Yoshiga nisbatan yoshroq ko‘rinadigan odamlar uzoq umr ko‘radi

387 juft egizaklarni solishtirib ko‘rgan daniyalik olimlar tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalari yoshroq ko‘rinadigan odamlarning uzoq umr ko‘rish imkoniyati, tashqi ko‘rinishi haqiqiy yoshidan oshib ketadiganlarga qaraganda sezilarli darajada yuqori bo‘lganligini ko‘rsatdi.

Tadqiqotchilar fotosuratlar asosida bir guruh egizaklar yoshini tarbiyachilar, maktab o‘qituvchilari, sport murabbiylari va tengdoshlaridan taxmin qilishni so‘rashdi. “British Medical Journal”da chop etilgan maqolaga ko‘ra, aka yoki ukalaridan ko‘ra yoshroq ko‘rinadigan egizaklar ko‘proq umr ko‘rishgan.

Hayotiy afzalliklar
Tadqiqotchilar, shuningdek, bu natijani tushuntira olishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy biologik sabablarni ham topishdi.
Tanadagi hujayralar ko‘payishi qobiliyati uchun mas’ul asosiy DNK bo‘laklari – telomerlar ham egasining yosh ko‘rinishini belgilaydi. Qisqa telomerlar esa tezroq qaritadi va ba’zi kasalliklar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Ishtirokchilar orasidagi yosh ko‘rinishga ega egizaklarning telomerlari uzunroq edi. Ta’kidlash kerakki, barcha suratlardagi ishtirokchilar 70, 80 va hatto 90 yoshli kishilar bo‘lgan.
Eksperiment tugaganidan so‘ng yetti yil davomida Janubiy Daniya universiteti professori Kaare Kristensen boshchiligidagi tadqiqotchilar birinchi bo‘lib yoshi kattaroq ko‘ringan egizaklarning vafot etgan holatlar ko‘proq qayd etganligini aniqladi.

Tashqi ko‘rinish - salomatlik garovi(mi?)
Egizak juftliklar bo‘yicha boshqa bir tadqiqotni o‘tkazgan britaniyalik professor Tim Spektor uning tadqiqoti ham xuddi shunday natijalarni ko‘rsatganini tasdiqladi.
“Ehtimol, genetik xususiyatlar, hayot tarzi va atrof-muhit kombinatsiya (uyg‘un birikma)si muhim ahamiyatga egadir”, deydi u.
Spektor, shuningdek, odamlar fotosuratga qarab boshqa odamning sog‘lomlik darajasini aniqlay olishi mumkinligini ta’kidladi, shuning uchun shifokorlar bemorlarning tashqi ko‘rinishiga ko‘proq e’tibor berishlari kerak.
“Agar bemor o‘z yoshidan kattaroq ko‘rinsa, unga ko‘proq e’tibor berish lozimdir”, - deydi u.
Bahora tayyorladi.