Metro qurilishidagi avariya yuzasidan Hukumat komissiyasi tuzildi. Ikki kishi qurbon bo‘lgan

Avval xabar qilinganidek, Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismida favqulodda holat vujudga kelgan edi.

Ayni paytda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan yuzaga kelgan holatni zudlik bilan bartaraf etish ishlari davom ettirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga muvofiq sodir bo‘lgan hodisa sabablarini va oqibatlarini joyida o‘rganish, zudlik bilan bartaraf etish, jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga yordam ko‘rsatish maqsadida Hukumat komissiyasi tuzildi.

Qidiruv va qutqaruv ishlari natijasida tuproq ostidan ikki kishining jasadi olib chiqildi va ularning shaxsi aniqlandi.

1. J.Ravshanov - 1989 yilda tug‘ilgan.

2. T.Abdullayev - 1957 yilda tug‘ilgan.

Hodisa sabablari va oqibatlarini o‘rganish va bartaraf qilish ishlari davom etmoqda, deb xabar berdi FVV matbuot xizmati.