan berilgan zarbalardan yerga qulashdi. Shunda bildiki, asirlar dushman askarlari ekan. Yonidagi qurollar shundan darak berardi. Ikki quroldosh ilk bor duch kelgan o‘ljani qarorgohga olib borishdi. Keyinchalik bildiki, qo‘lga tushirilgan asirlardan ko‘p ma’lumotlar olinibdi. Bu qismning aniq harakatda jang olib borishiga asqotdi.

Shu tariqa u qo‘liga qurol olib, Finlyandiya urushida qatnashdi, Viborg shahri, Kareliya davlatida davom etgan beshafqat jang maydonida ishtirok etdi. Ko‘z o‘ngida ko‘plab begunoh yaqin do‘stlaridan ayrildi. Isroil Mirzayev urushda ko‘rsatgan qahramonligi uchun “Jasurligi uchun” medali bilan taqdirlandi. Afsuski, janglarning birida yaqin insoniga aylanib qolgan  quroldosh do‘sti - Tulegendan va u qatori ko‘plab yoru do‘stlaridan ayrildi.

1940 yil martida urushda g‘alabaga erishilganligi haqidagi xabar ajal o‘qlaridan omon qolgan zobitu askarlarga quvonch ulashdi. Chunki g‘alabaga hissa qo‘shganliklari bir tomondan ularni to‘lqinlantirsa, ikkinchi tomondan ko‘plab harbiylik muddati tugaganlar hademay yaqinlari bag‘riga sog‘-salomat borishlarini ko‘z oldiga keltirib, entikishardi. Ular safida bunday baxtga erishish ostonasida turgan bizning qahramonimiz ham bor edi. Chunki uning belgilangan xizmat muddati tugashiga sanoqli oylar qolgandi. Afsuski, unday bo‘lmadi. Oldinda qahramonimizni bundan-da ayanchliroq jangu jadallar kutib turardi...

Hayot-mamot jangohlarida

1941 yil fashizm hujumi bilan Ikkinchi jahon urushi boshlanib ketdi. Qahramonimiz xizmat qilayotgan qism ham birinchilardan bo‘lib urushga safarbar etildi. 275-motoo‘qchi polkining oddiy askari, pulemyotchi Isroil Mirzayev ko‘plab jangu jadallarda qatnashdi. Lekin urush kechinmalari uning qalbida bir umr o‘chmas xotira bo‘lib qolgandi. Darvoqe, bobomdan uning ko‘ksini to‘ldirib turgan orden-medallarni qachon, qayerda, qaysi qahramonliklari uchun olganligi haqida ko‘p suraganman. Tafsilotlari to‘g‘risida eshitganman.

1942 yil urush rosa zabtiga olgan. Hayot-mamot janglari ayovsiz, beshafqat davom etardi. Bu davrda dushman qo‘li ustun kelib, borgan sari sarhadlar bo‘ylab ichkarilab borardi. Lekin askarlar tish-tirnog‘i bilan dushmanlarga qarshilik ko‘rsatardi. Yurt ozodligi, muqaddas tinchlikni ta’minlash yo‘lida oxirgi joni qolguncha kurash olib borardi. Negaki, bu shart va muhim edi. Fashizm qo‘liga xalqining taqdirini topshirishni qalbida qasos olovlangan askarlar aslo istashmasdi. Shuning uchun ham ular jon-jahdi bilan kurash olib borardi.

Sevastopol shahri ozodligi uchun jangda Isroil Mirziyev xizmat qilayotgan qismga dushman istehkomiga hujum qilish topshirig‘i yuklatildi. Muttasil uch yildan buyon ayovsiz janglarda ishtirok etib kelayotgan qism askarlari rosa holdan toygan bo‘lsalar-da, ilohiy bir kuch ularni hamisha jasorat va g‘alabaga undardi. Tong chog‘ida qism jangga kirdi. O‘rtada ayovsiz otishma boshlandi. Granata va minomyotlar ishga tushdi. Baland qirlikda joylashgan dushman pulemyot nuqtalari ayovsiz o‘t-o‘qlarni purkab, askarlarni oldinga yurishga qo‘ymasdi. Urush davomida merganlikning ancha-muncha yaxshi hadisini olgan Isroil butun diqqatini jamlab, dushman nuqtalarini nishonga oldi. Nihoyat, ko‘zlagan nuqtaning uni o‘chdi. Ikkinchi nuqtani ham nishonga oldi. Pulemyotidan yog‘dirgan ajal o‘qlari besamar ketdi. Sezdiki, quruq otishma bilan nuqtani yo‘q qilib bo‘lmaydi. Shunda u ikkinchi yo‘lni tanladi. Qo‘liga granatani olib, nuqta sari emaklab ketdi. Bunday ochiqdan-ochiq harakatlanish o‘ta xavfli edi. Agarda, dushman sezinsa bormi, bari tamom bo‘ladi. Otishma, shovqin-suron, o‘r-yiqit, dod-voy va tus-to‘polon ta’siridan dushman uning yaqin kelib qolganini sezmay ham qoldi. Kuchli gumburlashdan birdaniga qarshi tomondan pulemyotlar uni o‘chdi. Bu askarlar uchun olg‘a yurishga ochilgan yo‘l edi. Shunda barcha oldinga intildi. Jangda Isroil yana 20 dan ortiq dushmanlarni safdoshlari ko‘z o‘ngida yer tishlatishga ulgurdi. Jangchilarimiz qo‘li ustun keldi. Dushman tor-mor etildi. Qahramonimiz ko‘rsatgan jasorat esa qismda katta shov-shuv bo‘ldi. Hamda bu qahramonligi 1942 yilda uchinchi darajali “Shuhrat” ordeni bilan munosib taqdirlandi.

Urush – o‘z nomi bilan urush. Bunday ajal domidan sog‘-omon chiqishning o‘zi katta jasorat va baxt. Nima bo‘lganda ham yurtdoshlarimizning o‘sha o‘tli-suronli yillarda, frontda ko‘rsatgan fidoyiliklari cheksiz. Ular safida Isroil Mirzayev ham bor edi. Qahramonimiz hayotligida ta’kidlaganidek, 1942-1944 yillardagi urush nihoyatda og‘ir kechsa-da, lekin g‘alaba kim tomonda bo‘lishini aniq-ravshan belgilab berdi.

Stalingrad ostonasida bo‘lgan janglar har doim bobomning qalbini tirnardi. Har doim urush haqida so‘zlab berayotganida og‘ir xo‘rsinib, lablari titrab ketardi. Bundan urush asoratlari haliyam uning qalbini junbishga solishini his etardim. Suhbat yana qolgan joyida davom etardi. Fashizm bosqinchilari qadami Stalingradgacha yetib, Moskvagacha bir qadam qolgandi. Urush tinka-madorni quritgan bo‘lsa-da, askarlar ruhiyatini, irodasini hali sindira olmagan edi. Hech kim o‘zi haqida o‘ylamay qo‘ygandi. Barchaning qalbida bitta istak – so‘nggi nafasigacha jang qilish.

Bir gal Volga daryosini qayiqlarda kechib o‘tishda dushman sezib qolib, jang boshlanib ketdi. Suronsiz jangda o‘n besh chog‘li razvedka uchun borayotgan askarlar dushman qo‘liga asir tushdik. Bizni o‘z qarorgohiga olib borishdi. Qarasak, qo‘lga tushgan asirlar bitta biz emas ekanmiz. Yupun kiyingan, sovuqdan dildirab qolgan qariyalar, ayollar, yosh bolalar ham bor ekan. Ko‘rinishidan shu yerda yashovchi mahalliy aholi vakillari edi. Bir payt turqi sovuq zobit boshchiligida dushman askarlari kirib kelishdi. Bu paytda biz bir taraf, ular bir taraf edi. Ajnabiy tilda nimalardir deb gaplashib, kulishdi. Bir payt ular orasidan uch-to‘rt yosh chamasi rus qizalog‘i zobit tomonga yurib ketdi. Shundoq qarshisiga bordi. Fashist bir zum unga tikildi-da, kutilmaganda shundayam tepdiki, bechora qizaloqning uni ham chiqmadi. Og‘zidan qoni kelib, qilt etmay jon taslim qildi. Mo‘shtipar onaizor farzandi tomon intilganda, avtomat ovozlari jaranglab ketdi. Bir zumda shundoqqina ko‘z o‘ngimizda barini tutday to‘kib tashladi. Dushman mana shunday razil, mehr-shafqatdan yiroq, odamsifat maxluqlar toifasidan edi. Bu kabi dahshatlarni ko‘rib, ularga nisbatan nafaqat nafrating, balki vujudingda qasos olish hissi yanada oshib ketarkan.

Bobom bir muddat tin olib, uzoq o‘ylanib qoldi. Yana suhbatini davom ettirib, boshdan kechirganlarini so‘zlay boshladi. Hayotimda bir marta asir tushib, uning zahrini totganman. Aslida, asirlikdan o‘lim afzal edi. Shuning uchun ham askarlarimiz ko‘pincha shu yo‘lni tanlashardi. Qo‘lga tushganimizdan so‘ng bizni rosa qiynashdi. Bizdan ma’lumot olish uchun ustimizdan qiynoq suv qo‘yishdi, tirnoqlarimiz orasiga igna sanchishdi. Ammo barchamiz metin iroda bilan turib, vatandoshlarimizni sotmadik. Aksincha, tezroq otib tashlashlarini kutdik. Lekin unday bo‘lmadi. Ular bizni azoblash va ermak qilishda davom etardi. Ochig‘i, hayotdan umidimiz tamoman so‘ngan edi. Lekin bir kun yarim tunda shu atrofda faoliyat olib borayotgan partizanlarning dushmanga qo‘qqisdan hujumi bizni yana hayotga qaytardi. O‘n uch kunlik asirlikdan so‘ng yana qismimizga sog‘-omon kirib kelganmiz.

Suhbat yana Stalingrad janglariga qaytardi. Urushda tub burilish davrini boshlab bergan ushbu shahardagi janglar, asta-sekin qo‘lga kiritilayotgan g‘alabalar dushmanni sarosimaga, bizni esa harakatga solib qo‘ydi. Bilasanmi, bir gal fashist gazanda bilan shundoq ro‘baru kelganman. O‘zbekning kuch-qudratini unga ko‘rsatib qo‘yganman. Bir payt komandir to‘rt nafar askarni to‘satdan chaqirib qoldi. Bizga maxsus topshiriq berib, maxfiy paketni qo‘limizga tutqazdi. Uni ehtiyotkorlik bilan qo‘mondonlikka yetakazishimizni, zinhor u dushman qo‘liga tushib qolmasligini aytdi. Kolya uni ichki kiyimlari ichiga yashirdi. Biz tunda yo‘la tushdik. Agarda, o‘ta ehtiyotkor bo‘lmasak, istagan paytda dushman qarshimizda paydo bo‘lishi yoki minaga duch kelishimiz tayin edi. Olis yo‘l bosib ketardik. Dushman bizni sezgan ekan. Kutilmaganda qarshimizda paydo bo‘ldi. Otishma boshlandi. Raqiblar bizdan ko‘p emasmi, ustun keldi. Chunki son-sanoqsiz dushman oldida kuch jihatdan nihoyatda ojiz edik. Oydin tundagi taloto‘pda bir-birimizning taqdirimiz nima bo‘lganini bilmaymiz. Jonholatda kurashar ekanman, bir payt sirpanib chuqurlikka boshim bilan qo‘laganim elas-elas esimda. Bir payt o‘zimga keldim. Atrof jim-jit. Qo‘lim qattiq lat yegan ekan, zirqirab borardi. Bir amallab o‘radan chiqib oldim. Paypaslab bir ko‘lankani topdim. Qo‘lim issiq namga tegdi. Qon ekanligini sezdim. Yuragim muzlab ketdi. Qarasam, quroldoshim – Magomed. Allaqachon jon beribdi, boyaqish. Dushman o‘qiga nishon bo‘lganlar shu yerda - bir, ikki, uch, to‘rt, besh.... Hammasi la’nati dushmanlar mo‘rdasi edi. Izlay-izlay yana bir yertuban yotgan mo‘rdani topdim. Sekin o‘girsam, Kolya. Paypaslab ichki kiyimlaridan paketni topdim. U qondan jiqqa nam bo‘lib ketibdi. Ichimga yashirdim. To‘rtinchi sherigimni esa izlab topa olmadim. Buning ustiga padar la’natilar qurollarni ham qoldirmabdi. Hattoki, o‘zimnikini ham topa olmadim. Qayerga, qaysi tomonga borishimni bilmasdim. Chorasizlikdan oyog‘im tortgan joyga keta boshladim. Bu paytda tong ham otib kela boshlagandi. Quyosh chiqishidan bildimki, sharq bu tomonda ekan. Yo‘limni sal-pal tusmolladim. Shunday ohista qadam tashlashga majbur edimki, qadamimni o‘zim ham sezmasdim. Bora-bora qarshimdan keng yalanglik chiqib qoldim. Undan ochiq ketish, albatta xavfli edi. O‘zimni yana o‘rmonga urdim. Bir payt qulog‘imga nimaningdir ovozi eshitildi. Sekin daraxt bo‘talarini ochib, keng yo‘ldan kimdir bemalol kelayotganini bildim. Usti-boshidan dushman askari ekanligi shundoq sezilib turardi. Yelkasiga avtomatini taqib olgan. Yonimga kelganda unga tashlandim. Chunki vaziyat shuni taqozo etardi. Zang‘ar, devday ekan. Oramizda keskin kurash boshlandi. Goh u, goh men bir-birimizga musht tushira boshladik. Bir payt ikkimiz ham bir-birimizni qo‘yib yubormay, oyoqqa turib oldik. U menga shundoq ro‘paru keldi. Kurashlarda g‘alabaga erishadigan yaxshi usulim - bu yelkadan oshirish edi. Kuch topib, nemisni yelkadan oshirdim. Shilq etib, oyog‘im tagiga tushdi. Ikki qo‘lim bilan jonholatda shunday bug‘dimki, qutilishga kuch ham topa olmadi. Avtomatini olib, yana yo‘lga tushdim. Borgan sari holsizlanib borardim. Qancha yurdim bilmayman, yurishga ham holim qolmadi. Yerga yuztuban yiqildim. Bir payt o‘zimga kelsam, shox-shabbalar ichida yotibman. Atrofga allaqachon tun cho‘kkan ekan. Bu hordiq menga salgina quvvat berdi. Yana olg‘a ketdim. Shu yurishda hech qanday pistirmaga duch kelmasdan, ertalabgacha yo‘l yurganman. Bir payt qarshimda qishloq namoyon bo‘ldi. Ehtiyotkorlik bilan bitta uyning yaqiniga bordim. Bir rus kampiri o‘tin quchoqlab kulbaga kirib ketdi. Ortidan men ham  kirib bordim. Qari kampir meni ko‘rib taxtadek qotib qoldi. Kimligimni aytganimdan so‘ng biroz o‘ziga keldi. Ochligimni aytdim. Menga bir bo‘rda non bilan, bir tovoq bo‘tqa tutqazdi. Suhbat davomida borayotgan joyim yana ikki-uch kunlik yo‘l bo‘lib, dushmanlardan biroz xoli ekanligini, lekin baribir ham ehtiyot bo‘lishim lozimligini aytdi. Menga yo‘lga, deb oziq-ovqat berdi. Yana yo‘lga tushdim va ikki kunda sog‘-omon manzilga yetib kelganman. Ushbu jangovar topshiriqni bajarganim uchun mana shu “Qizil yulduz” ordenini berishgan.

1945 yil... Dushman borgan sari ortga chekinib borardi. Lekin shunday bo‘lsa-da, o‘rtada murosasiz janglar davom etardi. Mart oyida Isroil Mirzayev xizmat qilayotgan qism oldiga Kyustrindagi dushman istehkomini buzib, dushmanlarni tor-mor etish vazifasi qo‘yildi. Qism navbatdagi jangga shaylanardi. Komandirlar tomonidan zarba beradigan dushman texnika va askarlari soni jihatdan ko‘p bo‘lsa-da, lekin askarlar shon-sharaf uchun kurash olib borsa, zafar quchishi mumkinligi yuzasidan ruhlantirildi. Bu paytda Rossiya o‘rmonlariga sal-pal bahor nafasi enib qolgandi. Razvedkadan so‘ng qism dushmanlar harakatlanadigan manzilga yaqin joydan o‘zlariga istehkom qurishdi.

Erta saharda buyruq berildi. Bir zumda butun borliq o‘t-alanga ichida qoldi. Komandirlar ta’kidlaganidek, dushman son va texnika jihatdan ustun edi. Lekin askarlardagi shijoat buni so‘ndira olmadi. Bobom aytganidek, bu hayot-mamot jangini oddiy so‘zlar bilan ifodalash qiyin. Tank tagida yanchilganlar, bomba zarbidan majruh bo‘lganlar, jon taslim qilolmay qiynalganlar qismatini ta’riflab bo‘lmaydi. Daydi o‘qlar o‘chishi misoli bahor yomg‘iriga o‘xshardi. Ko‘z ochirgani qo‘ymasdi. Bu pallada pulemyotchi Isroil Mirzayev ham jon-jahdi bilan mahoratini ishga solgandi. O‘nlab dushmalarni yo‘q qildi. Hamda dushmanning 6 joydagi xavfli nuqtasi unini o‘chirdi. Ko‘plab qurol-aslahalar qo‘lga kiritildi. Kechga tomon g‘alaba askarlarimiz tomonda bo‘ldi. Dushmanning bir qismigina ko‘p yo‘qotishlar bilan ortga chekindi. Bobomning Kyustrin shahri yaqinida bo‘lgan bu jangdagi qahramonligi va jasorati ikkinchi darajali “Shuhrat” ordeni bilan taqdirlandi.

1945 yil aprel oyi o‘rtalari... G‘alaba onlari yanada yaqin edi. Bu payt askarlarimiz qariyb Berlin ostonasiga yaqinlashib qolgandi. Dushman borgan sari ojizlanib borsa-da, tish-tirnog‘i bilan ahyon-ahyonda qarshilik ko‘rsatishga urinardi. Bobom xizmat qilayotgan qism ham allaqachon Germaniya hududiga kirib kelgandi. Yuqoridan berilgan topshiriqqa ko‘ra, ularning qismi navbatdagi jangga kirishdi. Yana shu beayov jang, g‘alaba uchun kurash boshlandi. Isroil Mirzayev ushbu hayot-mamot jangida ham 2 ta dushman tankiga qarshi qurol-aslahani, 3 ta pulemyotni va uning qismiga jon-jahdi bilan qarshilik ko‘rsatayotgan 2 ta dushman istehkomini tor-mor etishda jasorat ko‘rsatdi. Bu qahramonligi birinchi darajali “Shuhrat” ordeniga munosib topildi.

1945 yilning 9 may kuni... Butun dunyo bo‘ylab askarlarimiz g‘alaba qozonib, Reyxstagga bayroq qadashgani haqidagi xushxabar tarqaldi. Mana shu tarixiy voqelikka guvoh bo‘lganlar orasida Isroil Mirzayev ham bor edi. Uzoq kutilgan va mardlarcha halok bo‘lgan millionlab begunoh insonlar va askarlarimiz matonati evaziga qo‘lga kiritilgan bu yangilik barchaning qalbini to‘lqinlantirib yubordi.

Ona duosining qudrati

Fashizm bilan bo‘lgan urush tugadi. Lekin bu davrda Yaponiya urushi davom etardi. 275-motoo‘qchi polki pulemyotchisi, xalqimizning shonli farzandi I.Mirzayev ham quroldosh do‘stlari qatori yana qo‘liga qurol olib, 1946 yilda jangga kirdi. Uncha uzoq davom etmagan urushda alohida jasorat va matonat namunalarini ko‘rsatdi. Qahramonligi “Jasurligi uchun” medali bilan taqdirlandi. Tarixga o‘chmas xotiralar bilan bitilgan urush haqida eslash, yozish naqadar azobli! Negaki, urush qurbonsiz bo‘lmagan. Millionlab begunoh, hali bir gulidan o‘n guli ochilmagan navqiron bo‘z yigitlar bu ajalning qurboni bo‘lishdi.

Eng quvonchlisi, mana shu yetti yil davomida bobom eng olovli nuqtalarda, hamisha oldingi safda jangga kirgan bo‘lsa-da, ilohiy karomat bilan biron marta ham dushman o‘qiga duchor bo‘lmadi. Bu haqda gurunglarda doim hazil-mutoyiba bilan onam bo‘ynimga taqqan tumor meni barcha balo-qazolardan, ajal domidan asradi, derdi.

Prezident bobomning jasoratini qadrladi

1946 yilda barcha urush asoratlari tugab, yetti yil deganda jonajon Boshquduq qishlog‘iga, ota-onasi bag‘riga sog‘-salomat qaytib keldi. Uzoq yillik urush, hattoki, O‘zbekistonda ham hayotni izdan chiqarib yuborgandi. Shuning uchun ham Isroil Mirzayev ayni tiklanish yillarida belni mahkam bog‘lab, xo‘jalikka ishga kirdi. Bir paytlar mashhur bo‘lgan hozirgi Nurobod tumanidagi “Ulus” sovxozida, keyinchalik Past Darg‘om tumanidagi Karl Marks nomli kolxozda g‘alla brigadiri, paxta brigadiri, xo‘jalik raisi o‘rinbosari, xo‘jalik raisi, partiya qo‘mitasi kotibi, favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i kabi turli mas’ul vazifalarda ishladi.

Ayniqsa, bu inson tug‘ilib o‘sgan Boshquduq qishlog‘ini obodonlashtirish, lalmikor yerlarni o‘zlashtirish, qishloqqa yo‘l, tabiiy gaz, ichimlik suvi olib kelish, avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yish, tibbiyot muassasasi, xotira maydoni, bog‘-rog‘lar barpo etish va boshqa olijanob xizmatlari alohida tahsinga loyiq.

Mehnat Qahramoni Joniqul Yusupov, “Ulus” sovxozi sobiq direktori Ivan Buzik, shuningdek, Qozoq Azimov, Omonturdi Qodirov, Qo‘zi Nishonov, Abdurazzoq Arabov, Qo‘zi Ergashev, Norcha Ahmedov, Turdiboy Xonqulov, To‘ra Nabiyev, Rajab Husanov, Suyun Avg‘onov, Ismoil Hasanov, Ismoil Xudoyqulov kabi rahmatli insonlar, ayni paytda keksalik gashtini so‘rayotgan Burhon va Ilyos hoji Ashurov, Irisboy Jo‘rayev, Pardaboy Husanov, Nazar Rustamovdek shogirdlari bu insondan ko‘plab olijanob fazilatlarni o‘rgangan.

Isroil bobo turmush o‘rtog‘i Musallam aya bilan 7 nafar farzand - Halima, Zarbuvi, Uljon, Suyun, Ergash, Muqaddam va Tirkashlarni voyaga yetkazib, elga qo‘shdi. I.Mirzayev tiriklik davrida 100 dan ortiq nevara-chevaralar baxtini ko‘rdi. Bu sulolaning davomchilari ayni paytda bobosiga munosib elu yurtga xizmat qilib kelyapti.

Quvonchlisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bobomni urush qahramoni, olijanob inson va mehnat faxriysi sifatida yuksak qadrlardi. Samarqand viloyati hokimi bo‘lib ishlagan davrlarda bobomni turli tadbirlarga chaqirib, hurmatini joyiga qo‘yardi. Bobomning bu insonga bo‘lgan hurmati nihoyatda cheksiz edi.

Fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga 75 yil to‘ldi. Bu g‘alaba, shak-shubhasiz, o‘zbek xalqi uchun bebaho ahamiyatga ega. Negaki, bu urushda yovuz kuchlarga qarshi kurashda fidoyilik va jasorat namunalarini ko‘rsatib, millionlab asl farzandlarimiz qahramonlarcha halok bo‘ldi, bedarak ketdilar. Asosiysi, Vatan eng sara farzandlaridan erta judo bo‘ldi. Albatta, urushda so‘nggi nafasigacha kurashgan, o‘z burchiga sodiq qolgan yurtdoshlarimizning xotirasi qalbimizda mangu yashaydi.

Tarixning bu achchiq va o‘chmas saboqlaridan to‘g‘ri xulosa chiqarib, bugungi tinch-osuda hayotimiz qadriga yetaylik, o‘tgan urush qatnashchilarini xotirlab, hayot bo‘lganlarini boshimizga kutaraylik, aziz yurtdoshlar!

Abdumajid JO‘RAYeV,

jurnalist.