Milliy til – qadriyatlar beshigi
* 21 oktyabr – O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun
Xalqlar o‘rtasidagi madaniy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy aloqalarning ta’siri natijasida bir tildagi so‘z boshqa bir xalq tilida yashab kelgan. Masalan, arabcha “amir-ul bahr”, ya’ni “dengiz amiri, hukmdori” ma’nosidagi so‘z rus tilida “admiral” shaklida – nutq a’zolarining talaffuz qilish jarayoni (artikulyasiya)ga moslangan holda aytilib, hozirda keng iste’molda ishlatiladi. Shuningdek, o‘zbek tiliga arab, fors, xitoy, rus tillari orqali Yevropa tillariga oid atama va nomlar kirib kelgan. Tillarning davriy taraqqiyoti shuni ko‘rsatadiki, ular o‘rtasidagi so‘z almashinuviga to‘siq qo‘yib bo‘lmaydi, ammo bu tilga xohlagan so‘zni olib kirish mumkin degani emas. Binobarin, “Davlat tili haqida”gi qonunimizning 7-moddasida “Davlat o‘zbek tilining boyitilishi va takomillashtirilishini ta’minlaydi. Yangi ilmiy asoslangan atamalar jamoatchilik muhokamasidan keyin Oliy Majlis tegishli qo‘mitasining roziligi bilan o‘zbek tiliga joriy etiladi”, deyilgan.
O‘zbek tili dunyo tillar tizimida qadimiyligi, boyligi va lisoniy xususiyatlari bilan ajralib turadi. U turkiy tillarning qarluq guruhiga mansubdir. Bu tilning keng imkoniyatlari qadimgi O‘rxun-Enasoy obidalaridagi toshbitiklarda, Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘atit-turk”, Ahmad Yugnakiyning “Hibatul haqoyiq”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarlari, Ahmad Yassaviy hikmatlari, Alisher Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy”, “Xamsa”, Boburning “Boburnoma” asarlarida, Boborahim Mashrab, Ogahiy, Uvaysiy, Nodira kabi mumtoz shoirlarimiz va hozirgi davr ijodkorlari asarlarida jilolanib turibdi.
Ona tili milliy adabiyotimiz, boy tariximiz, hayotbaxsh qadriyatlarimiz, din-u diyonatimiz, xalqimizga xos dunyoqarashni aks ettiruvchi ko‘zgu, ajdodlar merosini avlodlarga yetkazuvchi robitayi olamiyondir. Har qanday davrda xalqning tili va adabiyoti uning madaniy saviyasini namoyon ettiruvchi vosita hisoblangan. Shuning uchun qadriyatlar beshigi bo‘lgan ona tilimiz o‘zining tarixiy vatani, azaliy qo‘rg‘onida qadr-qimmatga, e’tiborga sazovor bo‘lishi zarur, shundagina u abadiylikka daxldor bo‘ladi.
Elbek TOG‘AYMURODOV,
Bekzod QARSHIYEV,
TDAU Samarqand filiali o‘qituvchilari.