Milliy tilni saqlash har bir fuqaroning burchi

Mustaqillik munosabati bilan milliy qadriyatlarimizni yangicha anglash, idrok etish jarayoni kuchaygan bir davrda davlat tili maqomiga ega bo‘lgan ona tilimizga munosabat tamoman o‘zgardi. O‘zbek tilining mavqei oshdi, uni o‘rganishga bo‘lgan talab kuchaydi. Ona tilimizni rivojlangan tillar qatori taraqqiy ettirish, til bilimining barcha sohalarini to‘g‘ri talqin etish, ayniqsa, uning tarixini keng miqyosda mukammal yoritish dolzarb masalaga aylandi.
O‘zbek davlatchiligi va o‘zbek xalqi tarixida 1989 yil 21 oktyabr o‘ziga xos bir iz qoldirgan sana. Aynan shu kuni o‘zbek xalqining azaliy orzusi bo‘lgan til mustaqilligi, ya’ni o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun. O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi tilimizning jahon hamjamiyatidagi mavqeini, obro‘-e’tiborini yana bir bor oshirdi.
Prezidentimiz o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Ona tilimiz – milliy ma’naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘i. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir”, deb ta’kidlagan edi.
O‘zbek tili uzoq, shu bilan birga boy tarixga ega. Tilimizni asrash uchun qabul qilingan “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunning asosiy mazmun-mohiyati uni dunyo miqyosiga olib chiqish, bu orqali dunyoda o‘zbek degan millat, xalq mavjudligi, uning yuksak ma’naviyatli jihatlari borligini namoyon etishdan iborat.
Qonunning 1-moddasi hujjatning asosiy maqsadini belgilab bergan: “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir”.
Mazkur qonundagi mazmun-mohiyatning yana bir qirrasi uning insonparvarligidadir. Chunki unda biror xalq, millat yoki elatning manfaatlari cheklangan, boshqa til kishilarining huquqlari inobatga olinmagan jihatlar mavjud emas. Qonunning 14-moddasida O‘zbekiston Respublikasi hududida yashovchi shaxslarga davlat tashkilotlari va muassasalariga, jamoat birlashmalariga arizalar, takliflar, shikoyatlar bilan davlat tilida va boshqa tillarda murojaat qilish huquqi ta’minlanishi belgilangan. Qonunning asosiy xususiyatlardan biri – davlat tilini o‘rganish bilan bog‘liq biror muddatlarning belgilanmaganligidir. O‘zbek tilini bilmaydigan fuqarolar uchun Qonunning 4-moddasida O‘zbekiston Respublikasida davlat tilini o‘rganish uchun barcha fuqarolarga shart-sharoitlar hamda uning hududida yashovchi millatlar va elatlarning tillariga izzat-hurmat bilan munosabatda bo‘lish va fuqarolarga davlat tilini o‘qitish bepul amalga oshirilishi qayd etilgan.
Qonunning insonparvarlik mazmunida ekanligining yana bir namunasi sifatida O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va haqda e’lon beriladi. Bu hujjatlarning tarjimalari boshqa tillarda ham e’lon qilinadi (8-modda) deb ko‘rsatilganligida.
Shu bilan birga, Qonunning 24-moddasida O‘zbekiston Respublikasida davlat tiliga yoki boshqa tillarga mensimay yoki xusumat bilan qarash taqiqlanishi va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘lishlari belgilab qo‘yilgan.
Milliy tilni saqlash, kelajak avlodlarga yetkazish har bir fuqaroning burchi hisoblanadi. Shunday ekan, barchamiz milliy va davlat tili oldidagi mas’uliyatimizni to‘g‘ri anglashimiz lozim.
B.XOLMUHAMEDOV,
Samarqand viloyati hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi.