Mening fikrim: Milliy kadrlar tayyorlash modeli zarur

Har bir mamlakat taraqqiyotida malakali kadrlar muhim o‘rin tutadi. Shu bois aksariyat rivojlangan davlatlarda kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni o‘rganish maqsadida maxsus tuzilmalar tashkil etilgan.
Misol uchun, Rossiya Federatsiyasi bu sohada AQSh, Yaponiya va ayrim Yevropa davlatlaridan ortda bo‘lsa-da, u yerda kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj, kadrlar siyosatini yuritish va yangi paydo bo‘layotgan kasblarni davlat ro‘yxatidan muntazam o‘tkazish bo‘yicha vakolatli organ mavjud hamda malakali mutaxassislarni saralab olish bo‘yicha ochiqlik, shaffoflik tizimi ishlab chiqilgan. Bunday tizim Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Yaponiya va AQShda ham davlat xizmatchilarini tayyorlash bo‘yicha o‘ziga xos aniq tizim yaratilgan.
Masalan, Yaponiyada, Fransiya, AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya va Germaniya davlatlarida kadrlar tayyorlashda asosiy e’tibor o‘quv amaliyoti (praktika)ga qaratiladi. Bunda talabalar shaxsan o‘zlari yirik va o‘rta korxonalarning ishlab chiqarish, qaror qabul qilish va rahbarlarning majlislarida shaxsan ishtirok etishlari va o‘z fikr mulohazalarini bayon etishlari mumkin.
Mamlakatimizda bu borada bir necha yillar avval O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tashkil etilgan. Ammo bu dargohda davlat xizmatchilarining malakasi oshiriladi, xolos. Vaholanki, bizda kadrlarni davlat xizmatiga yoshlikdan tayyorlovchi maxsus oliy o‘quv yurti hanuzgacha mavjud emas. Shu bois yurtimizda ham yuqoridagi davlatlar tajribasidan foydalanib, madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va salohiyatimizdan kelib chiqqan holda “kadrlar tayyorlash modeli”ni ishlab chiqishimiz lozim.
Bu yo‘lda davlatimiz rahbarining 2019 yil 3 oktyabrda “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu farmon va qarorda davlat xizmatini rivojlantirishni tartibga solish, yagona kadrlar siyosatini yuritish, davlat xizmati lavozimlarining davlat reyestrini yuritish, kadrlar zaxirasini boshqarish, eng istiqbolli kadrlarni davlat fuqarolik xizmatiga ochiq mustaqil tanlov asosida qabul qilishni tashkillashtirish belgilangan. Davlat fuqarolik xizmatchilarida yuksak kasb etikasi, korrupsiyaga toqatsiz munosabatni va unga qarshi kurashish madaniyatini shakllantirish, davlat fuqarolik xizmati sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va uni izchil takomillashtirish ham ushbu hujjatlarning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Davlat fuqarolik xizmatchilari shaxsiy ma’lumotlarining xavfsizligini ta’minlagan holda ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirish hamda davlat fuqarolik xizmatchilarining ish beruvchilar bilan o‘zaro munosabatlarida ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, mehnat faoliyati va ijtimoiy himoyasi uchun munosib shart-sharoitlar yaratishga ko‘maklashish vazifalarini yagona davlat organi olib borishi ko‘rsatilgan. Ushbu huquqiy hujjatlarning ijrosi esa mamlakatimizda malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirib, iqtisodiy farovonlikka xizmat qiladi.
Jahongir ABDUNAYIMOV,
viloyat iqtisodiyot va sanoat bosh boshqarmasi yetakchi mutaxassisi.