Minbardan yerga tushgan istilohlar yoxud paxta darmonimizmidi yoki dardimiz?

Asosan Samarqand viloyati bilan bog‘liq xabarlarni yorituvchi saytimiz Zarnews.uzga «Samarqandda ilk bor» degan jumlani qidiruvga berdim. Ellikka yaqin, hatto undan ham ko‘proq turli mavzudagi xabarlar ekran yuzida namoyon bo‘la boshladi. Xabarlarning barchasi turli mavzularda bo‘lsa-da, ularning umumiyligi bitta: ushbu yangilik viloyatda ilk bora amalga oshirilmoqda. Keling, ba’zilari bilan tanishing.
* Samarqand tarixida ilk bor eng nozik a’zo – yurak operatsiyasi o‘tkazilmoqda. Keyingi yillarda yurak qon-tomir xastaliklari oqibatidagi o‘lim ko‘rsatkichi umumiy o‘limning 63 foizini tashkil etadi va bu oxirgi 3 yilda 4,9 foizga oshgan. Operatsiyalarning amalga oshishi natijasida bu ko‘rsatkich viloyatda keskin pasayishi kutilmoqda.
* Mamlakatda ilk bor Samarqandda monolit usulda ko‘prik qurildi.
* Samarqand viloyati hokimligi magistraturada tahsil olayotgan talabalar uchun stipendiya joriy etdi.
* Samarqandda ilk bor qizilo‘ngach saratoni bo‘yicha murakkab jarrohlik operatsiyasi amalga oshirildi.
* Viloyatda ilk bor mahalliy byudjetdan chin yetimlarga uy-joy uchun mablag‘ ajratildi.
Hayotimizni yaxshilayotgan «ilk» sifatli o‘zgarishlar
Bu kabi «ilk bor…» jumlalari bilan bog‘liq yangiliklarni respublika miqyosida qidiruvga berganimda ularning sanog‘ida adashib ketdim. Haqiqatan ham keyingi yillardagi ba’zi yangiliklar hayotimiz, turmush tarzimizga asta-sekinlik bilan o‘zgartirish kiritdiki, ularning ba’zilari haqida gapirmasa bo‘lmas. Faktli yangiliklardan bugungi axborot tezkorligi davrida barchamiz soniyalar ichida boxabar bo‘lib, ularni osongina hazm qilib yuboramiz. Garchi, ushbu qisqa xabarlar ortidan yuzlab, minglab insonlarning taqdiri ijobiy tomonga o‘zgarsa-da, ular faqat ma’lum bir toifadagi insonlarga tegishli bo‘lgani uchun ham ko‘p tarqalmaydi, uning ahamiyatini hatto o‘shalarning o‘zi ham kezi kelganda anglab yetmaydi. Deylik, viloyatdagi tibbiy klinikalardan birida, uyiga yaqin hududda yuragida ilk bor operatsiya o‘tkazgan inson bundan oldingi bemorlarning qancha mashaqqat chekkanini, poytaxtga yo chetga borishga majbur bo‘lganini bilmaydi va bu holatni tabiiy qabul qilib, hatto davolanishda nimalardandir norozi bo‘lib ketishiyam mumkin. Yoki Mehribonlik uyi bitiruvchisi yangi uyda yashay boshlaydi, ammo undan oldin akalari shu uyga erishmagani haqida o‘ylamaydi. Oliy ta’lim muassasasi o‘qituvchisi kecha ilmiy ish yozish uchun moliyaviy jihatdan qancha qiynalgani, bugun ularning maoshi boshqa soha xodimlarinikidan ko‘ra ancha salmoqli ekani haqida ham o‘ylab o‘tirmasa kerak. Ularni bu haqda o‘ylab ko‘rishlariga undamoqchi emasmiz. Balki axborot manbalarida «ilk bor» so‘zini ishlatmay to‘xtatilgan ba’zi holatlar, bevosita ma’lum bir kasb egalari, ammo bilvosita butun jamiyatning muammosiga aylangan «kampaniya»larga chek qo‘yilgani, shu orqali nafaqat u yoki bu tizim, balki keng ziyoli qatlamning faoliyati o‘zgarganini aytmoqchimiz.
Paxta darmonimizmidi, dardimiz?
Sovet ittifoqi davrida paxta kampaniyasi g‘oyaviy mafkura orqali ongimizga shu qadar singdirildiki, u bizning bebaho boyligimiz, xazinamiz, boquvchimiz va hokazo sifatlar bilan tafakkurimizni egallab oldi. Mustaqillik yillarida bu tushuncha yo‘qolmadi, ta’lim, tibbiyot xodimlarining paxta dalalariga safarbar etilishi ham to‘xtamadi. Bunday holatda ta’lim tizimi ham o‘zi istaganday ishlay olmadi, maktab dars vaqtlari bo‘shliqqa uloqtirildi. Shifoxonalarda bemorni qabul qiladigan shifokorlar topilmay qoldi.
Oliy ta’limda paxta bilan bog‘liq qanchadan-qancha noxushliklar sodir bo‘ldi. Xullas, paxta desak kimlardir aza ochadigan, kimlardir xursand bo‘ladigan (aynan ta’lim muassasalari, korxonalarning paxtaga chiqarilishi ortidan korrupsiya holatlari urchib ketgani tufayli) pallalar edi. Bu haqda yozilgani, aytilgani hammasi samarasizligicha qolaverdi.
Yaqinda eshitganim, bir fakt bilganlarim ichida eng dahshatlisi edi. «To‘g‘ri, keyingi yillarda farzand asrab oluvchilar soni ko‘payib, ularning navbati cho‘zilib ketgani rost. Bu bevosita bolalar uyida go‘daklar soni kamaygani bilan bog‘liq. G‘alatiroq eshitilar sizga, lekin bir kichik haqiqatni aytaman. Yoshlarning paxta terimiga chiqmasligi go‘daklar sonining kamayishiga ham sabab bo‘ldi», deydi mas’ullardan biri.
Eng tashvishli, eng og‘riqli, aytishga til bormaydigan tomoni ham shu emasmi aslida.
Bugun paxtani ekishdan tortib, uning terimi boshlangani haqidagi «dolzarb» xabarlar allaqachon ommaviy axborot vositalarining birinchi sahifalaridan o‘rin olmaydigan bo‘ldi. Paxta ham o‘zbekistonliklar yetishtiradigan yuzlab o‘simliklar qatoridan o‘rin oldi, «oltin taxti»dan tushdi.
Hashar bo‘lmagan «hashar»
Yil-o‘n ikki oy o‘qituvchi-yu shifokorni ko‘chaga olib chiqadigan, hech tugamaydigan «obodlik» masalasi ham jamiyatda ziyolilarning obro‘yini anchagina to‘kib qo‘ydi. Ba’zi o‘qituvchilarning aynan shu masalalar tufayli ko‘nglidagi alamlari uzoq yillar ularni qiynadi.
- Maktabimizga yaqin bo‘lmagan, shahar markaziy ko‘chalarini supurib-sidirish doimiy ishimizga aylanib qolgandi, - deydi Samarqand shahridagi o‘qituvchilardan Violeta Rasulova. – Boshida biroz uyalib chiqqan bo‘lsak, keyinchalik bunga ko‘nikib ham qoldik. Bir marta xorijlik sayyohlar biz supurib-sidirayotgan ko‘chadan o‘tib qoldi. Qaysidir manzilni izlashayotganini sezdim. Ingliz tilidan dars berganim uchun ularga yo‘l ko‘rsatdim. Shunda ular o‘qituvchiligimni bilib, nega ko‘cha supurish bilan mashg‘ulligimga qiziqdi. «Vatanimizning har qarichi obod bo‘lishini istaymiz, shuning uchun shahar tozaligiga hissa qo‘shamiz», deb kulib javob berdim. Kuldimu, lekin ichimda yig‘ladim, qadrimga, kasbimning xorligiga achindim.
– O‘qituvchining el orasida obro‘siz bo‘lishi sohaga tasodifiy odamlarning kirib kelishiga zamin yaratdi, - deydi urgutlik o‘qituvchi. - Umuman, ta’lim tizimida muallimning sun’iy obro‘sizlantirilishi ko‘plab muammolarni keltirib chiqarishini sanab o‘tish ham shart emas, nazarimda.
Bizni eshityapti!
Jamoatchilik nazorati, fikri kabi tushunchalar bir necha o‘n yillab minbarlar, yig‘ilishlar, anjumanlarning bosh mavzusiga aylandi. Hech minbardan tushgisi kelmadi. Mana, bir necha yildirki, aholining jamiyatdagi u yoki bu o‘zgarishlarda bevosita ishtirok etayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Avvaliga bu ishtirok asosan ekologiya masalalari bilan bog‘liq bo‘ldi. Deylik, daraxtlarning kesilishi bilan bog‘liq muammolar ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p aytilgach, bunga qarshi jiddiy kirishilgani, tegishli tashkilotlarning unga qarshi kurashda dadillashganini his qildik. Qoidabuzarliklardan tortib, u yoki bu sohadagi intizomsizlik, mas’uliyatsizlarning olib chiqilishi boshqarmalarni ham yangicha ishlashga o‘rgatayotgani sir emas.
Xabaringiz bor, yaqinda Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayev aholining noroziligiga sabab bo‘lgan, shahardagi bir binoning buzilishi bilan bog‘liq voqeadan so‘ng to‘g‘ridan-to‘g‘ri shu holat bo‘yicha aholi bilan muloqotga chiqdi. Buning ortidan ijtimoiy tarmoqlarda turli talqinlar, fikrlar bildirildi.
Ammo mazmun jihatidan bu jamoatchilik nazorati va uni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan juda muhim qadam bo‘ldi. Bugun davlat dasturiga kiritilayotgan ko‘plab loyiha, vazifalar shunchaki emas, quyi idoralarda mehnat qilayotgan xodimlarning fikrlari ham inobatga olinayotgan holda amalga oshirilayotgani ham yana bir marralardan biri. Jamoatchilik fikri bilan ishlash mexanizmining namunasidir.
Yangi marralarga eski muammolar to‘siq bo‘lmaydi
Biz sezib-sezmay hayotimizni o‘zgartirib borayotgan yangiliklar kam emas. Oyda bir kelmaydigan chiqindi tashish mashinasining har hafta kelayotgani, bunday xizmat qishloqlarda ham ish boshlagani, ko‘cha obodligi uchun tashkilotlar xodimlari emas, o‘z sohasining egalari javob berayotgani, «tez yordam»ning tezlashgani, odamlarning muammosini tinglash shakllanayotgani, ularning yechimi izlanayotgani, test tizimidagi qallobliklarga chek qo‘yilgani kabi o‘nlab yangi eshiklar, yorug‘liklarning kirib kelishi kundalik hayotimizdan, kelajagimizga qadar daxl qiladigan holatlardir.
Ehtimol, o‘ylamaganimiz ham ma’quldir, axir biz Yangi O‘zbekiston sari qadamlarni dadil tashlayapmiz. Bu qadamlar esa mamlakatimizning yorug‘ kelajagini kutish emas, uni hozir ko‘rish hissi bilan sug‘orilgan.
Gulruh Mo‘minova.