“Menki bulbuldek gulidin kuymisham ohang ila”
Zahiriddin Muhammad Bobur harbiy, siyosiy, ijtimoiy sohadagi faoliyati, shuningdek, o‘zining realistik tasvirga to‘yingan lirik va epik asarlari bilan o‘z davri va o‘zidan keyin bir qancha ijodkorlarga adabiy ta’sir ko‘rsata oldi va Hindistonda turkiy tildagi adabiyotning vujudga kelishiga tamal toshini qo‘ydi. Bu adabiy muhitning rivojlanishi, gullab-yashnashida boburiy hukmdorlarning o‘rni beqiyos. Ana shu hukmdorlardan biri Nosiriddin Muhammad Humoyundir (1508-1556).
Hindistonda XVI asr ikkinchi choragidagi adabiy muhit rivoji bevosita Humoyun Mirzoning hukmronligi va ilm-fan, san’at, adabiyotga homiyligining natijasi edi. U Hindistonda boburiylar adabiy muhitining rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan davlat arbobi bo‘libgina qolmay, shoir, boburiylar miniatyura maktabining asoschisi ham edi. Humoyun Mirzo otasi Zahiriddin Muhammad Bobur boshlab bergan an’analarga alohida e’tibor qaratdi. Natijada Hindistonga kelib ijod qilishga harakat qilayotgan adib va san’atkorlar safi borgan sari kengayib bordi. Bu haqda Gulbadanbegimning “Humoyunnoma”, Xondamirning “Habib us-siyar”, Mirzo Haydarning “Tarixi Rashidiy”, Hasanxoja Nisoriyning “Muzakkiri ahbob”, Faxriy Hiraviyning “Ravzat us-salotin”, Sodiq Kitobdorning “Majma’ ul-havos”, Seydi Ali Raisning “Mir’otul mamolik” kabi asarlarida alohida ma’lumotlar berilgan.
Mazkur manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Humoyun Mirzo fan, madaniyat, adabiyotga ixlosmand, ayniqsa, riyoziyot va nujum ilmiga g‘oyat qiziquvchan, kitobga oshno, musiqani qadrlovchi inson bo‘lgan. Sodiq Kitobdorning “Majma’ ul-havos” asarida yozilishicha, Humoyun nihoyatda saxovatpesha, kutubxonaga alohida e’tibor qaratgan ma’rifatli hukumdor bo‘lgan. Hattoki, uning tasodifiy o‘limi ham kutubxonada sodir bo‘lgan. U o‘zi qurdirgan «Dini panoh» kutubxonasi zinasidan tushib kelayotganda yiqilib vafot etadi.
“Nusxai zeboyi Jahongir” nomli tazkirada yozilishicha, Humoyun Mirzo “Nusxai Humoyuniy” nomli asar yaratgan. Mazkur asarning qo‘lyozmasida Humoyunning to‘rt risolasi o‘rin olgan: 1) islom aqidalari haqida; 2) ilmi nujum haqida; 3) musiqiy ilm haqida; 4) she’r ilmi, aruz fani haqida. Tazkiranavis Mutrubiy Samarqandiy mazkur asarni (“Nusxai Humoyuniy”ni) Abdullaxon kutubxonasida ko‘rganini va asar muallifning dastxatida bitilgan, tengi yo‘q, ko‘ngilga yoqimli, hayratlanarli asar ekanligini yozib qoldirgan. Afsuski, hozirda bu asarning qo‘lyozmasi topilgan emas.
Shoir sifatida forsiy va turkiyda “Humoyun” taxallusida ijod qilgan. Uning forsiy g‘azallari fanga ma’lum bo‘lgan 19 varaqdan iborat, bir notugal qo‘lyozmada o‘rin olgan. Bu qo‘lyozma Istanbul shahridagi Sulaymoniya kutubxonasining “Husayn Posho” fondida 569 raqamda saqlanadi. Shuningdek, Abulfazlning “Akbarnoma” asarida Humoyunning ruboiylaridan namunalar berilgan. Uning turkiy tildagi she’riyati haqida esa munozarali fikrlar bor. Hindistonlik olim M.G‘anining ma’lumotiga ko‘ra, “Humoyun turkiyni nazar-pisand qilmaganligi uchun bu til tez orada hind adabiy davralarida o‘z o‘rnini yo‘qota boshlagan”. Olim ushbu fikrlarni qanday ilmiy asosga tayanib bildirmoqda, bu fikrlar qay darajada haqiqatga yaqin, bu – bizga noma’lum. Holbuki, bir necha tarixiy manbalardagi ma’lumotlar olimning fikrlarini rad etadi. Jumladan, Hasanxoja Nisoriy “Muzakkiri ahbob” asarida Humoyun Mirzoning turkiyda bitilgan bir bayti keltirilgan va bu haqda shunday yozilgan: “Va bu turkiy matla’ ham podshohning oliy maqolotidandir. Matla’:
Menki bulbuldek gulidin kuymisham ohang ila,
O‘t solibtur jonima ruxsorai gulrang ila”.
Shuningdek, Sodiq Kitobdorning “Majma’ ul-havos” asarida uning turkiy tilda yozilgan quyidagi ikki bayti o‘z davrida nihoyatda keng tarqalgan va mashhur bo‘lganligi ta’kidlangan:
G‘ariblig‘ g‘amidin mehnatu malolim bor,
Bu g‘amdin o‘lmakka yetdim g‘arib holim bor,
Visoli davlatidin ayrilibmen mahzun,
Tirikmenu bu tiriklikdin infiolim bor.
Yana bir manba muallifi Som Mirzoning yozishicha, “Humoyun turkiyda ham juda nozik did bilan ash’or yozgan”. Shunday ekan, Humoyunning turkiyda ijod etmaganligi haqidagi fikrlar asossizdir.
Humoyun Mirzo she’rlarining aksariyati oshiqona va orifona mavzuda. Yuqorida “Menki bulbuldek gulidin kuymisham ohang ila” misrasi bilan boshlanuvchi turkiy baytining mazmuni ham ayni oshiqona. An’anaviy mavzu (ishq)ning an’anaviy obrazlar (bulbul, gul) yordamida yoritilishi Humoyun Mirzoning mumtoz an’analarga qay darajada izdoshligini ko‘rsatadi. Bu jihatdan uning forsiy tilda bitilgan, bu o‘rinda o‘zbek tilidagi tarjimasi berilayotgan “Bir boqdimu boz tashnayi diydor bo‘ldim”, “Bir pari ruxsoraga tushdi ishim” misralari bilan boshlanuvchi ikki g‘azali ham ayni shu mavzuda bitilgan go‘zal namunalardandir.
Shoir g‘urbat, g‘ariblik mavzusiga alohida e’tibor qaratgan. Sodiq Kitobdorning “Majma’ ul-havos” asari orqali bizga ma’lum bo‘lgan, turkiy tilda yozilgan “G‘ariblig‘ g‘amidin mehnatu malolim bor” misrasi bilan boshlanuvchi yuqorida keltirilgan to‘rtligi ayni shu mazmunda. Mazkur to‘rtlik uslub jihatdan sodda, ravon. Ma’lumki, g‘ariblik mavzusi o‘zbek adabiyotida yangilik emas. Navoiyning “G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish”, Boburning “Yod etmas emish kishini g‘urbatda kishi” misrasi bilan boshlanuvchi ruboiylari ham ayni ijtimoiy mavzuga taalluqli: g‘ariblik haqida. Lekin Humoyun Mirzo misralari har ikkala ustoz ijodkor misralaridan farqliroq. Chunki hazrat Navoiy va Bobur ruboiylarida g‘urbatdagi (musofirlikdagi) g‘arib (bechora, bevatan, kimsasiz kishi)ning ahvoli tasvirlansa, Humoyun Mirzoning g‘ariblik ahvoli orifona ruhda, ya’ni Ma’shuqning “Visoli davlatidin” ayrilganligiga bog‘liq. Humoyun Mirzo lirik qahramoni g‘ariblik (bechora va holsizlik) g‘amidan azob-uqubatga to‘lgan, hatto shu g‘amdan o‘lim ostonasiga kelib qolgan. Bunga sabab Yor visolidan ayrilishi. Shunda ham oshiq tirik, lekin bu tiriklikdan u xijolatda.
Humoyun Mirzoning bizga ma’lum forsiy she’rlarining kattagina qismi ham diniy, orifona mazmunda. Jumladan, “Yo Rab, menga darvesh dilidin ehson ber”, “Men hechmanu yo‘q menda magar rutbayu nom,” misralari bilan boshlanuvchi ikki ruboiysida ijodkorning Yaratgan Haqqa murojaati, unga bandalik tazarru’si sezilsa, quyidagi ikki ruboiysida payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) alayhissalom ta’rifi berilgan, tavsiflangan:
Sultoni sariru anbiyo ham sen O‘zing,
Xurshidi sipehri avliyo ham sen O‘zing.
Mardum hama payravi tariyqing, ne ajab,
Xalq sharriga gohi rahnamo ham sen O‘zing.
Yana bir ruboiy:
Ey sarvari koinot, ey asli vujud,
Haqqoki, o‘zing habibu hayyu ma’bud.
Turgil-da, jamoli olamoro ko‘rsat,
Olam eliga baski o‘zingsen maqsud.
Bu esa Humoyun Mirzo e’tiqodining o‘ziga xos tasviridir. Agar biz ruboiyning janriy xususiyatlaridan kelib chiqib yondashsak, unda hayotiy, falsafiy, diniy-tasavvufiy umumlashmalarning berilishi tabiiy. Bu esa Humoyun Mirzoning ijodkorlik mahorati, shoirlik iqtidori qay darajada ekanligini ko‘rsatadi.
Ko‘rinadiki, boburiyzoda hukmdor, shoir Humoyun Mirzo o‘zining hukmronlik va ijodkorlik faoliyati davomida Bobur tomonidan Hindistonda vujudga kelgan adabiy muhitning rivojiga katta hissa qo‘shgani holda ana shu adabiy muhitning zullisonayn vakili sifatida forsiy va turkiy tilda ijod qildi, har ikki tilda bir-birini to‘ldiruvchi, ijodkorlik mahoratini ochib beruvchi g‘azal va ruboiylarni meros qilib qoldirdi. Garchi, uning turkiy tildagi she’riyati bizga deyarli yetib kelmagan bo‘lsa-da, mavjud adabiy matnlar va tarixiy manbalardagi ma’lumotlar asosida shoirning bu tilda ham xuddi forsiydagidek mahorat bilan ijod etganini dadil aytishimiz mumkin. Shuningdek, ijodkor adabiy merosi qo‘lyozmalarining mamlakatimiz va xorijiy sarhadlardan topilishi, tadqiq etilishi kelajakda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan muhim vazifalardandir.
Gulsanam Xoliqulova,
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti doktoranti.